Kecha koʻrgan yomon tushim koʻnglimga gʻulgʻula solib qoʻydi. Tush koʻrmay men oʻlay!
Qorongʻi bir hujrada enam tinmay yigʻlab oʻtirganmish… “Ha, ena, nega yigʻlaysiz? Biror yeringiz ogʻriyaptimi?” desam, “Jonim ogʻriyapti, bolam, jigarim ogʻriyapti. Dilingni ogʻritgan kishidan ogʻrinyapman!” dermish. Tavba, kim ham mening dilimni ogʻritardi? Qayoqdagi narsalar kiradi-ya, tushga?!
Ayol kishining tushi teskari keladi, deyishadi-ku! Ilohim, shunday boʻlsin-da. Tushimning taʼbiri bilan boʻlib, doimgidan kechroq uygʻondim. Xoʻjayinimning qovogʻidan qor yogʻyapti. Bir balo boʻlganga oʻxshaydi. Gapirgisi ham yoʻq. Nonushta ham qilmadi. Darvozani sharaqlatib yopgani yuzimga bir tarsaki tushirgandek boʻldi. Besh daqiqalik uyquni afzal bilganim uchun oʻzimni-oʻzim koyidim.
Turmush oʻrtogʻim bilan yaxshi koʻrishib turmush qurganmiz. Shu paytgacha oramizdan ola mushuk oʻtmagan, sen-menga bormaganmiz. Bugungi zardalari nimadan ekanini bilolmay, xunobim oshdi. Soʻray desam, avzoyidan ot hurkadi, soʻramay desam, ichim qizib ketyapti…
Axiyri bir jinoyat qilishga qaror qildim. Yozuv stolidagi kundalikni olib, oshxona tomonga chiqdim. Ikkimiz ham kundalik tutamiz. Bir-birimizga aytolmaydigan gaplarni ham shu kundalikka yozamiz. Olib oʻqishimni bilgan, shekilli, berkitmasdan ketibdi.
Oxirgi yozganlarini ochdim…
16 avgust 1969 yil
«Kecha yozishga qoʻlim bormadi. Ishongan insonimning oʻtmishi haqida eshitib, butun hayotim chilparchin boʻldi! Hatto farzandlarim ham koʻzimga koʻrinmayapti. Birov tutgan bilaklarni begona koʻzdan qizgʻanganmidim hali? Mung toʻla koʻzlaringga ishonganmidim hali? Bugun hammasi tamom boʻldi! Undan bu haqda soʻrash tugul, nobakor qiyofasinida koʻrishga toqatim yoʻq… Eh, Sanam, shuncha tomoshalar koʻrsatib, meni qanday tuzogʻingga tushirding? Bekorga umringni salomatlikka bagʻishlabsan. Sendan ajoyib morboz chiqar ekan!
Kecha qishloqdoshing Abdusamatni koʻrgandim. Oʻtgan-ketgan voqealardan gurung berayotib, sen haqingda shunaqa bir gap aytdiki… Toʻpponcham boʻlsayu peshonamga qoʻrgʻoshin joylab qoʻysam. Oʻqishga kelmasingdan oldin boshqa bilan turmush qurganing, toʻy kuni qochib ketganing, qarindoshlaringning sendan yuz oʻgirgani haqida nega men hammadan keyin bilishim kerak? Bu kirdikorlaringning tagida nima bor? Meni arosatda qoldirding, Sanam! Uydan ketdim. Qachon oʻzimga kelsam, qaytarman! Izlama!..»
Tushimda enamning yigʻlagani bejizga emas ekan-da. Ayol kishining tushi teskari keladi, deb kim aytgan boʻlsa ham bekorlarning oʻn beshtasini aytibdi. Ohimdan olovim chiqib, nima qilarimni bilmay qoldim. Kundalikning oʻsha betlarini yirtib tashlagim keldi. Nega endi menga emas, allaqayoqdagi bir kimsaga ishongani alam qilib ketdi.
Men ham bor alamimni yozuvdan oldim.
