00:35 / 02.08.2018
7 415

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (24-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (24-qism)
Ko‘z ochib yumguncha qalin o‘rmon ichkarisiga yetib oldim. Atrof zim-ziyo, tiq etgan tovush eshitilmaydi.

Qulog‘imga «Ana, buyoqqa ketdi shekilli! Tez bo‘l! Mashinani o‘t oldir!» degan hayqiriqlar chalingani sayin tezroq chopa boshladim.

Yuz metrcha yugurib borgach, orqadan qandaydir mashinaning o‘qday uchib kelayotganini ko‘rib darhol o‘zimni daraxt panasiga oldim. Aksiga olgandek, mashina ham ro‘paramga kelib tormoz berdi.

“Qo‘lga tushdim chog‘i! — xayolimdan o‘tkazdim. — Mentlar mendan epchilroq chiqib qoldimi deyman?..”

Ammo ne ko‘z bilan ko‘rayki, mashinadan David tushdi.

— Burgut, chiqaver, qo‘rqma! — qichqirdi u. — Faqat tezroq bo‘l! Ulgurishimiz kerak!

Men ehtiyot shart orqa-oldimni ko‘zdan kechirgan bo‘lib daraxt panasidan chiqdim va indamay mashinaga o‘tirdim.

— Xo‘sh, ish bitdimi? — so‘radi David.

— Yo‘q, — oynadan tashqariga tupurib boshimni changalladim. — Mentlarga xabar berib yuboribdi qanjiq. Arang qochib qoldim. Lekin tayinladim. Pullarni albatta tayyorlab qo‘yadi.

— To‘ppa-to‘g‘ri, — dedi David yo‘ldan ko‘zini uzmay. — Bermay qayerga borardi?.. Mayli, tezroq manzilga yetib olaylik. Mentlar to mashinasiga o‘t qo‘yguncha, nasib bo‘lsa uyda o‘tirgan bo‘lamiz.

— Qayerga boramiz o‘zi? — so‘radim hayron bo‘lib. — Men aytgan joygami?

— Yo‘q, o‘rmon ichkarisida bir ozarbayjon tanishim yashaydi. Zo‘r ovchi. haqiqiy erkak. Turma ko‘rgan. Yoshligida uning oldiga tushadigan o‘g‘ri yo‘q edi. Qarib qoldi. Ammo «ponyatka»si haliyam zo‘r!.. Anavilar sal tinchiguncha o‘shanikida berkinib turamiz.

— Keyin-chi?

— Imi-jimida pullarni olamiz-u, seni turmaga tashlab qo‘yaman. Tolyan shunday deb tayinladi.

— O‘ziyam… Zo‘rlarning ko‘zini shira bosib qolganga o‘xshaydi. — dedim norozi ohangda. — Hammayoqni axlat bosib ketibdi-yu, payqashmaydi. Shunday o‘g‘ri qayoqdagi megajinning qilib yurgan ishlarini sezmasa-ya!..

— Qo‘yaver, — meni tinchlantirgan bo‘ldi David. — Sen Tolyanni yaxshi bilmas ekansan. O‘sha Nastyang bizning sovunimizga kir yuvmabdi. Seni turmaga eltib qo‘yay, kunini ko‘rsataman.

* * *
Oltmishlarga borgan, oppoq soqolli Mamed og‘a xuddi bizni kutib turgandek taxtadan mo‘’jazgina qilib qurilgan hovlichasi atrofida aylanib yurgan ekan. Mashina kelib to‘xtashi bilan bizga peshvoz chiqdi.

— David, seni Xudoning o‘zi yetkazdi menga! — negadir yig‘lamsirab so‘z qotdi qariya. — Yaxshiyam kep qolding! Umring ziyoda bo‘lsin!

— Nima bo‘ldi, og‘a? — qariyani quchib so‘radi David. — Kim sizni xafa qildi?

— Hali zamon kep qolishadi xafa qilganlar! — dedi Mamed og‘a yo‘l tomon ishora qilib. — O‘shalarni kutayotgandim.

— Kim o‘zi ular?

