Berdimurod xo‘jayininikiga kelganida qosh qorayib qolgandi. Baxtga qarshi darvozani xizmatchi emas, Lazokat ochdi. Ochdi-yu, bo‘lajak erining bo‘yniga osildi va birdan ortiga tisarilib, qovog‘ini soldi.
— Sizdan duxi hidi kelayapti, Berdimurod aka.
— To‘ppa-to‘g‘ri, — iljaydi Berdimurod, — bugun naq yarim vagon duxi sotdim. Xursand bo‘lganimdan ishchilarga qarashib ham yubordim.
Berdimurod shunday dedi-yu, aqliga o‘zi tan berdi. “Hammaning ham kallasiga bunaqa gap kelavermaydi”, xayolidan o‘tdi uning. Lazokat uning aldayotganini bilib tursa-da, ayni chog‘da Berdimurodning vaziyatdan chiqib ketishini istardi.
— Yaxshi, — dedi u xursandligini bildirmay. — Yuring uyga.
Lazokat Berdimurodning ishonchini to‘la qozondim, endi xiyonat ko‘chasiga kirmayman, bitta erga qanoat qilib yashayman, degan o‘yda edi. Onasi ham xiyonatning oqibati yomon bo‘lishini rosa qulog‘iga quygandi. Erim ham boshqa ayollarga ko‘zini suzmasa, faqat meni deb yashasa, derdi. Ammo bu xomxayol ekani hoziroq ayon bo‘ldi. “Har kim qo‘lidan kelgancha yashaydi-da”, degan xulosaga keldi Lazokat.
Berdimurod bo‘lg‘usi qaynotasi — Xalil boyvachchaning yoniga kirayotib Nilufarga duch keldi. Beixtiyor ikkalasining ko‘zi to‘qnashdi. Shu lahzada u Lazokatga uylanishga rozilik berib, katta xato qilganini fahmladi, ichida afsuslanishga ham ulgurdi. Lekin endi bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i singigan edi.
Garchi Nilufar ham tikilib qaragan esa-da, «yilt» etgan uchqun yo‘q, aksincha, “Uylanayotgan qizing sen o‘ylaganchalik soddamas, ehtiyot bo‘l”, qabilidagi ma’no zohir edi.
Bir qo‘lida pivo shishasi, ikkinchisida tutayotgan sigaretani qistirgan Xalil boyvachcha oromkursida ko‘zlarini yumib xayol surayotir. Berdimurod kirganida, boyvachcha kimligini bilmasa-da, sharpani sezib ko‘zini ochdi. Berdimurodni ko‘rib yuziga tabassum yoyildi.
— Keling, o‘g‘lim, — dedi yumshoq ovozda. — O‘zi sizni kutib o‘tirgandim.
Berdimurod ro‘paradagi yumshoq stulga o‘tirdi.
— Pivo ichasanmi? — sensirab avvalgi holiga qaytdi Xalil boyvachcha.
— Siz bilan ichish sharaf-ku, — iljaydi Berdimurod.
— Unda anavi shkafni och, “Bavariya” bor, Germaniyada chiqarilgan. Biz senlarga o‘xshab soxtasini ichmaymiz. Bitta ichsak ham, tozasini ichamiz.
— Sizga tozasi yarashadi-da, ustoz, — yaltoqlanib o‘rnidan turdi Berdimurod.
“Bachchag‘ar, — o‘yladi boyvachcha, — xushomadga suyaging yo‘q-da. Endi menga kuyov bo‘lding hisob, asakang ketsayam ozgina o‘zingni erkin tut. Yaltoqlanma, odamga o‘xshab o‘tir”.
— Xo‘jayin, — dedi Berdimurod pivoni olib, joyiga o‘tirarkan, — Doniyorning o‘rniga anavi Boburni safimizdan chiqarsak bo‘larkan.
— Birinchidan, endi og‘zingdan «xo‘jayin» degan so‘zni eshitmay. Ikkinchidan, menga latta bolalar kerakmas, — Xalil boyvachcha achchiqlandi.
— Unda, — dedi Berdimurod pivo simirib, — ikkoviniyam tinchitgan ma’qulmi, deyman. Boburdan ham yaxshilik chiqmaydiganga o‘xshaydi. Avzoyi boshqacha.
