09:05 / 12.02.2018
3 832

Vaziyat taqozosi…

Vaziyat taqozosi…
— E, hadeb “Vaziyat taqozosi bilan undoq bo‘libdi, vaziyat taqozosi bilan undoq bo‘libdi”, deyavermang. Odam har qanday vaziyatdan ustun kelishi mumkin…

— Katta gapirma. Vaziyat odamni har ko‘yga solishi mumkin…

— Bekor gap! Masalan, men to‘rt tarafiga qirq kun yurib yetsa bo‘ladigan sahroning qoq o‘rtasida qirqta erkak bilan qolib ketsam ham, erimga xiyonat qilmasligimga ishonaman!

— Tavba, deb gapir!
* * *
Xira chiroq, odamning boshi aylansa, oyog‘i aylanishiga qiynaladigan kichkina xonaning kleyonka solingan stoli, kulrang telefoni, javonlarga terilgan besh-oltita kitob va katta-kichik ikki-uchta gazeta taxlamlarini yana ham xiralashtirib ko‘rsatardi. Oyog‘ining ostiga qo‘yilgan plitaning issig‘iga ham qanoat qilmay paltosi, ro‘moliga burkanib o‘tirgan Farida qo‘lidagi ruchkasini har zamonda yozayotgan qalin ish daftarining ustiga qo‘yib, barmoqlarini juftlab og‘ziga olib borar va “kuf-kuf”lab isitgandek bo‘lardi. Tashqaridan gurs-gurs qadam tovushlari eshitildi. Farida shoshilganicha o‘rnidan turib, yuzini derazaga tirab, tashqariga qaradi va kelayotgan odam mahalla raisi ekanligini bilgach, yoqa-yengini o‘nglagan bo‘ldi. Eshik zabt bilan ochilib, baland bo‘yli, oq-sariqdan kelgan, ko‘rkam erkak — Fazliddin aka kirib keldi. Farida bir burchakka qisilibroq tavoze bilan salom berdi-da, raisning qor bosgan egni-boshini ko‘rib, unga yaqinroq bordi:

— Yaqindagina uchqunlay boshlagan edi. Birpasda shunaqa kuchayib ketibdimi? Egni boshingizni menga bera qoling, qoqib-suqib qo‘yilmasa, ich-ichiga darrov suv o‘tib ketadi. Qurishi osonmi? Kasallik degani darrov namu zaxga yopirilib keladi…

Fazliddin aka paltosi, telpagini yechib, o‘zi ham bir chekkaga sal qoqqandek bo‘ldi-da, unga qarab turgan Faridaga uzatdi:

— Dilshod qani? — deb so‘radi u hisobchi yigitning yo‘qligini endi payqagandek.

— Singlisini unashtirishayotgan ekan, dadasi yo‘q-ku, “ota o‘rnida otaman”, deb… — Farida hisobchi yigitga raisdan beso‘roq javob berib yuborganiga xijolat bo‘ldi, shekilli, gapining davomini aytolmay, chaynaldi.

— Ha, mayli, yaxshi bo‘libdi. Vaqti kelganida qiz bolani egasiga topshirib qutilish kerak. Aytishadi-ku, “Qiz asragandan bir siqim tuz asragan yaxshi”, deb. Yolg‘iz o‘tirmay maslahatchi xola — Sarvi ayani chaqira qolmabsiz-da. Axir bu yerlar tog‘ joylari bo‘lsa, ovloq, har xil odam bor… — Fazliddin aka joyiga o‘tib o‘tirar ekan, ko‘krak cho‘ntagidan taroq olib oq oralagan, lekin hali siyraklamagan, to‘lqinlanib turgan sochlarini taray boshladi. Farida Fazliddin akaning egni-boshini golland pechkasi olinib, bo‘shab qolgan o‘rniga qoqar ekan, uning kiyimlaridan o‘tkir atir isi gurkiradi. Avvallari ham Farida uzoq yillar harbiy xizmatda bo‘lib endi nafaqaga chiqqanidan buyon ko‘pchilikning iltimosi, yuqoridagilarning qistovi bilan mahallaga raislik qilayotgan boshlig‘ining qimmatbaho atirlarni gurkiratib yurishini bilardi-yu, lekin bugungisi boshqacha ekanmi, boshi aylangandek bo‘ldi.

— Sarvi ayamga aytsam, hovliqib chiqardilar-u, lekin bunaqa havoda ovora qilgani… Sal andisha qildim. Ha, mayli, qor urib turganda birov idoraga kelmasa ham kerak-ku-ya, Siz ham tog‘ga — cho‘ponlarning oldiga ketgan bo‘lsangiz, kelolmassiz, deb o‘ylagan edim, — dedi Farida joyiga o‘tib o‘tirar ekan. U o‘tirayotib kitoblarning burchagida eski, sarg‘ayib ketgan gazetaga o‘rog‘liq narsaga bir-ikki bor ko‘z tashlab oldi.

