Zamonaviy aloqa vositalari, jumladan internetdagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining munosabatlari va taraqqiyotning bu mahsulidan foydalanish xususida koʻp gapirildi. Taʼkidlash joizki, mobil aloqa vositalari hayotimizga kirib kelganiga koʻp boʻlgani va ular bilan bogʻliq madaniyat insonlarda shakllanganiga qaramay, hanuz bu borada kishini jiddiy oʻyga toldiradigan salbiy holatlarga duch kelinyapti.
Elimizda, oila tushunchasi muqaddas hisoblanadi. Shu sababdan oilaviy munosabatlarga jiddiy qaraladi. Urf-odatlarimizga koʻra, kelin yoki kuyovlikka nomzodning nasl-nasabi, salomatligi, ijtimoiy ahvoli obdon soʻrab-surishtiriladi. Sovchilik, “Maslahat oshi”, “Unashtiruv”, “Fotiha toʻy” kabi urf-odatlarning zamirida baxtli nikoh, mustahkam oila barpo etish muddaosi yotadi. Afsuski, davrimizga kelib, zamonaviy texnika va axborot vositalari milliy qadriyatlarimizga rahna solyapti.
“Virtual tanishuv”, “Virtual doʻstlik", “Virtual sevgi” kabi ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlar sirasiga “Virtual nikoh” jumlasi ham kirdi. Ha, yanglish oʻqimadingiz, ayni paytda “Virtual nikoh” jumlasi internet foydalanuvchilari orasida yangilik emas. Taassufki, muqaddas nikoh munosabatiga jiddiy qaramaydiganlar ijtimoiy tarmoqlarda “turmush qurib”, “ajrashish”ga ham ulgurishyapti.
Voqea: Oilasi bilan AQSHga ish vajidan ketgan ayol, biroz vaqt oʻtib erini ichkilikka rujuʼ qoʻygani va masʼuliyatsizligini roʻkach qilib ajrashmoqchi boʻldi. Uch farzandi borligini eslatib ayolni yoʻldan qaytarishga uringanlarga, erining bolalari kelajagini roʻkach qildi. Oila parokanda boʻldi. Biroz vaqt oʻtib ayol asli oʻzbekistonlik boʻlgan, Koreada ish vajidan yashaydigan erkak bilan tanishdi. Izoh soʻraganlarga, “Tushkunlikda ezilib yurgan paytlarimda taqdir menga baxtimni yoʻliqtirdi”, dedi. Erkak xotini vafot etib, ikki farzandi bilan qolganini, bolalari Oʻzbekistonda, onasining qaramogʻidaligini aytib ayolni xotirjam qildi.
Bir muddat internetda yozishib, video muloqotlarda gaplashib yurishgach, erkak ayolga turmush qurishni taklif qildi. Nikoh oʻqitib qoʻyishsa, koʻngli xotirjam ishlab, mablagʻ topib AQSHga borishini vaʼda bergan erkakning taklifi ayolga maʼqul tushdi. Skayp orqali nikoh oʻqildi. Bir yil mobaynida “er-xotin” ijtimoiy tarmoqlarda gaplashib yurishdi. Kutilmaganda, erkak Koreaga ishlagani borgan bir oʻzbek ayolga uylanganini aytib, elektron pochta orqali taloq xati yozib yuboribdi. Bunga chidolmagan ayol betob boʻlib yotib qoldi.
Oradan biroz vaqt oʻtib internetda turkiyalik bir erkak bilan tanishgan ayol oʻtmishdagi virtual nikohini unutdi. Turkiyalik oilasidan ajrashganini, ikki farzandi borligi, bir bolasi oʻzi bilan qolganini aytdi. Erkak ayolni avray turib: “Begona ayol bilan erkakning har qanday munosabatlari ham gunoh boʻladi. Siz bilan xotirjam gaplashishim uchun halolim boʻlishingiz kerak”, deb telefonda oʻzlariga oʻzi nikoh oʻqib qoʻya qoldi. Bir haftadan keyin Turkiyadan ayolning AQSHdagi ijara uy manziliga nikoh uzugi solingan joʻnatilma bordi. Bu voqeaga ikki yil boʻldi. Ayol virtual “er”ini hayotda bir marta ham koʻrmagan. Lekin u haqida gapirganida, “Turmush oʻrtogʻim bolalaringga oʻzim otalik qilaman deyaptilar” deb entikib gapiradi...
