Qachonki Yevropada biror millat o‘zligini taniy boshlasa urushga beriladi. G‘arbda millatlar o‘zligini to‘liq his etib yashash hadisini olmagan. G‘arb psixiatrlari har bir shaxsning “men”ini rivojlantirish va shu orqali insondagi millatga tegishlilik hissini so‘ndirish orqali bu illatga barham bermoqchi bo‘lishdi.
Biroq, buning salbiy jihati bo‘y ko‘rsatib, inson ko‘nglining tub-tubida yashirinib yotgan yaramas odatlarni qo‘zg‘atib yubordi - Yevropani qutqarish ilinjida qayta jonlangan shaxsiy erkinlik endi insoniyatni ma’naviy inqiroz tomon yetaklamoqda.
Shunday, zamonaviy psixologiyaning qonun-qoidalari, tartiblari o‘tgan asrning boshlarida, aynan Yevropada millatchilik avj olgan vaqtda, ushbu salbiy holatga qarama qarshi o‘laroq o‘rnatildi.
Bugun o‘sha psixologiya, uning tartib-qoidalari, xulosalari bizning hayotimizga yopirilib kirmoqda.
Psixologiya – ruhiyatni o‘rganadi va shu orqali insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Qizig‘i, millatlarning ruhiyati bir xil emas-da! Albatta, insonlar ruhiyatida, u kim, qayda bo‘lmasin, uyg‘unlik bor. Biroq, bir xalqning ikkinchisidan ozgina farqi ham bo‘ladi va bu millatlarning o‘ziga xosligini belgilaydi.
Sohaning har qanday qonun-qoidalari ma’lum daholar, olimlar bilan bog‘liq. Hatto ular ko‘pincha bir-birini zo‘r berib inkor qilishiga nima deysiz?
Amaldagi psixologiya g‘arb olimlari tomonidan, g‘arb kishilari ruhiyatini o‘rganish natijasida yaratilgan, uning har qanday qoidalari, tavsiyalari, me’yorlari o‘sha tomon kishisi ruhiyati asosida ishlab chiqilgan. To‘g‘ri-da, fanning predmeti inson ruhiyati ekan, uni tibbiyotda bo‘lganidek avval sichqon-u quyonlarda sinab bo‘lmasa...
Psixologiyaning biror me’yorini, tavsiyasini yaratish uchun bir qancha insonlar o‘rganilib, shular uchun umumiy holatlar hisoblab chiqiladi va yakuniy xulosa, me’yor sifatida taqdim etiladi.
Albatta, psixologiya aniq fan emas. Lekin, qiziq jihati - g‘arb kishisini (xususan, ruhiy kasallar) o‘rganish asosida ishlab chiqilgan, ularning ruhiyatiga moslashgan, shu negizda berilayotgan tavsiyalar va xulosalar bizga mos keladimi? Bu tavsiyalar oxir oqibatda bizni g‘arb ruhiyatiga moslab qayta tarbiyalamaydimi?
Psixologning oldiga muammongizni aytib borsangiz, birinchi navbatda “sen o‘zingni yaxshi ko‘r, o‘zingni hurmat qil, o‘zingga ishon!” deganga o‘xshash maslahat beradi. Televideniye orqali ham buni ko‘p eshitgan chiqarsiz. Ya’ni, ular har qanday muammomiz o‘zimizni sevmasligimizdan, deb biladi.
Mashhur g‘arb psixologining mijozlari ongiga singdiradigan asosiy qoidasini oling: “men sening muammongni hal qilish uchun tug‘ilmaganman, sen mening muammomni yechish uchun yashayotganing yo‘q!” . U shu yo‘l bilan inson ruhiyatini davolamoqchi bo‘ladi. Bu g‘arblik uchun maqbul uslub. Bizda bunaqa shior bilan ruhiy siqilgan odamni davolash mumkin emas. Bu, hatto, amaldagi qonunchiligimizga ham zid. Konstitutsiyamiz bo‘yicha nafaqat ota-onalar bolalar uchun, balki bolalar ham ota-ona uchun mas’ul.
Psixologlar ruhiy muammolarimizni o‘zimizning emas, yaqinlarimiz manfaatlarini ustun qo‘yayotganimizda, deb biladi? Va, yomon jihati, buni o‘zgartirishga urinadi. Egotsentristlikka undaydi. Bu bizning millat sifatidagi yakdilligimizga tajovuz emasmi? Qonunlarimizni oyoq osti qilishga undov emasmi?
Inson o‘zgalar uchun qancha ko‘p qayg‘ursa shuncha baxtli bo‘lib boraveradi, faqat o‘zini sevgan umidsizlikka, tushkunlikka va baxtsizlikka mahkum. Chunki biz uchun birovdan mehr ko‘rishdan o‘zgalarga mehr ko‘rsatish muhimroq, hatto bu hayot-mamot masalasi.
