22:32 / 30.09.2017
7 089

Omonat g‘or siri (32-qism)

Omonat g‘or siri (32-qism)
Avval Nargiza ko‘zini ochdi. U qayerdaligini anglay olmay, begonasirab atrofga alangladi. Tepasidagi oq xalatli odamlarga ajablanib qaradi. So‘ng so‘nik ovozda:

— Men qayerdaman? — deya so‘radi.

— Xayriyat, — dedi oppoq sochli do‘xtir qansharidagi ko‘zoynagini olib, — o‘zingga kelding. Qo‘rqitding-ku, qizim.

— Men qayerdaman? — qayta so‘radi Nargiza.

— Yaxshi joydasan, kasalxonadasan, — dedi do‘xtir jilmayib.

— Suv bering, — qiz quruqshab qolgan lablarini yaladi.

Iliq suvga Nargiza to‘ymay, yana so‘radi. Lekin bu safar unga suv berishmadi.

Shu orada palataga militsiya kiyimidagi ikki kishi kirdi. Ularning yuzi tashvishli, bir qarashda ular og‘ir mehnatdan toliqqanga o‘xshardi. Boshidan o‘tgan voqealarni hali xotirasida tiklay olmagan qiz hayron bo‘ldi.

Militsionerlar Nargizadan hol so‘rab, keyin maqsadga ko‘chib qo‘ya qolishdi.

— Qizim, seni kim bunday ahvolga soldi? — so‘radi ulardan yoshi ulug‘rog‘i.

— Menga? — Nargiza oyoqlari, qo‘llariga, keyin tanasiga bir qur nazar tashladi. Hammayog‘i oppoq doka bilan o‘rab tashlanganini ko‘rib, yig‘lamsiradi. — Men nega bunday yotibman?

— Qizim, — dedi yumshoq tovushda militsioner, — sen tog‘dan yiqilib dumalab ketgansan. Ortingdan besh-oltita odam quvgan…

Nargizaning ko‘z o‘ngida boshidan o‘tgan voqealar gavdalandi, kipriklari namlanib, hiqillab yig‘lashga tushdi.

— Endi qo‘rqma, qizim, hammasi ortda qoldi. Biz, albatta, ularni ushlaymiz. Ular kim edi?

— Bilmayman, — dedi Nargiza burnini tortib, yig‘lashdan to‘xtamay.

Ikkalasi zax o‘rada yotishganida u Lola bilan shunday qarorga kelishgandi: “Agar bu yerdan omon-eson qutulib chiqsak, hech kimga aytmaymiz, qasdimizni o‘zimiz olamiz. Militsiyaga aytsak, bu itlar qamalib chiqqanidan keyin yana boshimizga balo bo‘ladi”.

— Men senga eslataman, — dedi militsioner Nargizaga jiddiy qarab. — Tog‘dan pastga yumalab ketayapsan. Orqangdan kimlardir quvlab kelayapti… Esladingmi?

Qiz eslagandek bosh silkidi va o‘sha odamlarning kimligi takror so‘ralganda Nargiza nafasini rostlab olib, ukasini ko‘rgani kasalxonaga borganidan keyingi voqealarni birma-bir gapirib berdi. Faqat Lola ikkalasini o‘g‘irlagan Baronning odamlari ekanini, ularning makonini aytmadi, yashirdi.

— Taxminan, — dedi u, — shahar tashqarisi bo‘lsa kerak. Yanayam aniqrog‘i, dala-hovli. Ular bizni qaysi yo‘l bilan olib ketishganini bilmayman. Hushimdan ketgandim.

Voqea sodir bo‘lgani aniq, lekin aynan kimlar va qayerda bu ishni qilishgani noma’lumligicha qolmoqda edi.

