Arne Slot Rio Ngumoha almashtirilishi bo‘yicha muxlislar noroziligiga izoh berdi

Liverpul bosh murabbiyi Arne Slot shanba kuni Chelsi bilan kechgan 1:1 hisobidagi durang o‘yindan so‘ng, yosh iqtidor egasi Rio Ngumohani zaxiraga olgani uchun muxlislar tomonidan bildirilgan noroziliklarga javob qaytardi. O‘yinning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan 17 yoshli vinger almashtirilganda, tribunalar norozilik bildirishdi, biroq murabbiy bu qaror majburiy bo‘lganini ta’kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arne Slotning so‘zlariga ko‘ra, Rio Ngumoha ikkinchi bo‘limda jismoniy holati bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan va o‘zi maydonni tark etishni so‘ragan. "U jarohat olmagan, biroq oyoq mushaklarida tortishish kuzatildi. Men u bilan gaplashdim va u o‘yinni davom ettira olmasligini aytdi. Shuning uchun uni almashtirishga majbur bo‘ldim", — dedi niderlandiyalik mutaxassis.
Murabbiy muxlislarning hissiyotlarini tushunishini, biroq jamoa manfaatini o‘ylash kerakligini qo‘shimcha qildi. "Agar muxlislar futbolchining ahvolini bilishmasa, bunday qaror ularga g‘alati tuyulishi tabiiy. Ammo o‘zini 50-60 foiz holatda his qilayotgan va sprint qila olmaydigan futbolchini maydonda qoldirish mantiqsiz edi", — deya tushuntirdi Slot.
O‘yin yakunida Liverpul muxlislari natijadan norozi bo‘lib, jamoani hushtakbozlik bilan kuzatib qo‘yishdi. Arne Slot bu holatni to‘liq tushunishini va Chelsi kabi jamoaga qarshi o‘z uyida durang qayd etish klub darajasiga mos emasligini tan oldi. "Biz har doim g‘alaba uchun maydonga tushamiz va natija kutganimizdek bo‘lmaganda, muxlislar kabi biz ham xafa bo‘lamiz", — deya yakunladi murabbiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!