— Pulda, pul… — boshini ushlab uh tortdi Nabi Musayevich. Nozima indamadi, oshxonaga yurdi. Ortidan qaynotasining:
— Yosh emas, qirqqa borib qolayotgan kap-katta odamlar oʻyin oʻynashadi-ya, sadqai odam ketlaring, — degan luqmasini eshitdi.
Nozima dasturxon tuzab, chuchvara suzdi, choy damladi, uyni epaqaga keltirishni boshlar ekan oromkursida boshini changallab oʻtirgan qaynotasiga eshitarli qilib:
— Dada, ovqat tayyor, — dedi.
U uyni oʻz holiga keltirib, Nabi Musayevichning oyoq kiyimlarigacha tozalab, ketishga chogʻlanganda ham oqshom choʻkib, tarzi buzuq havodan qorongʻilikka choʻmgan xonada qaynotasi oʻsha alfozda oʻtirganini koʻrdi.
— Men ketyapman, dada, — dedi, — xayr, ertalab kelaman.
— Nonushtaga ovora boʻlmang, qizim, shu ovqat yetadi, — dedi Nabi Musayevich.
Nozima tashqari chiqqanda havo sovuq, qor uchqunlay boshladi. U Zebonikiga shoshildi. Yetib kelganda, qor toʻxtadi. Qor yogʻib-yoqqisi kelmayotgan edi. Ichkariga shitob bilan kirarkan, xayolida xuddi Mansurjon kelib kutib oʻtirganga oʻxshardi. Eshikni ochgan Zeboxondan beixtiyor:
— Hech kim qoʻngʻiroq qilmadimi? — deb soʻradi.
— Yoʻq, oʻzim akamga telefon qildim, — dedi Zebo.
— Nima dedi? — Zeboga qattiq tikildi u.
— Hech kim olmadi. Dadam tuzuklarmi? — soʻradi Zebo.
— Yaxshilar, — dedi Nozima va ust-boshlarini ham yechmay serrayib turib qoldi, xayoliga: “Telefon esiga kelarmidi” degan oʻy keldi va shu zahoti oʻzini koyidi: “Darrov unga ayb qoʻyishni boshlama”, soʻng yechinib shoʻxlik qilayotgan bolalar bilan oʻzini ovutishga tushdi.
Bolalar uxlagach, Zebo ikkovi ovqatlandilar, choy ichdilar. Ismoiljondan darak yoʻq edi.
— Ismoiljon ham kelsa, chuchvara yoyilib ketmay yeb olardi, — ilindi Nozima.
— U kishi uzoqroqka ketganlar, — dedi Zebo. “Xayriyat, u kishi xabar topmagani maʼqul, bemalolroq yotaman” oʻyladi Nozima.
— Dadam nima dedilar? — gap boshladi Zebo.
— Hech nima…
Zebo tushundi, bu haqda boshqa gap qoʻzgʻamadi. Nozima kecha ham mijja qoqmagan edi, uni esnoq tutdi. Zebo unga alohida xonaga joy qilib berdi. Yotishga yotdi-yu, kiprigiga uyqu koʻnmadi. Tun boʻyi bir uxlab, bir choʻchib yumalanib chiqdi. Uygʻonganda adoqsiz oʻylarga chek qoʻya olmay qiynaldi, koʻzi ketganda choʻchidi. Buni u hech qachon oʻzga joyda yotmaganiga, koʻnikmaganiga yoʻydi. Ertalab nosogʻ uygʻondi. Koʻzi ochilgan zahoti yana ming xil xayol girdobida oʻrtanaverdi. Kaniza bilan shirin toʻshak suhbatini qurib, uni mutlaqo unutgan Mansur akasi koʻzi oldidan ketmadi. Uning toshu-torozi pallalari u yon-bu yon bosilaverib, toʻlib toshib ketdi: “Uni bevafo deyish mumkinmi? Yoʻq. U hozir nima kilyapti?.. Kechasi nima-lar^boʻldi?.. Bundan keyin nimalar boʻladi?”
