Mirkomilning tomog‘iga qattiq bir narsa tiqildi. U nima deyarini bilmay qoldi. O‘zi shundog‘am yolg‘on gapirdi. Hali yolg‘onlari oshkor bo‘ladi. Ammo buyruq shunday bo‘lgan! Nargizaga oilasi haqida faqat yaxshi gaplarni gapirishi, onasining vafotini zinhor tilga olmasligi kerak.
— Hali hammasi iziga tushib ketadi, — dedi u muloyim gapirishga urinib, keyin o‘ylandi: “Ochig‘ini so‘rasam-chi, mushuk-sichqon o‘ynashdan nima foyda? Vaqt o‘tayapti, jinoyatchilar juftakni rostlab qolishi aniq”. — Nargizaxon, men sizdan bir narsani so‘ramoqchiman. Siz, birinchi navbatda, ukangizni o‘ylashingiz kerak. Agar men so‘ramoqchi bo‘lgan gapni hozir aytmasangiz Boburjon qiynalib qoladi, — dedi u.
Uning bu gaplari “ssenariy”da yo‘q edi, shu boisdan ikki xona naridagilar sarosimalanib qolishdi.
— Tushunmadim, — dedi Nargiza, — nega u qiynalishi kerak?
— Siz unga kimlardandir o‘ch olish haqida aytibsiz. U hozir o‘shalarni qidirish bilan ovora. Qolaversa, o‘sha sizni olib qochganlar niyatlariga yetolmaganidan alamlarini Boburdan olishi mumkin. Shuning uchun biz ertaroq falokatning oldini olishimiz kerak. Kutishdan foyda yo‘q.
Nargiza tashvishlandi, haqiqatan ham, Barondan har narsani kutish mumkin. U o‘girilib Lolaga qaradi. Lola ham unga tikilib turardi. Nigohlari to‘qnashdi. Nargiza “Aytmasam bo‘lmaydi”, degan ma’noda ishora qilib, ko‘zlarini yumib ochdi.
— Siyz do‘xtiyrsiyz…
— Shuning uchun bu gapni sizlarga aytayapman-da, — deya Lolaning gapini bo‘ldi Mirkomil. — Menga bemorlarimning sog‘lig‘i muhim. Qolgani keyin ham bo‘laveradi.
— Baron, — dedi Nargiza, — asl ismini bilmayman, Baron deyishganini eshitdim. Lolaning aytishicha, ularning mahallasida turarkan. Lekin bizni lo‘li mahallaga olib borishmadi. Menimcha, uning dachasiga olib borishdi.
— Tushunarli, — dedi Mirkomil va sekin eshik tomon yurdi.
— Qayoqqa ketayapsiz? — dedi Nargiza hayajonlanib.
— Zudlik bilan uni qo‘lga olish kerak. Men xabar beray, natijasini sizga aytaman.
Maxsus guruh tezda lo‘li mahallaga jo‘natildi. Bu paytda lo‘li ayollar tirikchilik vajida shaharning gavjum joylarida yurishardi. Shunday bo‘lsa-da, tuyqusdan begona kishilar Baronning uyini o‘rab olgani birpasda shov-shuv bo‘lib ketdi. Lo‘liboshining uchta yigiti qo‘lga olinib, dala hovlisi aniqlandi va shu ondayoq maxsus guruh jo‘natildi.
Baron Hasan boshliq beshta yigitini qoldirib, boshqa shotirlarini o‘zi bilan olib ketgandi. Hasan ertami-kechmi, baribir, qo‘lga tushishlarini bilar, ammo u qochoq qizlarning tirik qolganiga ishonmayotgandi. Shu bois, qo‘qqisdan uyushtirilgan hujumdan gangib qoldi. U hatto mashinasiga o‘tirishgayam ulgurmadi — yuziga niqob kiygan barvasta yigitning yugurib kelib yon tomondan bergan zarbasidan so‘ng kallasi uzilib ketayozdi.
Dala-hovli tintuv qilinib, yigirma besh kilodan oshiq geroin va bir talay tilla buyumlar hamda o‘ttiz mingdan ziyod AQSh dollari qo‘lga olindi. Bular Baronning boyligining o‘ndan biri ham emas, u asosiy boyliklarini o‘zi bilan olib ketgandi.
* * *
Baron har safar Tojikistonga so‘qmoq yo‘llar orqali yashirincha o‘tib-qaytar edi. Bu gal uning omadi chopmay, tog‘da chegarachilarga duch keldi. U o‘zini butazorlar orasiga urib, jon saqladi. Olaqarg‘aday alanglab, o‘zi doim o‘tib-qaytadigan joyda posbon bo‘lib turgan ikkita askarning ketishini poylab bir kun kutdi. Biroq askarlar vaqt-vaqti bilan almashib turishardi. Baronni vahm bosdi, yigitlari bilan maslahatlashib yo‘l qidirishga tushdi. Vaqt esa, o‘tib borar, lekin qulayroq so‘qmoq topilmasdi.
— Bo‘ldi, — dedi u sabri tugab uchinchi kuni. — Hujum qilamiz. Sheriklari yetib kelguncha qochishga ulguramiz.
Ammo fursat boy berilgan, dala-hovlisida qolgan shotirlari qo‘lga olingach, Hasan Baronning qaysi yo‘l bilan Tojikistonga o‘tishini aytib bergan, natijada, allaqachon Baronning yo‘liga tuzoq qo‘yilgandi. U endi orqasiga ham qaytib ketolmasdi.
Chegarachilarning navbatdagi almashinuvidan so‘ng Baronning buyrug‘i bilan yigitlari qorovullarga hujum qilishga shaylanishdi. Biroq shu mahal yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, bir guruh niqoblangan yigitlar paydo bo‘lishib, yashin tezligida ularga tashlanib qolishdi. Baronning shotirlari nima bo‘layotganini ham anglashga ulgurishmadi. Safning oxirida ketayotgan Baron yonidan to‘pponchasini chiqarishga ulgurdi, xolos. Ikkita devqomat yigit yon tomondan otilib chiqdi. Ulardan biri Baronning qo‘lidagi to‘pponchani tepib yubordi, ikkinchisi esa qo‘llarini qayirib, lo‘liboshini yerga bosdi.
* * *
Mirkomilning Baronni gumashtalari bilan qo‘lga olishda ishtirok etishga ishtiyoqi zo‘r edi, biroq unga ruxsat tegmadi — maxsus tayyorgarlikdan o‘tmagani pand berdi. Lekin lo‘liboshini qo‘lga olishganini eshitib, yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Bu xushxabarni tezroq aytib, ko‘ngillarini ko‘tarish uchun qizlarning oldiga shoshdi.
U palataga kirib borganida Nargiza shiftga termilib yotar, Lola ko‘zini yumgancha xayol surish bilan ovora edi. Lo‘li qiz ko‘ngli cho‘kib, biror-bir jon achiri yo‘qligidan xo‘rligi kelardi. Nargizani ukasi, uning do‘sti kelib so‘rab turganiga Lola havas qilardi. “Meni birov so‘ramaydi. Hech kimga keragim yo‘q. Mabodo o‘lib qolsam, shundoq ko‘mib tashlashadi. Negayam lo‘li bo‘lib tug‘ildim-a? Axir, bolasi uchun jonini berishga tayyor lo‘lilar ham oz emas. Lekin menikilar… Barondan qo‘rqishadi ular. Hozir nomimni ham tilga olishmayotgan bo‘lsa kerak. Tavba, nega men ularga o‘xshamayman? Hech lo‘lilarga el bo‘lib ketolmadim-da. Nega ularning yashashi menga yoqmaydi? Bizning rizqimizni Olloh boshqalarning ustiga sochib yuborgan, tug‘ilganimizdanoq shu rizqimizni yig‘ib kun kechiramiz. Manglayimizga yozilgani shu bo‘lsa… Nega tilanchilik qilish menga malol keladi? Uyalaman…”.
— Sizlarga xushxabar olib keldim! — dedi Mirkomil eshikdan kirishi bilan. — Dushmanlaring qo‘lga tushdi. O‘ziyam Baron deganlari ancha “semirgan” ekan… Xullas, endi xavf-xatardan qutuldinglar.
Bu xabardan ikkala qiz ham ang-tang qolishdi, gapiray desa tillari aylanmas, yig‘lay desa ko‘zlariga yosh kelmasdi.
— Yana bitta yangilik bor, — dedi qizlarning yuz-ko‘zlaridan yuraklari to‘lib-toshib turganini ko‘rgan Mirkomil. — Bunisi Lolaxonga tegishli…
* * *
Xalil boyvachcha qorong‘ida eshikning ochiqligini ko‘rmadi. O‘ng oyog‘ini siltab tepmoqchi bo‘ldi-yu, qalqib ketib, chalqanchasiga gursillab yiqildi. Qo‘lidagi pichoq uchib ketdi, boyvachcha bolaxonador qilib so‘kindi.
Endi ko‘zi ilingan Lazokat shovqindan cho‘chib uyg‘ondi-da, ichkiyimda o‘rnidan turib, tunchiroqni yoqdi va bo‘sag‘ada o‘rnidan turmoqchi bo‘lib talvasaga tushayotgan otasini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
— Adajon! — dedi u hadik bilan. — Tinchlikmi, nega bu yerda o‘tiribsiz?
Xalil boyvachcha ko‘zlarida nafrat bilan qiziga tikildi. Bu qarash otaning qiziga tashlagan nazariga hecham o‘xshamas, unda yovuzlik, alam, o‘ch yaqqol aks etib turardi. Hozir ota emas, ko‘zidan o‘t chaqnayotgan maxluq, raqibini yanchishga otlangan qasoskor edi…
— Sen iflosni so‘yib tashlayman! — baqirdi Xalil boyvachcha eshikka suyanib o‘rnidan turarkan. U paypaslanib chiroqni yoqdi. So‘ng egilib pichog‘ini topdi.
— Adajon! — baqirib yubordi Lazokat qo‘rquvdan yuragi yorilguday.
— Adang yo‘q sening! Seni oying ko‘chadan orttirib kelgan. Tushundingmi?! Adang allaqachon o‘lib ketgan! Men senga begonaman! — Xalil boyvachchaning og‘zidan chiqayotgan gaplar o‘ziga ham haqiqatday tuyilib titrab ketdi. O‘zini aldangan, xo‘rlangan his etdi. Alam bilan oldinga talpinib “ko‘chadan kelgan qiz”ni bir yoqli qilish uchun unga yaqinlasha boshladi.
— Ada!.. Adajon! — qichqirdi Lazokat ortiga tisarilib.
— Hozir Nilufar uchun javob berasan. Uni qanday zaharlagan bo‘lsang, hammasini aytasan. Keyin men seni bo‘g‘izlayman. Qoningni ichaman!
— Adajon men… men qilmadim. Men… Men bilmayman… Adajon!.. — Lazokat titroq qo‘llarini ortiga cho‘zib, yostiqni ushladi va tobora yaqinlashib kelayotgan otasining yuziga qarata irg‘itib yubordi. Xalil boyvachcha buni kutmagan, o‘zi bir holda zo‘rg‘a oyoqda turardi. Yostiq “gup” etib basharasiga tekkach, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Cho‘k tushib qoldi. O‘rnidan sakrab turgan qiz o‘zini eshikka urdi. Xalil boyvachcha o‘zini o‘nglab, yonidan o‘qday uchib o‘tayotgan qizining oyog‘iga qo‘lidagi pichoqni sermab yuborishga ulgurdi. Ammo vahimaga tushgan Lazokat og‘riqni sezmadi, yo‘lakka chiqib bor ovozida:
— Oyijo-o-o-n! — deya chinqirdi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
Xitoylik hakerlar AQSHdagi 150 nafar siyosatchi ortidan josuslik qilgan bo‘lishi mumkin
Germaniyalik fermerning sigiri to‘rtta buzoq tug‘di
Rossiya Buyuk Britaniya diplomatiga qarshi keskin chora qo‘lladi