— Qandaydir Semen degan boyvachcha. Mana shu uyimga ega chiqyapti itdan tarqagan. Sotmayman deganimga qo‘ymayapti.

— Iye, nega unday qiladi? Meni aytmadingizmi?

— Aytdim. «Men unaqa odamlarni tanimayman» deydi.

— O‘, shunaqa zo‘rmikan?.. — gapga aralashdim. — Necha kishi o‘zi?

— O‘tgan gal ikki kishi kelgandi. Bugun… Bilmadim…

— Xavotir olmang, — dedim qariyaning yelkasiga qoqib. — Biz shu yerda ekanmiz, sizni hech kim xafa qilmaydi.

— Men u Semenni yaxshi taniyman. — dedi David kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Qayerlardandir ulgurji mol olib kelib bozordagilarga o‘tkazib yurardi. Kuchayib qolibdi-da! Qani, ko‘raylik-chi!

— Bu yerlar ovga qulayligini biladi-da! — arz qilishda davom etdi qariya. — Qolaversa, unaqalar bemalol ayollarniyam shu yerga opkelib aysh qilsa, bo‘laveradi. It ham ko‘rmaydi ularni. Ha-a, yana yashirin mollarni saqlashgayam qulay.

— Qani, ichkariga boshlang! — dedi David toqati toq bo‘lib. — Biz ehtiyot shart berkinib turishimiz kerak. Mentlar kelib qolishi mumkin. U so‘takminan kelganda gaplashamiz.

— Bo‘pti, bo‘pti. — qariya bizni hovliga boshladi. — Yuringlar, sizlarni qo‘lbola aroqminan mehmon qilaman… Milisalardan ko‘ngillaring to‘q bo‘lsin. Hammasi yaxshi bo‘ladi…

* * *
— Aroqni qo‘ying, — dedi David torgina, zax hidi anqigan xonaga kirib o‘tirganimizdan so‘ng. — Bizga yaxshisi achchiq qilib choy damlang!

— Mamed amaki tushundi. O‘g‘rilar bilan birinchi kun gaplashmayotganini miyig‘ida jilmayib bir quti quruq choyni choynakchaga solganidan darrov payqadim.

U tez orada kuyib ketgan piyozdog‘ni eslatuvchi chefirni damlab kelib oldimizga qo‘ydi.

— Ichamizmi? — so‘radi David menga ko‘z qisib.

— Men yaxshisi aroq icha qolaman, — dedim burnimni jiyirib. — Bu matohni qanday ichasizlar, sira tushunmayman.

— E, Burgut! — kulib chefirdan piyolani to‘ldirib quydi David. — Buning mazasiga o‘rgansang, aroqni mensimay qo‘yasan. Mayli, qani Mamed og‘a, do‘stimga quying o‘sha qo‘lbola arog‘ingizdan! Qizitaloqlar kelgunicha bir qizishib olaylik!

Arog‘i haqiqatan o‘tkir ekan. Yutimining o‘zi tomoqni shilib olay deydi. Ikki piyolani sipqorganimdan keyin rostakamiga qizishdim.

— Qani, og‘a, uyingizga qancha so‘rayapti o‘sha mishiqi? — so‘radim ro‘paramda boshini eggancha o‘yga tolgan qariyadan.

Mamed og‘a menga javoban qo‘l siltab qo‘ydi.

— Besh yuzgina. — deya oldi zo‘rg‘a.

— Nima?.. Besh yuz?.. Voy paytavaquloq-yey!..

Bu gapdan jazavaga tushib yana bir piyola aroqni sipqordim.

— Mayli, kelishsin! — dedim biroz jahlim bosilgach. — O‘zim gaplashaman ularminan. Faqat siz aralashmaysiz. Nima desam, ma’qullab o‘tiraverasiz.

— Xo‘p, xo‘p! Xudo xayringni bersin, Burgut!

— Iye, meni qayerdan taniysiz?

— Seni tanimay bo‘larkanmi, bolam?.. Menam begona emasman. Ishqilib, omadingni beraversin!

Mamed og‘aning javobi meni yanada ruhlantirib yubordi.

Ha, men o‘g‘rilar olamida tanilib qolganimni tag‘in bir karra his etdim. Buyog‘iga Xudo yor bo‘lsa, mansab olarman va Tolyanning biqinidan joy olarman!..

* * *
Oradan bir soatcha vaqt o‘tib tashqariga mashina kelib to‘xtagani qulog‘imizga chalindi. Shu zahoti David ikkimiz baravar o‘rnimizdan turdik. Men to‘pponchani qo‘limga olib o‘qladim.

— Chiqib qarang! — buyurdim Mamed og‘aga. — Mentlar bo‘lsa, belgi bering!

Mamed og‘a shosha-pisha tashqariga chiqdi-da, darrov qaytib kirdi.

— Anavilar kelishdi! — dedi shivirlab. — Semen keldi. Yonida ikki hamtovog‘iyam borga o‘xshaydi.

— Qarshi oling! — dedim unga. — So‘rashsa, qishloqdan qarindoshlarim kelishgan edi deb ayting.

Mamed og‘a pildiragancha tashqariga chiqib ketdi.

Zum o‘tmay, xonaga pakana, qorin qo‘ygan, o‘ttiz yoshlar oralig‘idagi bir yigit, ketidan uzun bo‘yli ikki bashang kiyingan yigit kirib kelishdi.

Qariya ularni stol arofiga o‘tqazib, menga umidvor tikildi.

— Kimsizlar? — so‘radi Semen bir menga, bir Davidga boqib.

— Bizmi?.. — men Davidga yer ostidan ko‘z qisib qo‘ydim-da, o‘zimni go‘yo qo‘rqayotgandek ko‘rsatib javob qildim. — Qishloqdan keldik, qishloqdan!

— Shunaqami? U holda boshqa xonaga o‘tib turinglar! Bizni qariyaminan gaplashadigan gaplarimiz bor.

— Xabardormiz. — dedi David sal bo‘shashibroq. — Og‘amiz shuning uchun bizniyam guvohlikka chaqirgan edi.

— Ha-a, gap buyoqda degin? — Davidni «sen»lab gavdasini orqaga tashlab yubordi Semen. — Mayli, mayli… O‘lib ketmaysanlarmi o‘tirib… Xo‘sh, qariya, o‘ylab ko‘rdingizmi?..

— O‘ylab ko‘rdilar, — gapni ilib ketdim. — Lekin… Akalar… Sal kamroqmi deymiz-da!.. Harqalay, sizday boyvachcha, qo‘lini qayerga uzatsa yetadigan odam tag‘in besh yuz qo‘shib yuborsangiz, yomon bo‘lmasdi. Pul qozoningizga bir marta chavli solsangiz, bir dunyo pul suzib olasiz.

— Senga kim qo‘yibdi menga aql o‘rgatishni? — tutoqib ketdi Semen.

— Aql o‘rgatmoqchi emasman. — dedim yanada bo‘shashibroq. — Besh yuz qo‘shsangiz, tag‘in bitta uyimiz bor. Uniyam sotib yuborardik. Ochig‘i, pul judayam zarur edi-da!.. Bu uy ham shu yaqin orada. Ziyon ko‘rmaysiz. Suvga yaqin, ov qilsangiz ham, dam olmoqchi bo‘lsangiz ham maza qilasiz.

Bu gapimni eshitib Semen hushyor tortdi.

— Uyning egasi kim? — so‘radi u. — Kim deyapman?

— Singlimiz yashaydi. — dedim xotirjamlik bilan. — Agar savdomiz pishsa, og‘aynim g‘izillab chaqirib kelardi.

— Bo‘lmaydi, — gapni kalta qildi Semen. — Besh yuzdan bir tiyin ham ortiq bermayman. Xohlasang, chaqirtirib kel! Bo‘lmasa, savdoga aralashmasdan «qisib» o‘tir!..

Xojasining bu haqoratli so‘zini eshitgan yigitlar piq etib kulib yuborishdi.

Endi asosiy «ish»ga o‘tmasam bo‘lmasdi. Iloji boricha o‘zimni bosib bir qariyaga, bir Davidga qarab oldim. Aftidan David ham haqoratga chiday olmayotgan, mushtlarini tugib qo‘yayotgandi.

— Sen hezalak, mening kimligimni bilasanmi? — o‘rnimdan turib Semen tomon egilgancha shivirladim. — Nega tumtayib qolding? Yo ammangning sigiri chala tug‘ib qo‘ydimi?

Bunday keskin muomalani kutmagan Semen ham o‘rnidan turib menga musht o‘qtalish ilinjida qo‘lini ko‘tardi.

— Men Burgutman! — dedim ovozimni balandlatib. — Eshitganmisan?

Shu ondayoq u tosh qotdi. Hozirgina masxaraomuz tirjayish bilan band bo‘lgan ikki yigit o‘zini orqaga oldi.

— Xo‘sh, nega indamaysan? — so‘radim dag‘dag‘a aralash. — Taniysanmi-yo‘qmi?

— T-taniyman. — dedi Semen.

Uning titray boshlagani shundoq sezilib qoldi.

— Kechiring, — davom etdi u yalingan ohangda. — Men bilmay qoldim. Uzr!..

— Yo‘q, poyezd allaqachon ketib bo‘ldi! — dedim qaytadan joyimga cho‘karkanman. — Menday akangni ranjitib qo‘yding, bola! Atay past kelayotgandim. Seni tekshirib ko‘rmoqchiydim. Shaltoqligingni oshkor qip qo‘yding.

Semen indamasdi. Boshini eggancha, xuddi tagini ho‘l qilib qo‘ygan bola kabi tek qotib turardi.

— O‘tir! Endigi suhbatimiz boshqacha bo‘ladi. — o‘dag‘aylashda davom etdim. — Xo‘sh, tayyormisan?

Semen boshi bilan ma’qul ishorasini berdi.

— Unda eshit, sening qariyaga beradiganing bir chelak tezakkayam arzimaydi. Shuni bilasan-a?

— M-men… Men…

— Namuncha hajiqizga o‘xshab chaynalasan? — o‘shqirdim unga. — Mundoq erkakchasiga gapirishni bilasanmi o‘zi?

— Axir… Kelishgandik, aka!..

— Manqalik qilma, yigit! — dedim Semenning ortida qimtinibgina turgan ikki yigitga o‘qrayib. — O‘zing tagingni shilta qildingmi, o‘zing tozala!.. Aytgancha, Mamed og‘a, bular qanaqa mashinada kelishdi?

— «Volga»da! — hovliqib javob qildi qariya.

— O‘, mashinaning xo‘rozi senda ekan-ku-a?.. Qara, shunday mashinalarni minib yurasan-u, besh yuz qo‘sh deganimiz uchun nafasingni ichingga tortasanmi?..

Shu lahzada David sekin Semenning tepasiga kelib musht o‘qtaldi.

— E, yo‘-o‘q! — uni to‘xtatdim va bilagidan tutib ortga surdim. — Bu nima qilganing, og‘ayni? Zoti baland odamlarga qo‘l ko‘tarib bo‘lmaydi. Gunoh bo‘ladi-ya!.. Semen aqli butun bolaga o‘xshaydi.

— E, urdim o‘sha zotigayam! — baqirdi David xezlanib. — Qarang, kekkayishi olamni buzyapti!..

— Mayli, mayli, hozir tinchlanadi. — hamrohimni tinchlantirgan bo‘ldim. — Qizishib ketdi yigitning guli, qizishib ketdi!..

— Bo‘pti, qo‘shsam qo‘sharman! — dedi Semen norozi qo‘l siltab. — Bo‘ldimi?..

— Iye, hali menga zardayam qilasanmi? — uning iyagini mahkam qisdim. — Sen xunasa, aslida mening oyog‘imga paytava bo‘lishgayam arzimaysan.

— Ortiq qo‘sholmayman. — dedi Semen negadir dadillanib.

— Shunaqami? David, eshitdingmi, og‘ayni, gapini?

David bosh irg‘adi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (24-qism)