Oʻrnidan inqillab, goʻyo haftalab yotgan bemorday turdi. Bet-qoʻlini yuvish uchun kirganda oynaga karab, butunlay oʻziga oʻxshamay qolganini sezdi. Yuzlari salqi, rangpar, koʻz osti doʻmpayib shishgan, peshonasiga ajin tushib qolganga oʻxshadi. Oyoqlarida mador yoʻq, ilojsiz stulchaga choʻkdi, uzoq oʻtirdi. Balki, tashqari chiqsam gʻovlab turgan boshim yozilar, tanamga quvvat kirar, degan umidda bet-qoʻlini chayib chiqdi. Yeru tomlarni barradek qoplab olgan oppoq qor koʻzlarini qamashtirdi, andak boʻlsa-da, miskin koʻngliga yorugʻlik soldi. «Bor-ye, osmon qulab yerga tushmaydimi? Bittagina bechora boshi bir kavakka sigʻib qolar. Mansurni, uy-joyu molu mulkini, e-e, butun boshli dunyoni bogʻlab beribdimi, hammasi oʻtkinchi, bu dunyo kimga vafo qilibdiki, u quruq qolgan boʻlsa? Birga oʻqiganman, yoshim teng, sen qoloq eding demadi, itdek xizmatini qildi. Yalinib ham tekkani yoʻq edi. Togʻasi, oʻsha oʻzi boqqan togʻasi oʻgʻliga qilmoqchi edi, shu Mansurni deb, unga unamadi. Mana ular begona, guruhida zoʻr-zoʻr yigitlar yoʻq emasdi. Nabi Musayevich sabab boʻldimi, Mansurning etagini tutdi. Aynisa, ana katta yoʻl, zori bor, zoʻri yoʻq.
Toʻgʻrisidagi kuchuk katagi oldida ikki chumchuq bolasi biram inoq u yon-bu yon sakrab, bir-birlariga suykalishib, pirr-pirr uchar, qor bosgan yerga, katak panjarasiga qoʻnishib orqavorot don qidirishardi. Kuchuk titraganday toʻplanib olgan. Och qargʻa qagʻillaydi. Nozima shunda sovuq oʻtib junjukkanini sezdi. “Uyda, tashqarida nimalar qolgan esa, kran ham oʻralgan emas edi…”
U ichkari kirdi. Nonushtaga taklif qilgan Zebo:
— Akamning qoʻlidagi telefoni ham ishlamayapti, “xizmat doirasidan tashqarida” deyapti, — dedi sekingina.
— Akangiz yangi kelinayangizni qudugʻiga tushib ketdi, shekilli?
Zebo yerga qaradi. Nozima “ishtaham yoʻq” deb xonasiga oʻtib ketdi, kirib ketayotib “telefon qilmang” dedi.
Oradan toʻrt kun oʻtdi. Mansur tomondan na qoʻngʻiroq, na biror xabar boʻlmadi. Nozima bir tishlamgina boʻlib, soʻlib qoldi. Qaynotasinikiga iloj qilib qatnab turdi. Yoʻl-yoʻlakay Zebonikiga ul-bul xarid qilar, sumkasidagi pul ham tugab borardi. Qaynotasi ham tund boʻlib oldi. Hozircha aralashmaslikka, kutib turishga qaror qilganini aytdi. Shunday ham ich-etini yeyayotgan Nozimaga gapirmas, ehtiyot qilardi. Zeboning eri uzoq safardan tunda keldi, “Yaxshi, opam shu yerda ekan” deya yana joʻnab ketdi. Hozir Nabi Musayevichga nonushta tash-lab qaytar ekan, Nozima Salimaning yoniga borishni oʻyladi. Nima deb boradi? U necha martalab urgʻu berib, “Oʻzingiz qilyapsiz” deya takror-takror oʻzining boʻyniga qoʻyib qoʻygan boʻlsa? Umuman, unda nima ayb? Nozima oʻzi qoʻymadi. Bu ishdagi uning ulushi “inkubassa”ni gapirgani, shu gapni topib kelgani, xolos. Mayli, Xudo bir yoʻlga boshlar. U Zebonikiga kelib yana koʻrpa-toʻshak qilib yotib oldi.
Soat oʻn birlarda yoniga Zebo kirdi, bir ishxonasidan xabar olish uchun ketayotgani va qizchasi uyda qolayotganini aytdi.
— Tashvish chekmang, — mingʻilladi Nozima.
Zebo toʻppa-toʻgʻri akasinikiga bordi. Darvoza ichkaridan qulf edi. Qoʻngʻiroqni qayta-qayta chalib, kutishga toʻgʻri keldi. Oxiri ichkaridan erkak kishining yoʻtalgani va “hozir” degani eshitildi. Tom va darvoza ayvoni sumalaklaridan oqayotgan suv Zeboning sochi va yelkalarini hoʻl qildi. Darvozani akasi ochdi. U xalatda edi. Ranggi siniqqan, yuzi salqi, boʻyinlari tirishib qolibdi. Indamay Zeboni ichkariga kiritdi. Toʻgʻridagi xonaga olib oʻtdi. Oʻtirib fotiha qilishgach:
— Ha, tinchlikmi? — dedi u.
