Dunyoda hamma narsa juft-juft yaratilgan: oy va quyosh, kecha va kunduz, yer va osmon, erkak va ayol, musbat va manfiy, issiq va sovuq, go‘zal va xunuk va hokazo. O‘z tabiatiga ko‘ra, ularning har biri ikkinchisiga turli jihatdan ehtiyojli qilib qo‘yilgan. Shu jumladan ayol va erkak ham har jihatdan bir-biriga ehtiyojlidir. Inson yolg‘izlikda halovat va saodat topmaydi. Albatta insonning baxti, jamiyatdagi mavqei va hayotda o‘z o‘rnini topishi bevosita oilasi bilan bog‘liqdir.
Erkakning jufti-imtihonidir
Huquqshunos Gulbahor Qulmatova “Oila mustahkamligi, saodati va farzandlarning har tomonlama komil inson bo‘lib shakllanishida mas’uliyat ko‘proq ayolga tushadi” degan edilar. Bu fikr ko‘p tomonlama haq ekani hayotda o‘z isbotini topgan. Ayolga ko‘p narsa bog‘liq. Oqila ayol oilani gullab yashnatadigan, farzandlarning baxtu kamoli uchun tirishadigan, erini el-yurt oldida izzat-qadrini ko‘taradigan sevimli rafiqa bo‘ladi. Darvoqe’, ancha yillar oldin elga ibratli, ziyoli bir xonadonga mehmon bo‘lgandim. Suhbat mobaynida oila boshlig‘i “Hayotda nimaiki topgan bo‘lsam, qanday yutuq va muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsam ularning hammasi ayolimning oqilaligi tufaylidir” deya ayollarining go‘zal sifatlarini mamnuniyat bilan e’tirof etgandilar. Albatta, otaxonning e’tiroflarini maqtov o‘rnida ko‘rmadim. Zotan, 45 yillik oilaviy hayot tajribasiga ega, farzandlari chiroyli tarbiya ko‘rgan, ayni paytda xayrli ishlarga kamarbasta bo‘lib elning duosini olayotgan piru badavlat otaxon umr yo‘ldoshining xizmatlarini yoshlarga bibrat qilishga haqli edilar. Psixologlar ham erkakning omadi va jamiyatdagi mavqeiga xotinining ta’siri beqiyos ekanini ta’kidlaydilar.
“Yigit kishining qandayligini uning tanlagan qaylig‘idan bilsa bo‘ladi”
Erkak bo‘lajak umr yo‘ldoshini tanlashga jiddiy e’tibor berishi, uylanishni shunchaki qars-badabang to‘y yoki juftlik munosabati emas, zalvorli mas’uliyat deb bilishi kerak. Basharti, yigit turmush o‘rtoq tanlashda xatolikka yo‘l qo‘ysa, butun umri davomida bu yanglish qadamining tovonini to‘lashga majbur bo‘ladi. Bu yanglishish farzandlarining hayotida ham salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Deylik, yigit umr yo‘ldoshlikka tanlagan qizining fe’l-atvoridagi qanoatsizlik, xudbinlik, molparsatlikni kamchilik sirasiga qo‘shmay, uylanib oldi. Turmushi davomida yetishmovchilik vajidan bo‘ladigan urush-janjallaru “Sizga tegib nima ko‘rdim?!” degan iddaolardan ko‘z ocholmay qolishi tayin. Bora-bora bu janjallar odatiy tusga kiradi. Turmushdan halovat va saodat ariydi. Halovatsiz uydan esa bolalar ham bezib qoladi. Fe’lida noshukrlik anqib turgan xotin otani bolalarga noshud, notavon ko‘rsatadi. Oilada ota va bolalar o‘rtasida raqibona kayfiyat uyg‘onadi. Uyda ota o‘rni, ota mavqei pastlab ketadi. Bu holat farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hes istisnosiz haq gap. Shuning uchun ham oila mas’uliyatini his qilgan, kelajakda aqlli, baxtli va dono farzandlarga ota bo‘lishni istagan yigit bu borada ishni xushfe’l, oqila va onasi farosatli, erni hurmat qiladigan, yaxshi rafiqa, yaxshi kelin, yaxshi ona bo‘lolgan qizni juftlikka tanlashdan boshlaydi. Yigitning kimligini tanlagan qaylig‘iga qarab bilsa bo‘ladi...
Shamsiya Eliboyeva
HIKMAT
Odob - axloqi go‘zal, tarbiyali, andishali xotin nafaqat eri va oilasining, balki butun jamiyatning baxti hisoblanadi. Xotin tarbiyasiz, shallaqi, oriyat, g‘urur, hayo va ibodan uzoq bo‘lsa, jamiyat fasodga uchraydi. Bolalarning baxti boylanadi, erning boshi egiladi. Qavm-qarindoshlar sharmisor bo‘ladi. Ayniqsa, fe’lida buzuqlik bor xotin boshga, nafaqat boshga, umrga, obro‘ga, kelajakka balo bo‘ladi.
Alisher Navoiy
“Xotin tanlashda adashma, o‘g‘lim!”