G‘arb ma’naviy hayoti ko‘rsatdiki, inson o‘zini sevgani bilan muammosi hal bo‘lmaydi. Aksincha, ma’naviy olami qashshoqlashib, hayoti mazmunini yo‘qotadi, iste’molchiga aylanadi. Bu esa ruhiyat tushkunligiga sabab bo‘ladi. Demak, psixologlarning ishi o‘ziga ish topish!
Ruhiyat bilan bog‘liq qoidalarni ko‘r-ko‘rona ko‘chirish maqbul ish bo‘lmas. Ko‘chirish mayli, tarjimadagi noqisliklar-chi?
Psixologik testlar orqali xodimlarning, ishga nomzodlarning, ayrim abituriyentlarning ruhiy holati o‘rganiladi. Ushbu testlarning ishonchlilik darajasi juda past. Bundan ham hayratlanarlisi, o‘zga millatlar ruhiyati asosida ishlab chiqilgan emasmi, ular bergan xulosalarga ko‘ra, aynan milliy qadriyatlarni hurmat qiladiganlar salbiy baholanadi.
Albatta, “bu soha biz uchun mutlaq yot”, degan qarash ham nomaqbul. Lekin har qanday o‘rganmay, sinamay yoppasiga joriy etiladigan g‘oya va uslublarning foydasidan zarari ko‘proq bo‘lgani kabi, amaliy psixologiyada ham saralab olinadigan, terib tashlanishi lozim jihatlar bisyor.
Bir paytlar psixolog Jeyms Vikari 25-kadr to‘g‘risidagi afsonani o‘ylab topgan. U kinoteatrda 25-kadr sifatida “Koka-kola” surati ko‘rsatilgani, bu tomoshabin ongiga o‘rnashib, filmdan so‘ng o‘z-o‘zidan ushbu ichimlikni xarid qilganini aytgan. Keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, psixolog aslida bunaqa tajribani umuman o‘tkazmagan. “Koka-kola” esa bu yolg‘onni sifatida butun olamga yoyib yuborgan. Ichida reklamasi bor-da.
Xo‘sh, yana qancha psixologik tajribalar aslida yolg‘on? Shunchaki odamlarni chalg‘itish uchun, manfaat, shuhrat ilinjida, reklama uchun to‘qib chiqarilgan?! Bu xulosalarni tekshirib isbotlash yoki rad etish imkoni yo‘q, axir.
Hozirda psixolog ko‘p, yetuk psixologlar kam (balki shunisigayam shukur, ular ko‘paysa o‘ziga xosligimizni yo‘qotib qo‘yardikmi). Chunki kasb romantikasi yaratilmagan. Kasb romantikasi yo‘q ekan, o‘zini shu yo‘lda fido qilishga tayyor insonlar kam bo‘ladi. Bo‘lmasa, ruhiyatga e’tiborsiz xalq emasmiz. Har qanday ruhshunosni yo‘lda qoldiradigan folbin, qushnoch, a’zamiyxonlarimiz bor. Lekin ular shaxsiy manfaat doirasidan chiqib ketishmaydi va inson ruhiyati haqidagi bilimlarini yashirin qurol sifatida maxfiy saqlaydi.
Darvoqe, psixologlar va folbinlar haqida…
Ularning maqsadlari bir bo‘lsa-da, psixologlarning o‘z ish tartibi bor. “Uslub” deyishadi. Lekin ular hali millatning ishonchini qozonib, kinnachilarni hayotimizdan siqib chiqara olmadi. Ular milliy zamindan uzoqlashib ketgani uchun ham, xalqning e’tiborini qozonolmayapti.
Psixologlarga ustozlari (oliy ta’lim muassasalarida emas) “har qanday maslahating uchun haq olishing kerak”, deb o‘rgatarkan. Yo‘q, gap pulda emas, gap o‘sha pulni berayotgan odamning ishonchida. Tekin maslahat qadrli emas, unga ishonishmaydi (“tekin mulla, tentak tumor”, degan matalni eslang – xalq eng kata psixolog, aslida). Ishonch – psixolog uchun eng asosiy shart! Folbinlar, qushnochlarda ham shunday – tekinga ishlash qat’iy taqiqlanadi!
Psixologning qushnoch, folbin va ekstrasenslarga yutqazadigan joyi – u metodika va qoidalar yuz foizlik kafolat bermasligini tushunadi, shuning uchun o‘z ishiga, demakki o‘zlariga to‘liq ishonmaydi, mijoz esa buni anglaydi. Shundan psixologning ishi samara bermaydi. Folbinlar o‘ziga, aniqrog‘i “jin”, “odam”lariga ishonadi, nimadir o‘xshamasa, aybni ularga ag‘daradi. Psixologlar esa aybni Freyd, Adler, Yung, Bern yoki boshqa bir dahoga ag‘darolmaydi.