— Sizda-chi?
— Sal mazam qochgan. Ishga ham bormayapman, — kalovlandi Mansur.
Zebo endi chidamadi, yuragiga tugib kelgan hujumga oʻtdi:
— Aka?! — dedi u koʻzlari chaqnab.
— Bas! — bu soʻzni Mansur shu darajada vajohatli aytdiki, Zebo oʻchdi. — Keldingmi, dardingni ayt, boshqa narsaga toqatim yoʻq, — dedi.
Zebo ancha jim qoldi, soʻng oʻzini bosib:
— Aka, men siz bilan urushgani kelganim yoʻq, — gapni burdi u, — faqat Nozima kelinayam ezilib ketdi-ku, nahot ekan bir telefon yoki…
— Senikidami? — gapni boʻldi Mansur.
— Nima, bilmaysizmi?
— Menga zaharhanda qilma.
— Aka?! Juda shunchalik boʻlsa…
— Oʻzimning dardim oʻzimga yetib turibdi, ikkita magazinni departament bosgan…
— Endi bosishi emas-ku?..
— Toʻgʻri, senikiga borib… — dudugʻlandi Mansur, — undan xabar olishim kerak edi… Hech narsa koʻnglimga sigʻmayapti…
Zebo qor ostida turgan mashinaga qaradi.
— Mashinani olib kirib qoʻymapsiz…
— Aytdim-ku, yurakka hech narsa sigʻmayapti, deb.
— Hech boʻlmasa kelinayamni xabar olib qoʻying, iloji boʻlsa hozir…
Mansur ancha oʻylanib qoldi va oʻrnidan turib katta uyga kirib ketdi. Kirishi bilan Kaniza:
— Ha, elchi yuboribdimi? — dedi, — chidamay qolgandir-da… — ovozini pasaytirdi.
— Men singlimni tashlab kelaman, — dedi koʻzlarini yashirib Mansur.
— Sogʻinib qoldim, koʻrib kelaman, deng. Bormaysiz! Mansur unga hayron tikildi. “Nima bu, buyruqmi yoki istigʻnoli nozmi?” Kanizaning bu gapi ozgina malol keldi, ammo kayfu safo esiga keldi-yu, darhol uni yuvib yubordi.
— Kanizaxon, boshqa ish bor ekan…
— Hozirgacha yoʻq edi. Darrov paydo boʻldi. Mayli boring. Men ham ketaman. Yalinib kelganim yoʻq…
Nima qilishni bilmay hayron boʻlgan Mansur:
— Bunday qilsangiz boʻlmaydi-da…
— Bari gapingiz yolgʻon.
— Quloq soling, Kaniza…
Kaniza yotoqxonaga yugurib kirib ketdi. Oʻzini yigʻishtiriqsiz turgan karavotga otdi, yigʻiga tushdi. Ortidan kirgan Mansur uning sochlarini silab bagʻriga bosdi. U yomon ahvolda qoldi. Hozirdan bunaqa qilsa? Yon bersa tamom, bayrok ketdi deyaver… Hozir shartta turib joʻnasa, Kaniza ketib qolsa-chi? Uni bagʻridan bir daqiqa xam qoʻyib yuborgisi yoʻq. Bormay desa, No-zima-ku, mayli-ya, hozir koʻzining oʻngida emas, singlisiga nima deydi? Singlisi-singlisi, gapiga kirish kerak. Borib biror narsa deb, Nozimani aldab qoʻyar… Boshqa nima iloj bor? Erta-pertaga ishni bahona qilib koʻcha-poʻchaga chiqadi, shunda boradi… “Men hozir” deb tashqari yurdi.
Akasi kirib ketganicha chiqavermadi. Zebo tashqari chikdi. Kran muzlab qolibdi. Oshxonaga kirdi, oshxona pala-partish, tartibsiz boʻlib yotar, anchadan buyon ovqat qilinmagani bilinib turardi. U timirskilanib u yoq-bu yoqqa yurdi, uni-buni koʻrdi, soʻng akasi kirib ketgan tomonga ancha qarab turdi. Tashqaridan qoʻngʻiroq tugmasi bosildi. Borib eshikni ochdi. Qoʻlida oʻrogʻliq karton quticha bilan bir rus yigit turardi.
— Xozyain doma? — dedi u. — Zakazali tabaku? Vot vam schyot, — muhr qoʻyilgan qogʻoz va qutini uzatdi.