Militsioner ular saqlangan joy qayerga o‘xshashini, atrofida nimalar borligini qayta-qayta so‘radi. Lekin tayinli bir gap ololmadi, qiz bir so‘zda turaverdi. Shundan keyin Nargizani o‘z holiga qo‘yishib, chiqib ketishdi. Ularning savol-javobi paytida Lola ham hushiga keldi va uni so‘roqqa tutishdi. Ammo lo‘li qizdan deyarli ma’lumot olisholmadi. Nihoyat maxsus guruh shahar tegrasidagi dala-hovlilarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun jo‘nab ketdi.

Ertasiga ikkala qizni ham shaharga olib borishib, yaxshilab ko‘rikdan o‘tkazishgach, bitta palataga yotqizishdi. Shundan so‘nggina Boburga opasi topilgani haqida xabar yetdi.

Qayg‘udan qovrilib, ko‘zlari kirtayib qolgan yigit xushxabarni eshitib, shifoxonaga qushday uchdi. Yonida Mirkomil hamroh bo‘ldi. Aslida bu xabarni uning o‘zi olib kelgan, ko‘nglida bu mashmashalarning tagiga endi yetaman, degan niyat bor edi.

Bobur palataga kirgan zahoti Nargizani quchib unsiz yig‘lab yubordi. Ularning o‘kinch, alam va iztirob to‘la yuraklari biror-bir so‘z aytishga izn bermas, tillari go‘yo muz qotgandek edi. Qaysi biri bo‘lmasin bir so‘z aytguday bo‘lsa, yuraklari dosh berolmay yorilib ketadigandek, har ikkisi o‘zini aybdor his etardi… Bobur boshini ko‘tarib, opasining yonoqlaridagi yoshni barmog‘i bilan ohista artdi. Nargiza ham ukasining kipriklariga qalqqan tomchilarni kafti bilan sidirdi. Ularni tosh qotib kuzatib turgan Mirkomilning ko‘ngli buzildi.

— Opa, meni kechiring, — dedi Bobur nihoyat gapirishga o‘zida kuch topib. Har qalay, yigitligiga bordi u. — Meni deb shu ahvolga tushib qoldingiz.

— Sening aybing yo‘q, — dedi Nargiza hamon o‘zini yig‘idan to‘xtatolmay. — Peshonamizga yozilgan ekan-da. Tuzalib chiqqaningga xursandman, xudoga shukur.

Shu payt palataning to‘ridagi karavotdan kulgan tovush eshitildi. Kulgi ohangi shodlikdan ko‘ra g‘amga, chorasizlikka moyilroq edi. Hamma o‘girilib qaradi, xonaga jimlik cho‘kdi.

— Biyza qarayng, Bobur, biz endiy bundoq. Siyz biyzniy ko‘rgoniy kelgon. Qiziyqmiy? — dedi Lola kulgidan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib, ko‘zidagi yoshni artar ekan. — Siyzniy o‘g‘iyrlamasun.

— Xudo asrasin, — dedi Nargiza yoqasiga tuflab. — Yetar shuncha ko‘rgan ko‘rgiliklarimiz.

— Hammasini onasini ko‘ziga ko‘rsataman! Tilka-pora qilaman! — Bobur qo‘llarini musht qildi.

Ukasining gapidan Nargizaning o‘pkasi to‘lib ketdi. Endi suyanadigan odami borligidan suyundi, ukasining qo‘lini ushlab, sekingina siqib qo‘ydi.

Shundan so‘ng oraga uzoq sukunat cho‘kdi. Hech kim gapirishga jur’at etmas, gapni nimadan boshlashni bilmasdi. Ora-sira Lolaning xo‘rsingani eshitilardi, xolos.

— Hammasi yaxshi bo‘p ketadi, — dedi nihoyat Mirkomil o‘rtadagi jimlikni buzib.

Hamma unga qarab qo‘ydi, biroq hech kim oraga gap qo‘shmadi. Mirkomil o‘zining bu yerda ortiqchaligini sezib, sekin o‘rnidan turib, eshik tomonga yurdi.

— Oyimlar yaxshimi? — so‘radi Mirkomil chiqib ketgach Nargiza. Bobur bu savolni kutgan, qanday javob beraman, deb ko‘p o‘ylagan, biroq tayinli javobi yo‘q edi. U boshini quyi solib, bir necha daqiqa jim qoldi. Nargiza ko‘zlari jovdirab, Boburga tashvishlanib qaradi.

— Nega jimsan, oyim yaxshimi? — qayta so‘radi u sabri chidamay.

— Hm-m, yaxshi… — yutinib qo‘ydi Bobur.

— Qayerda? — Nargiza uning gapiga ishonqiramay tag‘in so‘radi.

— Uyda…

Javobdan qizning ko‘ngli to‘lmadi. U oyisiga nimadir bo‘lganini ich-ichidan sezib turardi. Shunday bo‘lsa-da umidvor bo‘lib dedi:

— Agar oyim hali eshitmagan bo‘lsa aytmagin. Biroz oyoqqa turib olay, keyin bildirarsan. O‘zim hammasini tushuntirib beraman.

— Ha, shunday qilganimiz ma’qul, — uning gapini tasdiqladi Bobur.

Shu payt do‘xtir kirib, qizlardan birma-bir sog‘lig‘ini so‘radi. Keyin Boburga bemorlarni ko‘p urintirmaslikni tayinlab chiqib ketdi.

— Kim ekan sizlarni o‘g‘irlab ketgan? — dedi Bobur, shu fursat ichida u o‘zini qo‘lga olgandi.

— Keyin aytamiz, — dedi Nargiza, — hammasini o‘zim aytib beraman. Hali sening yordaming ko‘p kerak bo‘ladi, opang uchun o‘ch olishing kerak.

Nargiza o‘zi va faqat Lolaga ayon sirning bir uchini ukasiga aytgandi. U Boburga ishonar, uning birovga gullab qo‘ymasligini bilardi. Lekin uning shivirlab aytgan gapini nafaqat Bobur, balki ikki xona narida o‘tirgan maxsus xizmat xodimlari ham eshitishgan edi.

Lola bilan Nargiza yotgan xonaga allaqachon “quloq” o‘rnatilgan, bu palatadagi “tiq” etgan tovush ham ikki xona naridagilarga eshitilib turardi. Xodimlar sergak tortishib, Nargiza aytgan gaplarning tagiga yetish, Boburning o‘zboshimchalik qilib qo‘yishiga yo‘l bermaslik chorasini ko‘ra boshladilar.

Bobur uyiga tushkun kayfiyatda qaytib keldi. Uni Nargizaga azob bergan kimsalardan ham ko‘proq, onasining vafotini opasiga qanday qilib aytish qiynardi.
* * *
Xalil boyvachcha Berdimurod yetkazgan xabardan qattiq o‘yga toldi: “Boburning opasi kimga kerak bo‘lib qoldiykan? Onasining tasodifan o‘lib qolganiyam sirli. Tilladan boshqa birovning xabari bormi? Allaqachon o‘marib ketishgan bo‘lsa-chi, unda qo‘limni burnimga tiqib qolaveramanmi?” Boyvachcha siqildi, ketma-ket pivo ichib, sigareta tutatdi. Uni ayni damda boshqa hech narsa qiziqtirmas, ko‘z o‘ngidan faqat g‘or va uning bir burchagiga yashirib qo‘yilgan tillalar ketmasdi. Bir mahal o‘y o‘ylash joniga tegdi, shekilli, Berdimurodga qo‘ng‘iroq qilib, yigitlarini yig‘ib kutib o‘tirishni, o‘zi tezda yetib borishini tayinladi. Mashinasiga o‘tirayotganida kenja qizi darvozadan kirib keldi. Uning rangi o‘chgan, ko‘zlari bejo edi. Lazokatga qarash boyvachchaning xayoliga ham kelmadi. Xizmatkor darvozani ochishi bilan ko‘chaga chiqdi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (32-qism)