17 avgust 1969 yil
“Bizning qishloqda oʻqigan qizlarni «yomon qiz”ga chiqarishardi. Qancha institutga topshirishga harakat qilmay, ota-onam, qarindoshlarimning qarshiligiga uchrardim. Taqiqlar qancha koʻpaysa, ishtiyoqim shuncha ortardi. Uyimdagilardan berkitib, pochta orqali Buxoro tibbiyot institutiga hujjat topshirdim. Imtihonga chaqiriq xati keldi. Bundan xabar topgan ota-onam meni zudlik bilan qishlogʻimizdagi bir yigitga unashtirib qoʻyishdi. Uning ismini bilardim, xolos. Hatto qanday yigitligini ham bilmasdim. Maqsadlarim yoʻlida gʻov boʻlgan bunday inson bilan taqdirimni bogʻlashga ikki dunyoda ham rozi boʻlmayman, dedim. Oʻsha kunlari koʻchaga chiqishimni ham taqiqlab qoʻyishdi. Yagona chora — uydan qochish. Bir tunda bisotimdagi hamma kitoblarni jomadonimga joylab, yayov yoʻlga tushdim. Na itdan qoʻrqibman, na sharpadan! Fikru yodim faqat shu qishloqdan ketish edi. Tong otib boraverdi, men ketib boraverdim. Buxorogacha uzoq yurdim. Taqdirimdan qochdimmi, taqdir mendan qochdimi, xullas, hammasiga koʻz yumib shaharga keldim. Bu orada imtihonlarni aʼloga toshirib, Buxoro tibbiyot institutining bolalar jarrohligi yoʻnalishiga qabul qilindim. U davrlar bir ajoyib edi-da, yotoqxonadagi talabalar bilan aka-uka, opa-singildek boʻlib yashardik.
Sizni oʻsha yotoqxonada uchratganman. Ota-onasidan oʻqishni deb kechib kelgan koʻngli nimta bir qizning tuygʻulari sizni qiziqtirmagandir, ehtimol. Lekin men baxtning kaliti bitta emasligini tushungandim. Namunali oʻqishingiz bilan boshqa talabalar ichida ajralib turardingiz. Ikkinchi kursda paxta yigʻim-terimiga borganimiz sira yodimdan koʻtarilmaydi. Turmush qurishimizni paxta egatlarida aytgansiz… Nimagadir toʻyib-toʻyib yigʻlaganman. Ota-onamning oq fotihasini olmay qanday baxtli boʻlish haqida oʻylagan boʻlsam kerak. “Siz haqingizda hammasini bilaman. Hali yaxshi kunlarimiz koʻp boʻladi”, deganingizda boshimdagi savdolardan xabaringiz bor ekan, deb oʻylaganman. Mard boʻlib qishlogʻimga olib borgandingiz. Otam otdan yiqilib halok boʻlgan ekan. Onam bechora bir burda boʻlib qolibdi. Koʻrib tutdek toʻkildim. Fikrimdan qaytmoqchi ham boʻldim, lekin siz va onam bunga rozi boʻlmadingizlar. Vaqt otam oldidagi farzandlik burchimni bajarishdek dardning davosini topdi va men oʻzimda yangidan kuch topdim…
Toʻyimiz oʻtgach, onamni ham olib ketishingizni aytganingizda sizni tanlab adashmaganligimni yanada yaxshiroq anglaganman. Bundan yaxshi inson boʻlishi mumkin emas dunyoda, deganman. Soʻzingizda turdingiz. Keyinchalik onam biz bilan yashadi. Toʻgʻri, bu orada sizning oilangiz bilan ham biroz koʻngilsizliklar boʻldi, biroq siz hammasiga chora topdingiz, mening uchun oilamiz baxti uchun kurashdingiz. Birin-ketin farzandlarimiz tugʻildi. Hayotimdan hech nolimadim. Boʻlib oʻtgan alamli kunlarim tarixga aylandi, deb oʻylagandim. Qorlar yogʻdi, izlar bosildi, deb oʻylagandim. Shuni pok vijdonim bilan ayta olamanki, taqdirim ham, tan mahramim ham faqat sizsiz!
Yillar menga boʻlgan ishonchingizni toblamabdi-da! Fitnaning urugʻi hech qurimas ekan-da! Oʻsha men unashtirilgan kaltabinning ismi Abdusamat edi. Hoynahoy, qismat uni menga emas, sizga duchor qilganga oʻxshaydi. Aslida, siz emas, men xafa boʻlishim kerak. Xavotir olmang, sizni izlamayman! Sizga quyib qoʻygandek oʻxshaydigan toʻrt oʻgʻlimizni yaxshi tarbiyalayman. Sogʻinsam, ular bilan suhbatlashaman, kuyinsam, ular bilan dardlashaman. Lekin shuni aniq bilamanki, bugun uyga qaytasiz…»
Kundalikni yozib tugatmasimdan darvoza sharaqlab ochildi.
— Sanam-m-m!!! Qanisan? Bolalar qani? Bugun toʻyimiz boʻlganiga oʻn besh yil boʻlibdi. Bir bayram qilaylik! Dasturxon tuza…
— Xudoga shukr! Oxiri hamisha xayrli boʻlsin!
Yulduz ISOQOVA
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”