Zebo qoʻlidagi narsalar bilan akasi kirib ketgan eshik oldiga bordi va akasini chaqirdi. Mansurjon hayallab chikdi, uning qoʻlidagi narsalarni biroz hijolatomuz oldi va:
— Zebo, sen ketaver, men oʻzim boraman, — dedi, tez burilib kirib ketdi.
Akasi bunaqa emas edi. Zebo, umuman, kelganiga xafa boʻldi. Kelmasa ham boʻlar ekan. U darvoza eshikchasini yopib, yoʻlga tushdi. Eshik “shilq” etib qulflanib qoldi. Ozgina yurib ham ediki, roʻparasidan sovqotib kelayotgan akasining horgʻin yon qoʻshnisini koʻrdi.
— Zeboxon qizim, eson-omon yuribsizmi? — koʻrishdi Salima opa va hol-ahvol soʻradi. — Akangizni koʻrgani kelibsiz-da?
Xayrlashar ekanlar, u toʻxtab:
— Zeboxon, kelinayangiz siznikidami? — soʻradi.
— Ha, — dedi Zebo.
— Qachon kelarkan? Zebo yelkasini qisdi.
— Zeboxon, telefoningiz bormi?
— Bor.
— Telefon qilsam boʻladimi? Nozimaxon shunday koʻzimdan oʻtib…
Zebo sumkasini kavlab telefon raqamini yozib berdi va tayinladi:
— Xola, meni bu yerga kelganimni aytmang…
Zebo uyga kirib kelganda, Nozima Asalini oʻynatib oʻtirardi, Zeboni koʻrib:
-Ha, tinchlikmi, ishxonangizda biron gap boʻptimi? ~ dedi.
— Gʻavgʻosiz joy bormi? — deb qoʻya qoldi Zebo va yechina boshladi. — Qiynamadimi?
— Yoʻq, uyqusi kelib qoldi, endi uxlashga yotadi, a? Zebo bolasini oldi. Nozima tushlik tayyorlashni oʻyladi, oshxonaga yurdi. Shu payt telefon jiringladi, goʻshakni oldi.
— Allo, — dedi Nozima, yuragi tapir-tupir urib, ammo ayol ovoz:
— Allo, Nozimaxon kerak edi, — dedi.
— Salima opa?
— Nozimaxon, bormisiz, egachi? Yaxshimisiz? Oʻsha yerlik boʻlib ketdingiz-mi?
— Ha, endi…
— Bu yoqqa kelmaysizmi?
— Bir-biriga toʻyib olishsin…
— Mansurjon bordimi, xabar olib turibdimi?
— Ha…
— Nima deyapti endi?
— Nima derdi, uni bilasiz-ku, kamgap…
— Ishqilib, mendan xafa boʻlmaysiz-a?
Nozima indamadi. “Endi Salimaning choʻzilishi yetmay turgandi”.
— Nimadan xafa boʻlaman?
— Endida… Mansurjon koʻchaga ham chiqmayapti, shekilli. Bir-ikki kechqurun ishxonasidan kelib ketishdi. Tashqarida turgan edim. Qisqa gaplashishdi. Eshikcha ochiq turgan ekan, kelib qoldingizmi, deb ichkariga moʻralasam, muzika baland, kelinposhsho qarsillatib oʻyin tushib beryapti… Yo tavba, yoqamni ushlabman. Indamay izimga qochib chikdim. Kelmasangiz boʻlmaydi. Nima, bitta yalangayoq bozorchi qanchiqqa hammayoqni boʻshatib ketaverasizmi?
“Muncha laqilladi-ya”, goʻshakni qoʻyib qoʻygisi keldi Nozimaning.
— Innakeyin, — davom etdi Salima — eshityapsizmi?
— Ha.
— Anovining eri keldi bozorga izlab, xali ertalab. Gʻirt qishloqi goʻlaxi ekan. Soqoli oʻsgan, poʻpayka kiyib olibdi. Piyanistaga oʻxshaydi. Muttahamligini koʻring, menga rosa odamlarni ichida topib berasiz deb baqirsa, deng. Boʻlganimcha boʻldim. Uyingizga olib boray dedim, yana shaytonga hay berdim, qoʻy dedim. Ammo topsa ham oʻldiradi, ishonavering, juda avzoyi buzuq. Turqidan odam qoʻrqadigan.
Bu gaplarni eshitib, Nozima biroz tinchlandi. “Har holda bunday battol erkak tek qoʻyib qoʻymas. Bir kelgan yana keladi. Olib ketar axir, ota-onalar xam aralashar”. Darrov tez xulosa qilganiga, xuddi Kaniza hamma yoqni egallab oldi-yu, Mansur akasi koʻndi-yu, Nozima quruq qolgandek oʻy-fikrlardan uyalib ketdi. Tomiriga sal qon yugurgandek boʻldi.