— Tog‘dan shomga yaqin qaytdim. Mana, hammasining hasratlarini eshitib, yozib olib keldim. Komissiya tuzib, bitta-bitta o‘rganamiz endi… Ish ko‘p, idoraga kelmay bo‘ladimi? Vazifalarning ko‘lamini o‘ylasam, kechalari uyqum qochib ketadi… Qani, bu yerda nima gaplar?

Fazliddin aka Faridaga kulimsirab qaraganga o‘xshadi. “Anavi narsani sezdilar. Juda sezgir odam-da, o‘rni kelganda berarman, degandim. Yashirganga, orqasidan ish qilganga o‘xshab ko‘rinmay…” Farida yana o‘rnidan turib, borib o‘sha eski gazeta o‘rovini oldi.

— Mana buni sizga Mamazoyit akaning o‘g‘li tashlab ketdi. Xotini tuppa-tuzuk, hech narsa bo‘lmagandek, yugurib-yelib qaynatasining xizmatini qilib yurganmish…

Fazliddin akaning yuziga kulgi yoyildi:

— Shunaqami? O‘ziyam Mamazoyitning kelini: “Uyingga yur, o‘zing o‘z farzandingni tirik yetim qilasanmi?” degan bir og‘iz gapni kutib turgan ekan-da. Kelinlarning holi shu-yu, yana: “Ketaman, ajrashaman” lagani ortiqcha. Nima ekan bu?

Fazliddin aka o‘rovning shakl-shamoyilidan nimaligini sezib turgan bo‘lsa-da, gazetani shiqirlatib ochdi. Shampan vinosi va konvertsimon idishda shokolad edi.

— Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari, deyishadi. Ba’zan besabrligi, ba’zan “yalintiray, egib olay”, deb, “ketaman”lashadi-da, — dedi Farida boshlig‘ining koyimaganidan xursandligini yashirmay so‘zamolgina bo‘lib.

— Sabr qilish kerak… Mana, siz ham chidayapsiz-ku… — dedi Fazliddin aka g‘alati — mehribon bir ovozda.

Farida allanechuk bo‘lib ketdi. Birpasda ichidan yig‘i kelayotganga o‘xshadi, titrandi.

— Aslida-ku hech kimdan hech narsa olmasangiz yaxshi bo‘lardi. Chunki ba’zan pashshaday narsaning orqasidan filday gap chiqib ketadi. Lekin, modomiki, bir oilaga xotirjamlik qaytgan ekan, bu quvonchli hodisani nishonlasak nishonlabmiz-da. O‘zi bu jonivorni totmaganimizga ham yuz yillar bo‘lib ketdi-yov… Kutilmaganda Fazliddin aka xonaning bir burchagini egallab yotgan eski seyfni ochdi-da, ikkita stakan oldi.

Farida boshlig‘ining chapdast harakatlariga qarab turar ekan, beixtiyor sochlari to‘kilib ketgan, inqillab-sinqillab, bukchayib, o‘zining zaruratiga zo‘rg‘a borib-keladigan eri ko‘z oldiga keldi. Ayolvand ona qo‘lida yetim o‘sib, nimjon bo‘lib qolganmi, iligi to‘lmaganmi, har holda necha yillardan buyon erini suyak kasalligi bezovta qiladi. Salga suyagi sinaveradi, bir joyi tuzalsa, ikkinchi joyida xastalik boshlanaveradi. Hadeb yotavergani, qo‘lidan keladigan ishni qilolmagani uchunmi, o‘zi ham kun sayin emas, soat sayin injiqlashib bormoqda. Lekin Farida buni qismat deb biladi. Peshonasiga yozilgani shu ekan, chidaydi, boshqa nimayam qiladi?

— Keling, Farida. Bu maishat emas, shunchaki birovning xursandchiligiga sherik bo‘lish, deb tushuning. Fazliddin akangizni tanimayapsizmi? Ha, ba’zan shunaqa: odam o‘zidan chiqqisi keladi…

Fazliddin aka stakanlarni qog‘oz sochiqlarda artib, stolga qo‘ygach, shampan vinosini “paq” ettirib ochdi. Vino vijirlab toshib, to‘kildi. Faridaning ko‘z oldiga yoshlik, talabalik paytlari keldi. Yangi yil oqshomlaridagi xuddi shunga o‘xshash holatlar, beg‘ubor damlardagi sho‘xchan kulgilar, musiqa shovqinlari qulog‘i ostida aks-sado bera boshladi. Kulimsiradi, yurakdan…