Onam tinmay dadamni yomonlayverganlari uchunmi, bolaligimdan dadamni yomon ko‘rib o‘sdim. Dadam bechora erta tongdan qosh qorayguncha ter to‘kib mehnat qilardilar. Onamga yoqish uchun, bizni xursand qilish uchun o‘zlarini har yonga urardilar. Bolaligimda dadamga juda rahmim kelar, uyimizda janjal bo‘lmasligini, ota-onam boshqa o‘rtoqlarimning ota-onasiday bir-birlariga mehribon bo‘lishlarini astoydil xohlasam-da, buni hech onamga tushuntirolmasdim. Katta bo‘lganim sari dadamni tushunib, onam noto‘g‘ri qilayotganini, dadam ko‘p pul topmasalar-da, ro‘zg‘orimizda muhtojlik yo‘qligini tushunib yeta boshladim. Bir-ikki marta onamga shularni aytishga chog‘langandim, baqir-chaqir qilib ovozimni o‘chirib qo‘ydilar. Shundan keyin dadam armon bilan hasrat qildilar: “O‘g‘lim, xotin tanlashda adashmaslikka harakat qil. Oila qurishda mas’uliyatni to‘la anglab yetmagan kishi xuddi menga o‘xshab umrini iztirobda o‘tkazishga majbur bo‘ladi”... Ayni paytda yoshim yigirma to‘qqizda. Hanuz uylanmaganman. Avvalo oilamizdagi nosog‘lom ma’naviy muhit, qolaversa, “hamma ayollar bir-biriga o‘xshaydi, uylanadigan qizim ham onamga o‘xshaydigan bo‘lsa nima qilaman?” degan hadikda oila qurishdan cho‘chiyman. Bir tomondan oilamizdagi muhit sababli qizlarga haddan oriq talabchanlik qilyapmanmi, degan o‘yga ham boraman. Bilmadim. Nima bo‘lganda ham otamning xatosini takrorlamasligim kerak. Chunki ayolga, onaga ko‘p narsa bog‘liq ekaniga o‘zim va jigarlarimning hayotini ko‘rib bunga iqror bo‘ldim...
Bahodir
***
Kishining iymondan keyingi, xayriyati va baxtiyorligi – dunyoda yaxshi xotinga ega bo‘lishligidir.”(Hadis)
Molini emas, zotini so‘rang!
Ayrim o‘g‘il uylantirayotgan ota-onalar, uylanish yoshidagi yigitlar kelinlikka tanlangan qizning nasl-nasabi bilan unchalik ham qiziqmayaptilar. Ularning kelin bo‘lmishga qo‘yadigan asosiy talabi: sep-sidirg‘aning badastirligi va ota-onasining davlati. Ya’ni kelinga nasl davomchisi sifatida emas, rizq beruvchi sifatida qaralyapti. Ayolga, insonga xos fazilatlar bilan emas, mol-dunyo bilan ostonadan qadam qo‘ygan kelinchakdan go‘zal muomala, mehr-muhabbat va andisha kutish qaysi aqliga sig‘adi, hayronman. Yaqinda tanishlarimizning biri o‘g‘il uylantirdi. To‘yga aytilgandik. Bordik. Tanishimiz ziyoli, ko‘pni ko‘rgan, jamoatchilik nazaridagi inson. Qudalari ham o‘zlariga munosib oiladir, degan o‘yda edik. Gap orasida to‘yxonadagilar to‘rda oyday nur sochib turgan kelinchakka ishora qilib “Onasi haligidaqalardan ekan. Arab amirligi davlatlariga qatnar ekan. Ancha oldin kelinning otasi bilan ajrashib ketishgan ekan. Boy-badavlat bo‘lgani uchun shunday odamlar bilan quda bo‘lishyapti” deb qolishdi. Hayratdan yoqamni ushlab qoldim- o‘g‘il uylantirayotgan tanishimiz ham juda o‘lar joyda qolib ketgan emasdi. Nahotki pul, mol-dunyo uchun onasi harom ishlar bilan mashg‘ul yuradigan qizni kelin qilishibdi, deb yurgan kezlarimiz tanishimiz faxr bilan “Qudag‘ay ayol Dubayda mashhur boyvachchalardan biriga turmushga chiqqanlar. Kelinimizning ko‘zi yorisa chaqaloqqa zarur ashyolarni, beshik to‘yining sarpo-suruqlarini Dubaydan olib keladilar” deya maqtanib qoldi. Nima deyishni ham bilmay qoldim, to‘g‘risi...
