Onam Rossiyada tugʻilib oʻsgan boʻlsa-da, oʻzbek yigiti bilan tanishib qolib turmush qurishgan. Men besh yoshga toʻlganimda otam oʻz yurtiga oilasini olib qaytishga qaror qiladi. Oilada toʻrt farzand – opam va ikkita ukam bilan bolalikning begʻubor, zamonning ogʻir damlarini kemtik koʻngil bilan birga kechirdik. Sababi, onam otamni deb Oʻzbekistonga kelganiga qaramay, onam bilan ajrashdi.
Onamning esa bu yurtda bizdan boshqa hech kimi yoʻq edi. Onam yolgʻiz, biz yarim koʻngil boʻlib ulgʻaydik. Maktabni tamomlagach Qarshi shahridagi pedogogika texnikumning tarbiyachilik yoʻnalishiga oʻqishga kirdim. Ammo otam bizni tashlab qoʻyganligi bois iqtisodiy jihatdan qiynalib oʻqishni tamomlay olmadim. Onam roʻzgʻorning yukini bir oʻzi tortishga qiynalib, biz qizlarni 17 yoshdan turmushga berishga majbur boʻldi. Olam-olam orzular bilan kelgan ostonamdan, afsuski, roʻshnolik koʻrmadim.
Turmush oʻrtogʻim badjahl, zolim inson boʻlib chiqdi. Biror ogʻiz shirin soʻz aytmas, kichik bir xatolik oʻtsa-oʻtmasa bahona topib gavronini koʻtarib turardi. Bir safar homilador holimga qaramasdan “yur, uyingga olib boraman”, deb aldab, choʻl-adirlikka olib borib oʻldirmoqchi ham boʻldi. Jonim tosh ekan, barzangidek qoʻlida boʻgʻilsamda omon qoldim. Hech bir banda mendek xorlik koʻrmasin. Erimdan qancha zada boʻlmay, oʻzim otasiz oʻsganligim bois farzandlarimni ota mehridan ayrgim kelmay, barcha qiynoqlarga chidab yashadim. Ming afsus oʻsha kunlarimga...
Aziz opa-singillar, turmushga chiqar boʻlsangiz yoki qiz chiqarar boʻlsangiz surishtirib, feʼl-atvorini bilib keyin bir qarorga keling. Chunki shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan qaror butun umringizni azoblar iskanjasida oʻtkazishga sabab boʻlarkan.
Toʻrt farzandni dunyoga keltirib ham ayollik baxtini his etmadim. Turmushga chiqqanimda qoʻlimda tayinli kasb-hunarim boʻlmagani uchun farrosh boʻlib ishladim. Bolalarimni halol yedirib-ichirdim. Birovdan kam qilmaslikka harakat qildim.
Oʻzim turmushning mushtlarida ezilganim yetmagandek katta farzandim ikki nafar farzandi bilan birinchi turmishidan yalchimadi. Yana bir farzandim Toshkentdagi oliy oʻquv yurtlaridan biriga kirib, ne-ne orzu-umidlar bilan oʻqidi.
Oʻqishni tamaomlab, ishlab roʻzgʻorimizga roʻshnolik olib kirishni istardi. Ammo tamomlashiga bir yil qolganda sogʻligini yoʻqotib qaytib keldi. Uning dardini oʻylab ming oʻlib-tirildim. Dardini bergan Egam shifosini ham berar ekan, bolam tuzalib ketdi. Oradan yillar oʻtar, ammo oilamdagi janjallar, erimning zugʻumlari barham topmasdi.
Farzandlarimning orasida oʻzgacha mehr qoʻygan bolam – Mahkamim bugun oramizda yoʻq. Texnikumni tugatganidan soʻng yigitlik burchini oʻtab qaytgan oʻgʻlim 25 yoshida mudhish ishga qoʻl urdi. Mahkam ham oilamizdagi har kungi janjallardan bezib ketgandi.
Kunlarning birida otasi bilan aytishib qoldi. Dahanaki jang mushtlashuvga aylandi. Oxir-oqibat... oʻgʻil oʻz otasining oʻlimiga sababchi boʻldi. Jahl chiqqanda aql ketar deganlaridek, qilayotgan ishing oqibatini oʻylamay oʻzini idora qilolmagan oʻgʻlim padarkushga aylandi.
Avval tergov, keyin sud... Oʻgʻlimni uzoq yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. Ming qilsa-da, farzand ekan. Panjarali mashina olib ketishayotganda, dod solib, yerga yiqilib qoldim. Qanday uyga olib ketishganini bilmayman.
Garchi oʻz otasiga tigʻ koʻtargan boʻlsa ham, jinoyatchi, qotil boʻlsa ham, bir kuni qaytib kelar, mushtipar onasini oʻzi tepkilab-tepkilab tuproqqa topshirar, degan ilinjda kun sanab yurardim. Ammo, oʻgʻlimni ozodlikda koʻrish nasib qilmagan ekan. Jazoni oʻtash muddatiga toʻqqiz yil toʻlganda qamoqda jon berdi, bolam. Qamoqxona azoblariga chidolmadimi yo vijdon azobigami, bilmadim. Hayotga kelib mehr oʻrniga qahrni his etib ulgʻaygan bolam gul umrini goʻshangada emas, zax turmada oʻtkazdi. Baridan oʻlib qutildi.
Onani yaratmasin ekan. Ayol boʻlib chekkan uqubatlarim bu kuyukning, farzand dogʻining oldida hech ne boʻlmay qoldi. Balki mendan xato oʻtgandir, qatʼiyat yetishmagandir. Vaqtida shu inson bilan turmush yoʻllarimizni ayro qilganimda shu ishlar boʻlmasmidi?! Umrim gʻurbatda oʻtmasmidi?! Bolam padarkush boʻlmasmidi?! Azizlar hech kimning taqdiri mening taqdirimga oʻxshamasin. Hech bir ayol men kabi baxti qaro boʻlmasin.
Galina Xabirova, Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumani
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?