— Siz nima desangiz — shu. Boshliqning aytganini qilmagan — nomard! — dedi Farida va stakandagi ko‘piklanib turgan vinoni baland ko‘tardi:

— Xo‘sh, nima uchun ichamiz? Qadah so‘zi aytmaysizmi? — dedi sho‘xchangina ovozda. Farida ham odatda doim jiddiy, bosiq yurar, erining holati hamisha xayolining bir chekkasini qoraytirib turardi. Hozir Fazliddin akaning “o‘zidan chiqish” haqidagi gapidan so‘ng u ham birpas bo‘lsa-da, hamma narsani unutgisi keldi. Zotan, xira chiroqli kulbadagi vaziyat ham xuddi shuni taqozo etardi: o‘tkir atir bo‘yi gurkiragan ko‘rkam erkak, kutilmaganda ochilib, stakanlarda ko‘pirib turgan shampan vinosi…

— Xursandchilik uchun, — dedi Fazliddin aka. — Hammaning uyida xursandchilik bo‘lsin!

… Farida boshlig‘ini kutib ham o‘tirmadi: ko‘tarib yubordi. Fazliddin aka unga shokoladdan sindirib uzatdi… Anchadan buyon bunaqa narsalar og‘ziga tegmagan edi. Fazliddin akaning:

— Keling, juftlab qo‘yaylik, — degan taklifidan so‘ng, yana bir stakandan ichilgach, Faridaning ko‘z oldi jimirlay boshladi. Oyog‘i-qo‘llarida olov yugurayotganga o‘xshadi.

— Qizarib ketdingiz. Bu ahvolda… uyga borolmaysiz endi. Yechinib, ozgina sovunib oling, — dedi Fazliddin aka va Faridaning javobini ham kutmay unga yaqinroq kelib paltosiga qo‘l uzatdi. Faridaning ko‘zi suzilib, boshi aylanar, ro‘molini yechsa-da, paltosini yecholmay qiynalar edi. Fazliddin aka uning yengidan tortib, yordamlashdi. Undan yana gurkirab atir isi keldi. Farida erining kiyimlarini har kuni ertalab almashtirardi. Undan achchiq ter hidi… Har xil surtmalarning bad bo‘ylari kelardi… Farida hozir birpas bo‘lsa-da, Fazliddin akaning baquvvat bilagiga boshini qo‘ygisi keldi. Xuddi shu istakni sezgandek Faridaning paltosini olayotib, Fazliddin akaning baquvvat qo‘llari Faridaning qo‘llariga tegib ketdi… Boshini qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu kimdir, nimadir tepadan qarab turgandek:

— Shuncha yillik sadoqatingni bir lahzalik halovatga almashtirmoqchimisan? — degandek bo‘ldi. Faridaning ustiga birdan kimdir bir paqir muzdek suv quyib yuborganga o‘xshadi. Seskanib, sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Shoshib Fazliddin akadan nari surildi. Hansirabroq nafas ola boshlagan Fazliddin aka ham qo‘lidagi palto, ro‘molni Faridaning stuli suyanchig‘iga tashlab, o‘z joyiga o‘tib o‘tirdi. Faridaning yig‘lagisi keldi: bor ovozi bilan o‘kirib-o‘kirib ayyuhannos solgisi keldi. Lekin qo‘llarini stolga mahkam tirab, chuqur-chuqur nafas olib, bu holatni o‘tkazib yuborishga harakat qildi. Uning holati Fazliddin akaga ham tushunarli bo‘ldi, shekilli, shampan vinosining qopqog‘ini yaxshilab bekitdi, stakanlarni qog‘oz salfetkalar bilan obdon artib, hammasini seyfga solib qulfladi.

— Men… chekib kelaman. Titrayapsiz, sovqota boshladingizmi, kiyinib oling, — dedi Fazliddin aka bo‘g‘iqroq ovozda va javob kutmay chiqib ketdi.

… Endi Farida o‘zini tutolmadi. Avval sekin, so‘ngra ho‘ngrab yig‘lay boshladi. U yig‘i aralash:

— Asraganingga shukur, saqlaganingga shukur, — deya pichirlar, yana sho‘r ta’mli ko‘z yoshlari lablaridan iyagi, ko‘ksiga oqardi.

… Bir ozdan keyin Fazliddin aka qaytib kirdi. U avvalgidek jiddiy, bosiq edi.

— Men ketdim. Yana birpas chiroq yonib tursin. Keyin chiqaverarsiz…

Fazliddin aka kiyimlarini kiyib, eshik oldiga bordi-da, Faridaga qaramasdan: — Bundan keyin Dilshodga javob bersangiz, albatta, Sarvi xolani chaqirtirib keling, — dedi…
Qutlibeka RAHIMBOYeVA.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Vaziyat taqozosi…