Jeremy Doku: Men instinktga tayanib o‘ynaydigan futbolchiman

Manchester Siti vingeri Jeremy Doku joriy mavsumdagi samarali o‘yini uning uslubi o‘zgargani bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi. Belgiyalik futbolchi Brentford darvozasiga kiritgan golidan so‘ng, o‘zining maydondagi harakatlari hamon instinktga asoslanganini ma’lum qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Pep Guardiola shogirdlari Brentfordga qarshi bahsda 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, Angliya Premer-ligasi peshqadami Arsenal bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartirdi. Uchrashuvda hisobni ochgan Doku raqib himoyasini yorib o‘tishda asosiy figura bo‘ldi.
O‘yin yakunida BBC nashriga bergan intervyusida Doku shunday dedi: "Men instinktga tayanib o‘ynaydigan futbolchiman. Hozircha hammasi yaxshi ketmoqda va gollar kiritmoqdaman. O‘yin uslubimni o‘zgartirganim yo‘q, shunchaki avvalgi harakatlarim endilikda samarali yakunlanmoqda".
Doku, shuningdek, jamoadoshi Omar Marmoushning gol urganidan xursand ekanini bildirib, uning mashg‘ulotlardagi mehnatkashligini alohida qayd etdi. Erling Xoland va Marmoushning gollari Manchester Siti uchun muhim g‘alabani ta’minladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!