— Unday bo‘lsa, o‘zing hal qilib kelavermadingmi? — boyvachchaning peshonasi tirishdi.
— Sizning ruxsatingizsiz qilolmayman-da.
— Bu ishing durust. Lekin Bobur menga kerak. Avval aytmagandim, endi sen menga begonamassan… Xullas, uning otasidan o‘n kilodan ziyodroq tilla qolgan.
Berdimurodning ko‘zi olayib ketdi:
— O‘n kilo?!
— Nima, o‘n kilo shunchalik ko‘pmidi, bo‘g‘ilasan, odamning ko‘zi bunchalik och bo‘maydi… Lekin Bobur buni bilmaydi. Oyisi bilishi mumkin. Hotam aka, deyishardi Boburning otasini. To‘rtta sherigi bilan o‘lishidan bir yil avval Qozog‘istonga borgan. O‘sha yoqda nima sotgan, nima qo‘ygan, bilmayman… Balki birorta bankni o‘margandir. Xullas, o‘n kilo oltin bilan qaytishgan. Tillani toqqa yashirishgan, deb eshitganman, lekin qaysi toqqa — bunisi noma’lum. Keyin sheriklar bilan ketayotgan avtobus jarlikka qulab, hammasi o‘lgan. Tilla ko‘milganidan keyin olti oy o‘tib shunday bo‘lgan.
— Siz… Sizga aytishganmidi?
— Bittasi bilan oldi-berdim boridi. Bir kuni choyxonada o‘tirib rosa ichdik. U mast bo‘p qoldi — bilmay aytib qo‘ydi. Lekin parazit, qancha so‘ramay, qayerga yashirgani haqida lom-mim demadi. Baribir o‘zlarigayam buyurmadi-ku, o‘lib ketishdi. Tanishimning ota-onasi yo‘q, xotini bilan ham ajrashgandi.
— Unda, hozir Bobur kasalxonada, uyiga borib onasini majburlasam, aytar. Bilib olganimdan keyin, uni gumdon qilib sizga adresni opkesam…
— Berdimurod, menga kuyov bo‘layapsan-u, lekin haliyam dovdirliging bor. Biz Boburning kasalxonadan chiqishini kutishimiz kerak. Keyin uning o‘zi yordam beradi. Albatta, mening ta’limimni olganidan keyin. Ish bitgandan so‘ng sen uni adasining ortidan jo‘natasan.
* * *
Baron baribir niyatiga yetdi: ikkala qiz ham uning ko‘nglidagi ahvolga tushdi. Safaridan xursand bo‘lib qaytgan Baron dam olayotib qizlarni eslab qoldi va Hasanni chaqirib, ularni o‘radan chiqarishni buyurdi.
Lola Nargizaga qaraganda ancha chayir ekan, Baronning qarshisida ham qomatini tik tutib turardi.
— Oy, mening ohularim, — dedi Baron o‘zining tilida qizlarning atrofida aylanarkan, — qiynalib qolibsizlar-ku.
— Senga shu kerak edi. Mana, niyatingga yetding. Endi o‘ldir, sening kuching faqat ayollarga, qizlarga yetadi! — dedi g‘azab bilan Lola. U o‘limni bo‘yniga olgan, lekin shungacha Baronga obdon ninasini sanchib olmoqchi edi. Baronning ko‘zlari qahrdan yonib, g‘azabi qo‘zidi. Shartta pichoqni olib, Lolani so‘yib tashlamoqchi bo‘ldi, biroq shashtidan tushdi. Bunday qilsa, “uloq” qizda ketar — u oson qutulardi. Baron Lolaning yuziga tarsaki tushirish bilan qanoatlandi. Qiz darmonsizligidan kuchsiz zarbaga ham dosh berolmay yiqilib tushdi.
— Sening boshingga tiling yetadi, maraz! — so‘kindi Baron. — Yaxshi ko‘ruvdim. Xotinim bo‘lganingda maza qilib yasharding. Endi teringni shilib, tuz quyib jazolamayman. Bu, o‘zing aytganingday, sha’nimga to‘g‘ri kelmaydi. Sen manjalaqini hozir cho‘lga, hech kim yo‘q joyga olib borib, qo‘yib yuboraman. Yarim soatdan so‘ng orqangdan quvib yetib olaman — shunda ahvolingga maymunlar yig‘laydi. O‘liging dalada qoladi, itlarga yem bo‘lasan.