Psixolog kimlardir tomonidan o‘rnatilgan qonun-qoidalar, me’yorlar asosida xulosa qiladi. Folbin mantiqqa suyanadi, ichki ovoziga quloq soladi. Ichki ovoz mantiqqa tayanar-da. Axir bilamiz, insonning kiyimi, ovozi, hidi, yuz tuzilishi, umuman turgan-bitgani axborot. Ularni ilg‘ab, tahlil qilib, xulosa chiqarish mumkin.
Darvoqe, keyingi ma’lumotlarga qaraganda, ongimiz bizsiz ham bu ishni qilaverar ekan. Shu sababli kimdir, sababini bilmasak-da, bizga yoqadi, kimdir yo‘q. Qushnoch, kinnachi, folbin, ekstrasenslar shu axborotlarni bizdan ko‘ra tezroq, aniqroq ilg‘asa va tahlil qilsa kerak. Chunki, aytildi, ularning ongi odatdagidan o‘zgacha bo‘ladi. Unda hammasini aytib turadigan jin o‘tiradi, axir.
“Toshkent” telekanalida “Kesishmagan nuqta” ko‘rsatuvi bor. Ko‘rsangiz, psixologlarning ish uslubi folbinlarniki bilan bir xilligiga ishonasiz.
Psixologiya sinovdan o‘tgan, aniq tizimga solingan. Lekin milliylikdan uzoqligi sababli unga ishonavermaymiz. Balki yetuk mutaxassislar yo‘qligidir… Lekin qishloqlarda, hatto shaharlarda ham hanuzgacha eski uslublarga ishonuvchilar ko‘p. Ularni qoloqlikda, o‘qimaganlikda, omilikda ayblashga shoshilmaylik. Inson ruhiyati to‘g‘risida gap ketarkan, g‘ayrimantiqiy, g‘ayriilmiy qarashlar haqida so‘zlash o‘rinli bo‘lmaydi. Chunki u matematika yoki tibbiyot emas, bunda faqat “ixlos – xalos”, degan dono tamoyil amal qiladi. Kim ishontirsa, kim ko‘proq ta’sir ko‘rsatsa o‘sha haq. Ruhiyat masalasida shunday.
Ushbu mavzuda bir paytlar vaqtli matbuotda chiqishlar qilganimda, psixologlar raddiya bitishgan. Yo‘q, fikrga qarshi dalillar bilan emas, o‘z avtoritetlari bilan ezib tashlamoqchi bo‘lishgan. Go‘yoki 100 ga yaqin fan nomzodi, o‘nlab fan doktori bo‘lgan sohani tanqid qilganmishman. Shunga nima? O‘tgan asrning 90-yillarida “O‘zbekkosmos” degan tashkilot bo‘lgan (qo‘ng‘iroq yasab sotishardi). O‘sha tashkilotda yuzlab odamlar maosh olib ishlagan bo‘lsa, bu “koinotga chiqmaganmiz”, degan haqiqat aytish huquqidan mahrum qilmaydi-ku!
Bir tashkilotda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib, oldini olish uchun psixolog lavozimlari joriy etiladigan bo‘ldi. Psixologlar ishga kirishdi. Vaziyat o‘zgarmadi. Rahbariyat natija talab qilganda, psixologlar iddao bilan: “hech kim, hech qachon o‘zini o‘ldirishni oldindan aniqlolmaydi, buning oldini olish mumkin emas”, deyishdi (aytdim-u, psixologiya nimaga kerakligini bilmaymiz, chamasi). Biroq endi orqaga yo‘l yo‘q, lavozimlar kiritilgan, mablag‘ ajratilgan. Muammo esa shu holicha qoldi.
Psixologiya bilan jamiyat o‘rtasidayam shunga o‘xshash vaziyat yuzaga kelmaganmikin, deb cho‘chiyman.
Muallifingiz bayon etgan muammolar mavjudligini har bir psixolog biladi. Havas bilan: “Yaponiyada, Koreyada, Rossiyada psixologiyani milliylashtirish bilan shug‘ullanadigan markazlar ishlaydi”, deb yurganlari qancha. Lekin shu gap zamirida ham yuqorida bayon etilgan muammolar yotgani aytilmaydi, chunki har doim ham haqiqatni manfaatdan ustun qo‘ya bilmaymiz.
Insoniyat har-har zamonda o‘z ishi, bilimiga shubha bilan qarashi lozim. Tarixdan bilamizki, insoniyat o‘ziga haddan ortiq ishongan zamonlarda eng razil ishlarni sodir etgan. Insoniyat eng yorqin natijalariga o‘ziga, bilimiga shubha bilan qaraganda erishgan. U shubhalana boshlaganda yutuqlarga erishadi. Holbuki, zamonaviy psixologiya bizga har doim o‘zimizga to‘liq ishonishni uqtiradi.
O‘zi, psixologiya bizni qayga boshlayapti?
Ismoil Shomurodov, jurnalist
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?