Janubiy Amerikada Jahon chempionati-2026 saralash bosqichi qizg‘in pallaga kirdi. 17-tur doirasida o‘tkazilgan bahslarda mintaqaning yetakchi jamoalari o‘z kuchini namoyish etib, muxlislar kutganidek yirik hisobda g‘alaba qozonishdi.
Avvalo, Argentina terma jamoasi yana bir bor o‘z "klass"ini ko‘rsatdi. Bosh murabbiy Lionel Skaloni shogirdlari o‘z maydonida Venesuela bilan kuch sinashib, 3:0 hisobidagi ishonchli natijani qayd etdi. Bellashuvda Lionel Messi ikki bor (39 va 80-daqiqalarda) raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Shuningdek, Lautaro Martines 76-daqiqada jamoasi hisobini yanada oshirib, muxlislarni xursand qildi.
Argentina – Venesuela 3:0
Gollar: Messi 39, 80, Lautaro Martines 76
Argentina — Martines, Molina (Simeone, 81), Romero, Otamendi, Talyafiko, de Paul, Paredes (Palasios, 74), Mastantuono (Gonsales, 63), Almada (Pas, 81), Messi, Alvares (Martines, 74).
Venesuela — Romo, Aramburu, Ferrarerzi, Anxel, Makun, Navarro, Bello (Murillo, 81), Rinkon, Kasseres, Savarino (Flores, 67), Rondon (J.Martines, 56).
Urugvay ham o‘z muxlislari oldida Peruga qarshi juda ishonchli o‘yin namoyish etdi. Bahsda Agirre (14-daqiqa), Jorje de Arraskayeta (58-daqiqa) va Vinyas (80-daqiqa) kiritgan gollar hisobiga 3:0 hisobidagi yirik g‘alaba qayd etildi.
Urugvay – Peru 3:0
Gollar: Agirre 14, Arraskayeta 58, Vinyas 80
Kolumbiya terma jamoasi esa Boliviya ustidan ustunlik qildi. Bellashuvda jamoa yetakchilari Rodriges (31-daqiqa), Kordoba (74-daqiqa) va Kintero (83-daqiqa) o‘z nomlarini tabloga yozdirib, 3:0 hisobidagi natijaga erishishdi. Bu g‘alaba orqali kolumbiyaliklar ham saralashda muhim ochkolarni qo‘lga kiritishdi.
Kolumbiya – Boliviya 3:0
Gollar: Rodriges 31, Kordoba 74, Kintero 83
Paragvay va Ekvador o‘rtasidagi bellashuv esa intizor qilingan gollarsiz o‘tdi. Raqobat kuchli bo‘lishiga qaramay, har ikki jamoa darvozabonlari ishonchli harakat qilib, o‘yin 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Paragvay – Ekvador 0:0
Kunning eng ko‘zga ko‘ringan uchrashuvlaridan biri Braziliya va Chili o‘rtasida bo‘ldi. “Selesao” bu safar ham muxlislarini xursand qildi. Yosh va shijoatli Estevao 38-daqiqada hisobni ochdi. Keyinchalik Paketa (72-daqiqa) va Gimarayesh (78-daqiqa) raqib darvozasini ishg‘ol etib, 3:0 hisobini ta’minlashdi.
Shu tariqa, Janubiy Amerikadagi yetakchi terma jamoalar tur doirasida o‘z imkoniyatlarini ishonchli tasdiqlab, keyingi bosqichlarga yanada kuchli ruhda tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Muxlislar esa navbatdagi uchrashuvlarda ham shunday shiddatli va golli bahslarni kutishlari tabiiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!