U Lolaning qo‘rqib yig‘lab yuborishini kutgandi, biroq qiz tik qarab turaverdi. Bundan battar jahli chiqqan Baron endi tepkilashga tushdi. Bu safargi zarba ancha kuchli edi, ammo qiz dodlamadi, jim yotdi. Faqat Nargiza Lolaning boshini silab yig‘lab yubordi.
— Olib chiq! — baqirdi Baron yigitlariga. Sherning qorni to‘yib, o‘laksani chala tashlab ketishini kutib turgan shoqollarday shotirlari qizlarga tashlanib, bir zumda oyoq-qo‘llarini bog‘lashdi. Og‘izlariga latta tiqishga Baron qo‘ymadi:
— Miyasi chiriganlar! O‘zi o‘lay deyapti-yu, tag‘in latta tiqasanmi!
“Aytilgan gap — otilgan o‘q”. Yigitlar qizlarni arqondan bo‘shatishib, tashqariga olib chiqishdi-da, mashinaga o‘tqazishdi.
Hovlidan chiqib jo‘nagan bir juft mashina qirga burildi. Ularning birida Nargiza bilan Lola va Baronning ikkita odami o‘tirardi. Baronning o‘zi esa, Hasan bilan oldingi mashinaga chiqqandi.
Yo‘l-yo‘lakay Lola shumlik qilib, shu bilan Baronning changalidan chiqib ketmoqchi bo‘ldi: haydovchining yonidagi yigitning yelkasiga sekin qo‘lini qo‘ydi.
— Iltimos, — dedi u yigit ortiga o‘girilganida o‘zining lahjasida, — orqamda nimadir o‘rmalayapti, qashiy desam qo‘lim yetmaydi. Dugonamning darmoni yo‘q aytay desam.
Yigit o‘shshayib, patak bo‘lib ketgan soqolini qashladi. So‘ng haydovchini turtib:
— Eshitdingmi, orqasini qashib qo‘yarkanman. Moshinni to‘xtat, — dedi.
— O‘lging kelayaptimi? — e’tiroz bildirdi haydovchi. — Moshin to‘xtasa shef teringni shiladi.
— Bo‘lmasa moshinning ichida qashib ketaverarkanman-da. Bizga nima farqi bor. Shundaymi, Lolichka?
— Odammassan birortang. Men to‘g‘ri ma’noda aytgandim. Darrov boshqa yoqqa burasan… Lekin alam qilayapti-da. Men tengi lo‘li qizlar maza qilib yurishibdi. Bir-ikkitasini bilaman, ikkitadan er qilib olgan. Men bechora…
— Xo‘jayinga nega tegmading? Senam maza qilib yurarding.
— Fu, unga tekkandan ko‘ra ho‘kizga tekkanim ming marta yaxshi. Masalan, senga tegardim, menga senday yigitlar yoqadi. Manavi ham, — deya o‘zini taqdirning izmiga tashlab qo‘yib, befarq bo‘lib qolgan Nargizani ko‘rsatdi u, — senga tekkan bo‘lardi.
— He, — haydovchi iljaydi, — bizam erkaklikni boplaymiz. Lekin endi kech, ikkovingam zo‘rsilar-ku-ya… Xo‘jayin nima desa shu.
— Nima, undan qo‘rqasilarmi?
Bu savol yigitlarga og‘ir botdi. Haydovchining yonidagisi ortiga burilib xo‘mrayib qo‘ydi-yu, biroq bir nima deyishga botinolmadi.
Shu bilan gap uzilib qoldi. Niyatiga yetolmagan Lola alam bilan tashqariga qaradi. Yo‘l chetida bitta-yarimta daraxt uchrar, mashina tobora qirga tirmashib balandlab borardi. Lola cho‘lga emas, toqqa ketishayotganini payqadi. Tuyqusdan eshikni ochib sakrab tushib qolsam-chi, degan xayolga bordi-yu, darhol niyatidan qaytdi. Baronning tepkisidan biqini hanuz og‘rir, ustiga-ustak, tinka-madori qurigan, qolaversa, Nargizani tashlab ketolmasdi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi