date
views 3 449

Omonat gʻor siri (30-qism)

Omonat gʻor siri (30-qism)
Lola qirdan enib yugurib ketarkan, biror ungurmi, jarmi chiqib qolsin-da, deb iltijo qilardi. Balki shunda omon qolar, Baron topolmay oʻtib ketar, degan umid koʻnglidan kechdi. Biroq u yanglishayotgandi, chunki Baron bu joylarning har bir qarichini kaftidagi chiziqlarday yaxshi bilardi. Hatto Lolaning qaergacha chopib bora olishini chamalab qoʻygandi. Qiz oʻzicha juda tez yugurayapman, deb oʻylar, aslida esa uning yugurishi ildam yurayotgandan farq qilmasdi.

— Saniy navbatiyng. Endiy san yugurasan, man mazza qiylaman. Iykoviyngniy biyr qiyliyb ushlayman, — dedi Baron va Nargizaning elkasidan itarib yubordi. Buni kutmagan qiz oldga qalqib ketdi, biroq yiqilmadi. Loʻlilarning xojasiga koʻzini olaytirib bir qarab oldi-da, Lolaning ortidan chopishga tushdi. U dugonasidan koʻra jadalroq chopar, chunki hali Barondan kaltak eb, azob tortmagandi. Goh yiqilib, goh surinib ildamlayotgan Lolaga etib olgan Nargiza uning koʻylagidan ushlab toʻxtatdi.

— Lola, shoshma! Boʻldi, etar, — dedi u hansirab nafas olarkan, — men qutulish yoʻlini bilaman. Bizga boylikdan nomusimiz azizroq. Hoziroq Baronni toʻxtataman. Kerakmas oʻsha tillolar menga. Tupurdim boylikka!

Lola Nargizaga hayratlanib tikilgancha qotib qoldi, hatto peshonasidan oqayotgan terni artishni ham unutdi.

— Adajonim rahmatli meni yana bir bor qutqarib qoladiganga oʻxshaydi. Ular menga oʻn kilo oltin meros qoldirgandi.

— Saniy maynang aynagan! — unga baqirdi Lola, — qochamiyz. Qutulamiyz! Tiylong oʻziyngga qoladiy.

Lola Nargizaning qoʻlidan ushlab tortqiladi. Ular bilan Baronning orasidagi masofa yuz metrlarga etganida loʻlilar xojasi shotiriga imlab “olib kel” degan ishorani qildi. Rangi qozonning kuyasidan sal beriroq, jingalak soch loʻli yigit mashina yukxonasini ochib, kamonni oldi. Baronning kamon bilan “ov” qilishini hatto shu paytgacha Hasan ham bilmasdi. U: “Agar Baron qizlarni quvib etolmasa, miltiqni ishga solsa kerak, mabodo bizga buyursa ikki hatlab ushlab olamiz”, degan xayolda edi.

— Hasan, man osmondagi chumchuqni koʻzidan uradigan ovchilardanman, shuni sanga koʻrsatib bir maqtanay, degandim, — dedi Baron loʻli lahjasida yordamchisiga tirjayib qarar ekan.

Hasan gap qotmadi, xojasini ma'qullab irjayib qoʻydi.

Birinchi oʻq ancha tepadan oʻtib ketdi. Buni goh yugurib, goh tez yurib ketayotgan qizlar koʻrishmadi ham. Shunda Baron ikkinchi oʻqni kamonga joylab, Lolaning belini moʻljalga oldi. U negadir birinchi galda oʻz qavmining qizini oʻldirmoqchi boʻldi, biroq shu payt Lolani Nargiza toʻsdi.

Baronning jahli chiqib soʻkindi, ikkinchi oʻq nishonga aniq tegishini istayotgan edi u. Birinchisi xato ketib, yigitlarining oldida noqulay ahvolga tushgandi. Agar tagʻin nishonni ololmasa oʻziniyam, yonida tirjayib turgan yigitlarni ham, qochib ketayotgan qizlarni ham kechirmasligini, hammaning kunini koʻrsatishini shotirlari sezib turishardi.

Uzoq moʻljalga olib turishning ham iloji yoʻq, chunki nishon borgan sari yiroqlashib ketardi.

Kamondan otilgan oʻq toʻgʻri Nargizaning ustiga qarab uchdi. Hozir joyida toʻxtasa, oʻq toʻgʻri boshiga sanchiladi. Qiz kamonning oʻqi etguncha uch-toʻrt qadam tashlashga ulgurdi.

— Nargiza! — qichqirib yubordi ortiga burilib dugonasining qoʻlidan tortmoqchi boʻlgan qiz kamon oʻqini koʻrib yuragi qinidan chiqquday, — tez boʻl, anaviy maraz otyaptiy!

Nargiza Lolaning gapini shu ondayoq fahmladi: “Agar toʻxtasam, meni otib oʻldirishadi”. U tezroq yugurishga, biror panaroq joyga yashirinishga urindi.

Navbatdagi oʻqni otishga Baron ulgurmadi, qizlar qiyalikka etib kelishgan, oldinda chopayotgan Lolaning darmoni butkul qurigan, yugurish tugul, yurishga ham madori qolmagandi. Shu bois, oʻzini erga tashlab dumalay boshladi. Qovjiragan oʻt qoplagan qiyalikning har-har joyida mayda toshlar, qurib-qovjirab yotgan shox-shabbalar yotardi. Agar falokat bosib Lola ularga urilsa, shuncha azoblangan tanasi yana shikastlanishi tayin edi.

Lola dumalar, goʻyo Er atrofida charxpalakday chirillab aylanardi. Nargiza esa allaqachon undan oʻtib ketgan, oyoqlari oʻziga boʻysunmas, parrakday quyiga enardi. Uning nozik oyoqlari qushday engil jussasini ham koʻtarolmay qoldi, u bir oʻydim-chuqurchaga qoqilib, qichqirgancha quladi va enishga qarab dumalab ketdi.

Taqdir bu safar ularni siyladi: soyda, bulutday mahobatli yongʻoq tagida bir toʻda talaba yigit-qizlar toʻkin dasturxon atrofida davra qurib oʻtirishardi.

Nargizaning chinqirganini eshitib oʻzlarining ustiga yumalab kelayotgan odam jasadini koʻrishib, shoshganlaridan qir tomonga yugurishdi.

Bu paytda qirning boshida Baron kamonini asabiy ushlab qarab turar, ovi oʻngidan kelmaganiga koʻzi etgandi. Uning yuzida ayanchli kulgi paydo boʻldi.

— Tirik qolmaydi ikkoviyam, — Hasanga qarab qoʻydi u, — suyaklari majaqlanib ketdi. Lekin mening oʻqimdan oʻlmagani alam qilayapti. Hasan, endi yigitlaring bilan sen ov qil. Tirik boʻlishsa, oʻldirib tashlanglar. Unaqangi manjalaqilarning menga keragi yoʻq.

Hasan besh-olti qadam yurib, keskin toʻxtadi-da, tepaga — xojasiga qaradi. U yumalab ketayotgan qizlarga qarab yugurib kelayotgan bir toʻda odamni koʻrgandi.

— Qaytamiz, — buyruq berdi Baron va shitob bilan mashinalar turgan tomonga yurdi.

Baron qizlarning jon taslim qilganiga shubhalanmas, mabodo tirik qolishganda ham, shotirlariga buyurib, kasalxonada oʻldirtirish qoʻlidan kelardi. Mashinaga bor-yoʻgʻi ikki qadam qolganida u birdan toʻxtadi: Lolaning tirik qolishi Baronning kuni bitdi degani, chunki bu oʻjar loʻli qiz sogʻ qolsa, kasalxonaga etmasidanoq uni sotishi tayin. “Yoʻq, oʻlganiga toʻliq ishonch hosil qilishim kerak”, oʻyladi u va shahd bilan ortiga qaytib qirga chiqib kelayotgan yigitlarini toʻxtatdi.

— Hasan, ularning oʻlganini aniq bilishimiz kerak, — dedi va oʻzi hammadan oldin quyiga ena boshladi.

Ammo endi kech edi, Baronda ortiq imkon qolmagandi. Soydagi talabalar qizlarga etib kelishib, ularni qoʻrgʻalab turishardi. Ammo loʻlilar sardori qoʻrqmadi, choʻntagidagi toʻpponchasiga ishondi. Shu birgina toʻpponcha bilan yuzlab odamlarni bemalol qoʻrqitish mumkinligini u juda yaxshi biladi.

Nargizani bir talaba yigit ushlab toʻxtatib qoldi. Qizning oʻng qoʻli singan, pastki umurtqasi lat egan, yuz-koʻzlari timdalanib, burnidan qon oqardi.

— Qutqaring, qutqaring, bizni oʻldirishayapti, — deya oldi u, xolos.

Yigit qizni dast koʻtarib, soy tomon tushib ketdi.

Lola esa, allaqachon hushidan ketgandi. Qizlarni soyga olib tushishgach, Nargiza ham hushidan ketdi.

Talabalarning shovqinidan, mikroavtobusini butalarga qadab qoʻyib, oʻzi soyada pinak qilayotgan haydovchi uygʻonib, ular tomon yugurdi.

— Mashinaga olib chiqinglar, tez boʻlinglar! — qichqirdi u yigitlarga.

Shu mahal qoʻlida toʻpponcha ushlagan, vajohatidan it hurkadigan Baron shotirlari bilan soyga tushib kelishdi. Bu paytda hali mikroavtobus joyidan jilmagandi.

* * *

Lazokatning tagʻin xayoli buzildi, bir kundan ortiqqa chidolmadi. Ustiga-ustak, Berdimurodning ust-boshidan buruqsigan atir hidi uning oʻy-xayolini toʻzgʻitib yuborgandi.

U sumkachasini elkasiga ilib, uydan chiqib ketayotganida Nilufar roʻpara keldi.

— Qaerga ketayapsan? — soʻradi u qoshlarini chimirib.

— Oyijonim sizga aytmadilarmi?.. Unda oʻzim aytay: qaerga ketishim bilan sizning umuman ishingiz boʻlmasin. Sizdan oldin erga tegib ketayapman. Bundan bu yogʻiga katta uyning u boshidan bu boshiga dumalab yashayvering, birov sizga xalaqit bermaydi.

Uning gaplarini Nilufar tishini tishiga bosib eshitdi. Tagʻin vaysashni ozgina davom ettirganida, u Lazokatning yuziga shapaloq tortib yuborishdan oʻzini tiyolmasdi.

— Hmm, — dedi gapini tugatgan Lazokat aftini burishtirib va opasi qoʻlidan tutib qolishidan qoʻrqib, yugurgancha darvozadan chiqib ketdi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda oʻqiysiz)

Manba: hordiq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Omonat gʻor siri (30-qism)