Virjiniya texnologiya universiteti olimlari, o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlar orasida ayrim turlari miya uchun zararli ekanligini aniqlashdi. Bu haqda The American Journal of Clinical Nutrition jurnalida chop etilgan tadqiqot xabar berdi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari va shakarli alkogolsiz ichimliklar, ayniqsa keksa yoshdagi insonlarda boshqa oziq-ovqatlar bilan taqqoslaganda kognitiv qobiliyatning pasayishi bilan kuchliroq bog‘liq.
Yetti yil davomida tadqiqotchilar 5000 dan ortiq 55 yoshdan katta amerikaliklarning sog‘lig‘ini kuzatib, ularning kundalik diyetalarini tahlil qilgan va maxsus testlar orqali xotirasi hamda fikrlash qobiliyatini sinab ko‘rgan.
Ma’lum bo‘lishicha, kuniga kamida bir porsiya qayta ishlangan go‘sht iste’mol qilish xotira bilan bog‘liq muammolar xavfini 17 foizga oshirsa, har bir gazlangan ichimlik esa yana 6 foizga ta’sir qiladi. Ikkala oziq-ovqatni muntazam ravishda iste’mol qilganlar kognitiv pasayishni sezilarli darajada tezlashtirgan.
Mualliflar ta’kidlashicha, ushbu oziq-ovqatlar asosiy xavf omillari bo‘lgan, boshqa ultraqayta ishlangan mahsulotlar miyaga unchalik ta’sir ko‘rsatmagan. Olimlar qayta ishlangan go‘shtni kamroq iste’mol qilish, uyda pishirish va gazlangan suvni oddiy ichimlik suvi bilan almashtirishni tavsiya qiladilar. Ularning fikriga ko‘ra, diyetadagi oddiy o‘zgarishlar kognitiv qobiliyatning erta pasayishi va demensiya rivojlanishi xavfini kamaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!