Sergio Aguero: Julian Alvarez Barselona uchun ideal variant

Manchester Siti afsonasi Sergio Aguero o‘z vatandoshi Julian Alvarezning yozgi transfer oynasida Barselona safiga o‘tishi mumkinligini taxmin qildi. Sobiq hujumchi Atletiko Madrid yulduzi Kataloniya klubida Robert Lewandowski o‘rnini bosish uchun zarur bo‘lgan taktik aqlni va himoyadagi mehnatsevarlikni o‘zida mujassam etgan deb hisoblaydi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Alvarez ayni damda Yevropaning yetakchi klublari, jumladan Arsenal e’tiborida turibdi. Biroq, Barselona rahbariyati shartnomasi yakunlanib borayotgan Lewandowski o‘rniga aynan argentinalik hujumchini asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Aguero o‘z intervyusida Julianning har qanday jamoa uchun foydali xarid bo‘lishini ta’kidladi.
Aguero hujumchining nafaqat gollar urishi, balki himoyadagi faolligi bilan ham ajralib turishini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Alvarez zamonaviy hujumchilarda kam uchraydigan fidoyilikka ega va Barselona o‘yin uslubiga mukammal mos tushadi.
Hozirgi kunda Atletiko safida 106 ta o‘yinda 49 ta gol va 17 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan Alvarezning transferi Barselona uchun moliyaviy jihatdan murakkab bo‘lishi mumkin. Diego Simeone o‘z yetakchisini qo‘yib yuborishi uchun klub kamida 100 million yevrodan ortiq mablag‘ taklif qilishi talab etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!