— Nozimaxon, uzilib qolmadimi, eshityapsizmi? — dedi Salima.
— Eshityapman, eshityapman…
— Shunaqa mash-mashalar boʻlib oʻtdi ertalab, deng. Hozir oyogʻimni sudrab uyga keldim, sizga telefon qildim.
— Bu telefonni bilarmidingiz?
— Yozigʻliq edi, endi topdim. Sogʻligʻingiz yaxshimi, ishqilib? Buni ham safari qaridi shekilli. Kelsangiz ham boʻlar endi. Qaynsinglingiz boʻlgani bilan birovni uyi bir ovnikida…
— Ioʻq, yaxshi turibman. Telefon qilganingiz yaxshi boʻldi. Yoʻqlaganingiz uchun rahmat.
— Voy, qiyomatli qoʻshnimiz axir…
— Boʻpti, telefon qilib turing.
Nozima oshxonaga kirdi, choy damladi. Ovqat isitdi. Yana telefon jiringladi. Yana yuragi orzikdi. Goʻshakni Zebo oldi.
— Ha, dada, yaxshimisiz? Uydamisiz? Ishga bordingizmi? Ha, ha. Bolalar yaxshi oʻtirishibdi. Ana, hozir kuxnyadalar. Ha, oʻzim bilaman. Borishmasinmi? Mayli. Yoʻq, yoʻq. Xoʻp, xayr, dada.
— Dadam, — dedi Zebo, oshxonaga kirib kelarkan. — Kechqurun bir joyga borib kelarkan, sizni ovora boʻlishmasin, dedilar. Salom aytishdi.
Zebo kelinayasi telefonda gaplashgandan keyin ancha oʻziga kelib qolganini sezdi. Birga ovqatlanishdi. Tashqarida qor oʻynab maktabdan qaytgan bolalarning ovozi keldi.
Nozima “biroz dam olay” deb xonasiga kirib ketdi, kirib karavotga choʻkar ekan, bir yuragi huvillar, bir hadikka toʻlar, bir yengillar, bir vahimaga toʻlardi. Nahotki, bugun ham xabar olmasa?
— Menga qarang azizam. Bu, hamma narsaga darrov mundoq araz-turaz boʻlmaydi-da, — Mansur muk tushib yotgan Kanizaning orqalari va sochlarini siladi. — Turing, jonim, ana aytganingiz keldi, tabaka oldirdim, issigʻida mazza qilib yeymiz.
U shartta oʻrnidan turdi.
-Kechiring, Mansur aka, unday qilmoqchi emas edim, — dedi jiddiy. — Shunaqa maraz odatim bor, itim kelib qoladi. Oʻsha xotiningizni oʻylasam, xuddi sizdan ajrab qoladiganga oʻxshayman. Yaxshi qilmadim, oʻzim bildim.
— Hechqisi yoʻq. Hali bir-birimizni rosa anglab, bilib olguncha, bu ham tabiiy hol. — Kanizani quchib, yetaklab dasturxonga olib chikdi Mansur.
Kaniza qiyomiga keltirib pishirilgan katta tovuq goʻshtini qaylaga tegizib yerkan, roʻparasidagi suratga tikilaverdi.
— Dadamning yonidagisi oyim rahmatlik, — dedi Mansur choydan hoʻplab.
— Pastdagi-chi? Zaynabning kundoshimi? Men, ammo Zaynab emasman, aytib qoʻyay.
Mansur tushunmadi, Kanizaga iltifot koʻrsatishda davom etdi. Ammo bugun singlisi kelib ketgandagi boʻlib oʻtgan mashmasha, hozir Kaniza kechirim soʻraganini hisobga olganda ham, yana tagʻin shu sabab singlisini, yoʻqlab kelgan bitta-yu bitta singlisini uyiga olib borib koʻymagani, ustiga-ustak toʻrt kundan buyon Nozimadan xabar olishga iymanayotgani barchasi qoʻshilib, Mansurni oʻylashga, hali hozircha kech boʻlmasdan Kanizani oʻz huquk va tartibotlari bilan tanishtirib qoʻyishga, tabiatan shun-cha husn, qaddi-qomat, nozik taʼb, erkak bagʻrida olovdek yonuvchi shijoat, qoʻr va latofat hamda maqbul harakat ato etilganiga qaramay, oʻsgan shart-sharoiti bois qoʻrs, toʻpori, injiq va asov, biroq suyumli mavjudotga taʼlim zarurligiga imon keltirdi.
Tilavoldi Joʻrayev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?