Zulayho Hamidova
Hayot-mamot masalasi
Oilaning baxti va farovonligi ayoldan mas’uliyat, qanoat va farosat talab etadi. Shuning uchun avvalo qiz bola tarbiyasiga jiddiy e’tibor berish kerak. Bir kuni qo‘shni ayol bilan ko‘chada gaplashib qoldik. Yonida 8-9 yoshlar chamasidagi qizchasi ham bor edi. Gap orasida qizcha daraxtga osildimiyey, panjaraga chiqmoqchi bo‘ldimi, xullas nimadir bo‘ldiyu ona murg‘akkina qizaloqqa og‘izga olib bo‘lmaydigan haqorat bilan tanbeh berdi. Ilon po‘st tashlaydigan u haqoratdan men uyalib, yerga kirib ketgulik bo‘ldim, qizaloq esa odatiy gapni eshitganday iljayib turaverdi. Ona (agar u shunday deb atashga loyiq bo‘lsa!) suhbatni qolgan yeridan gapini davom ettirib ketdi. Qulog‘imga hech nima kirmasdi. Mening ham o‘g‘illarim bor. Bugun-erta kelin tushirish havasidaman. Xudo ko‘rsatmasin, ana shunday oilada, og‘zi shaloq onadan tarbiya ko‘rgan qiz tushib qolsami!.. Yigirma yil davomida onasining fe’l-atvorini o‘zlashtirib, raftorini o‘rgangan qizni qaynona, er qanday tarbiyalaydi? Shakllangan odamni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Aytmoqchimanki, kelin tanlash, yigitlarga jufti halol tanlash o‘ta jiddiy ish. Bu masalaga to‘y qilish, sepli qizni kelin qilish sifatida emas, hayot-mamot masalasi sifatida qaraganlar yutadi...
Zamira Akbarova
“Itoatkor va uddaburro bo‘lsin...”
Ko‘pchilik oqila, itoatkor ayol deganda eri nima desa indamay unga bo‘ysunadigan, “erim shunday deyaptiku, demak gapi to‘g‘ri-da” deb tafakkur qilishda dangasa ayollarni tushunadi. Ammo bu-noto‘g‘ri deb hisoblayman. Ayol oqila bo‘lsin, eriga itoatda bo‘lsin, ammo uning o‘z fikri, keng dunyoqarashi alohida ahamiyatli. Erkak ham inson, unga qul emas, hayot yo‘lida yo‘ldosh, do‘st kerak! O‘zim hali oila qurganimcha yo‘q. Ammo oilali qarindoshlarim, tanish-bilishlarimni ko‘rib shunday xulosaga keldim. Bir tanishim poytaxtda ijarada yashaydi. Ayoli uyda o‘tiradi, erkak bir o‘zi ishlaydi. Erkak bir paytlar o‘ziga to‘q xonadonda o‘sgan, katta-katta yeb-ichib o‘rganib qolgan. Shuning uchunmi topgan pulini ro‘zg‘orga katta-katta sarflaydi. Ba’zan ayoli ham “pulni erim topyaptiku, menga nima? Topganini yeb turaveraylik-chi, boshqasi bir gap bo‘lar” deya o‘ylasa kerak, degan xayolga boraman. Agar ayol kishi oqilalik bilan ro‘zg‘orboshilikni o‘z qo‘liga olsa, ya’ni itoatkorlikni unutmay, oilasi, farzandlarining ehtiyojidan ortig‘iga pul ishlatmay, erining topgan-tutganini tejab sarflasa oila tez orada farovonlikka erishadi deb o‘ylayman. Balki hali oila qurib ulgurmaganim uchun fikrlarim qaysidir jihatdan xatodir. Ammo bir narsani aniq tushunib yetdimki, erkak kishini ayoldan omadi kelsin ekan. Uylangan ayolidan omadi kelgan erkak boshqa jihatlardan ham omadga osonlik bilan erishadi...
Zayniddin Sadriddinov
Xulosa
Islom dini uylanishdan oldin umr yo‘ldoshini tanlashga alohida e’tibor berishga chaqiradi. Chunki bu bilan oila poydevori mustahkamlanadi. Kelin tanlashga jiddiy e’tibor bilan oila qurishdan ko‘zlangan soflik, baxt-saodat va xotirjamlik eshigi ochiladi. Umr yo‘ldoshini tanlashda uning sifatlari ichida dindorlik, ahli solihlik, odob-axloqqa birinchi o‘rinda e’tibor berilishi kerak. Zotan nikoh va oila qurish umr savdosi. Odob-axloq, ahli solihlik ham umr o‘tishi bilan sayqallanib, ziyoda bo‘lib boraveradi. Juftiga doimo yo‘ldosh va doimiy yaxshilik keltiruvchi bu sifatlarga ega bo‘lgan umr yo‘ldoshni tanlash oila qurishdagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Boshqa sifatlar esa vaqtinchalik va kibru havo hamda g‘ururga sabab bo‘lishi mumkin sifatlardir.
Erkaklar boshiga ko‘pgina balolar noma’qul ayollar sababidan kelishini tarix tajribasi dalolat qiladi. Bunga misollarni juda ko‘plab uchratish mumkin. Shuning uchun ham kelin tanlashda juda ehtiyot bo‘lish kerak.
Umida ADIZOVA
Manba: Erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
Xitoylik hakerlar AQSHdagi 150 nafar siyosatchi ortidan josuslik qilgan bo‘lishi mumkin
Germaniyalik fermerning sigiri to‘rtta buzoq tug‘di
Rossiya Buyuk Britaniya diplomatiga qarshi keskin chora qo‘lladi