12:40 / 01.02.2018
6 157

Mehrga tashna qalb...


Hayotda turli tasodiflarga duch kelamiz va har gal o‘sha tasodif voqealardan o‘zimizga saboq olamiz. Aslida bu voqeaga ancha vaqt bo‘ldi. Esimda, o‘sha kuni ishxonamdan xizmat safari bilan uzoqroq tumanga borishim lozim edi. Hozirgi kunda transport vositalari muammo emas. Avtobusga o‘tirar ekanman, hamrohim keksa kishi ekanligidan xursand bo‘ldim. Negaki, tabarruk nuroniy kishilardan hayot atalmish “darsni” o‘rganish mumkin. Sakson yoshlardan oshgan boboning yuzidan nur yog‘ilib turardi. Unga salom berar ekanman, otamni juda sog‘inganimni yurakdan his qildim.

Avtobus yo‘lga chiqdi, yo‘lovchilar o‘z xayollari bilan band, kimdir uyali telefoni bilan band, kimdir uxlash bilan ovora, kimdir esa hamrohiga hayot tashvishlaridan so‘zlaydi. Otaxon oyna tarafga qarab, mungli holda o‘tirardi. Nogoh og‘ir xo‘rsinganini sezdim.

– Bobo, sizni biron narsa bezovta qilmayaptimi? – deb so‘radim.

Otaxon o‘girilganda ko‘zlari nam ekanligini payqadim.

– Yo‘q qizim yaxshiman, faqat dilim ranjidi, kelinimdan ranjidim – dedi. Hammamizda ochko‘zlik bor, kimdir bu xislatni ochiq oshkor etsa, kimdir yashirishga harakat qiladi. Nabiralarimni judayam sog‘ingandim, ular uchun ikki quti uzum olib kelaverdim. O‘g‘lim shaharda yashaydi. Yaxshi joyda ishlaydi, lavozimi ham yaxshi. Qishloqqa borishga vaqti bo‘lmaydi, shuning uchun bolalari mevaga to‘ysin degandim-da. Saharlab yo‘lga chiqdim. Nevaralarimni ko‘rishni, diydoriga to‘yib olishni istagandim. O‘g‘lim ishga otlanayotgan ekan, biroz o‘tirgach, ishga kechigayotganligini aytib, uzrini bildirdi. Nabiralarimning xarxashalariga qaramay kelinim ularni bog‘chasiga kuzatdi. Bor-yo‘g‘i yarim soatgina ular bilan birga bo‘ldim, qizim. Keyin kelinim tomonidan “tergov” boshlandi. Kulmagin-u, hozir qaynotani kelinlar “tergov” qiladigan zamon bo‘ldi, qizim. O‘g‘lim ikki nafar, biri qishloqda men bilan yashaydi, kichigim ham shaharga kelishni xohlaydi-yu, men bilan rahmatli onasini ko‘zi qiymaydi. Kichik o‘g‘limni uylantirgach, katta o‘g‘limni oilasini alohida qildik. Aslida bugungi mashmasha qaynota bilan kelinning o‘rtasida muammo tug‘diradigan narsa emas. Ikki yil oldin o‘g‘limga yangi tug‘ilgan buzoqni tortiq qilgandim, yaqinda biroz pulga muhtoj bo‘ldik, shu tufayli buzoqni sotdik. Aka-uka kelishib olar deb o‘ylagandim. Afsus, kelinim: “Nima haqqingiz bor buzoqni sotishga, kimdan so‘radingiz”, deya baqira ketdi. Kelinimning bu qo‘pol munosabatidan ko‘nglim o‘ksidi, qizim. Ota-ona farzandini katta qilar ekan, hech qachon haq uchun voyaga yetkazmaydi. Avlodimni davomchisi bo‘lsin, mening yaxshi ishlarimni davom ettirsin, yurtning koriga yarasin, degan orzu bilan ulg‘aytiradi. Negadir, keyingi paytda ko‘p yig‘laydigan bo‘lib qoldim. Yaqinda eng yaqin odamlarimni kampirimni, qizimni tuproqqa qo‘ydim. Odam o‘z tenqurlaring bilan yashasa hayot qiziq ekan. Ular bilan orzu-havas qilasan, fikri-xayolingni o‘rtoqlashasan. Tengqurlarim kundan-kun kamayib borayapti. Shunday bo‘lgach, hayotga qiziqishing ham kamayib boraverar ekan. Odamlar tirikligida qadriga yetish kerak, qizim…

Avtobus manzilga yetib kelgach, yo‘lovchilar o‘z yo‘liga qarab shoshilib tarqaldi. Bobo farzandlarimga yaxshilik tilab xayrlashdi.

Negadir har gal otaxon bilan bo‘lgan ushbu voqeani eslasam, uning gaplari yodimga tushaveradi va shunda o‘z-o‘zimni cheksiz savollarga ko‘mib, o‘yga tolaman.

Aziz odamlar, yonimizdagi insonlarga xoh u qarindoshimiz, tanishimiz, yoki do‘stimiz bo‘lishi mumkin, yoki umuman begona, balki ularga moddiy jihatdan yordam berishga qurbimiz yetmas, lekin yaqinlarimizdan loaqal mehrimizni, shirin so‘zimizni, yaxshiligimizni qizg‘anmaslikka harakat qilaylik. Zero, bu o‘tkinchi dunyoda insondan faqat yaxshilik qoladi.
O‘g‘iloy TIRKASHЕVA

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mehrga tashna qalb...