Mulohaza: Har doim yonida yurib, oʻz pushti kamaridan boʻlgan zurriyotlariga otalik qilolmagan erkakdan kuygan ayol, qaysi aql, qaysi tafakkur bilan hayotda bir bora koʻrmagan, feʼl-atvorini bilmagan yetti yot begona erkak bolalariga otalik qilishiga ishonyapti? Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi, deydilar. Qalb koʻzi soʻqirlar esa hayot yoʻlining har qadamida hassasini yoʻqotaversa ham hushyor tortmaydi...
Xorijda
“Virtual nikoh”lar xususida islom.uz saytida quyidagi mulohazalar keltirilgan:
AQSHda istiqomat qilayotgan Asad Fahuriy va Livanning Tir shahridan boʻlgan uning rafiqasi Xaura Said Skype orqali nikoh oʻqitdi. Nikoh oʻqilishi jarayonini ularning juda koʻp doʻstlari va qarindoshlari guvoh boʻlishdi. Asad va Xauraning voqeasi shunga oʻxshaydigan juda koʻp voqealarning bittasi, xolos. Yoshlar avval tanishadi, soʻng esa, nikohlarini ham internet orqali oʻqitib olishadi. Baʼzilari kambagʻallikdan, baʼzilari esa “beʼmani” urf-odatdan charchaganidan, boshqalari esa oʻzlarini juda zamonaviy qilib koʻrsatish uchun ham shunday qilishadi. Nikohning oson oʻqilishi va ajrashib ketishlar ham oson boʻlishi maʼlum maʼnoda xavotirga sabab boʻlmoqda.
2013 yili Madina shahrining mahkamasi eridan uch marta “taloq” deb aytilgan ovozli xabar olgan ayolning nikohini bekor qildi. Saudiyalikning yengiltakligi sudya Muhammad Jizlaniyni shu darajada gʻazablantirdiki, u nikoh va taloqqa yengiltaklik bilan qaraydiganlar uchun jinoiy ish qoʻzgʻashni talab qildi. Shunday boʻlsa ham, bunga oʻxshab taloq beruvchilar “tasodifan”, bilmasdan bu ishni qilib qoʻydi, deb ayta olmaymiz. Ikki yil oldin Tojikistonda SMS orqali taloq berish juda koʻpayib ketgani bunga misol boʻla oladi. Rossiyada ishlab yurgan tojikistonliklarning soni bir million atrofida ekani aytiladi. Koʻpincha, ishga yaxshi oʻrnashib olgan va topish-tutishi yaxshilangan erkaklar yangi joylardan oʻzlariga osongina juft topib olishmoqda va oldingi xotinlariga SMS yuborib osongina ajrashib ketishmoqda.
Faqat istisno tariqasida
Nikoh oʻqitmoqchi boʻlganlar qanday talablarga rioya qilishlari kerak? Nikoh oʻqitish uchun telefondan foydalangan maʼqulmi yoki Skypedanmi? Guvohlar nikoh oʻqitilayotgan vaqtda kuyovni koʻrishlari shartmi? Va nihoyat, eng muhimi: shariat bunday nikohlarga ruxsat beradimi?
– Islomda “virtual nikohlar” istisno tariqasida hamda baʼzi shartlar bilan joiz, deydi Moskva Islom universitetining Islomiy ilohiyot boʻlimi dekani Muhammad Basir Hasanov. — Nikoh oʻqiyotgan odam, kuyovni shaxsan tanishi yoki u haqida oʻta ishonchli odamlardan bilishi kerak, deydi Olim. Uning soʻziga koʻra, u “internet nikohlar” bilan hali duch kelmagan. Biroq telefon orqali nikohlar oddiy holatga aylandi. Ayniqsa, unga qamoqda boʻlganlar shu masalada koʻp murojaat qilishar ekan, chunki ularda bundan boshqa yoʻl yoʻq. SMS orqali taloq joiz (mumkin) emas, deb qoʻshimcha qiladi Hasanov:
– Chunki, telefoningizni kimdir olib xayoliga kelgan narsalarni yozib, yuborishi ham mumkin-ku! Musulmon ulamolarining bu masala boʻyicha oʻta ehtiyotkorlik bilan yondoshishlarini tushunsa boʻladi. Chunki, begona odam telefon yoki kompyuteringizga egalik qilishidan tashqari, taloqqa tegishli soʻzlarni oʻxshatib yasashi (montaj qilishi) ham mumkin. Zamonaviy texnik vositalarida bu ishni osongina amalga oshirsa boʻladi. Ehtimol, aloqa vositalarining yanada rivojlanishi bilan virtual nikohlar va taloqlarga chek qoʻyilsa kerak...
Aldamchi hayot shirin tuyuladi
Internetda “Virtual nikoh”, “Virtual oila” qurishga ishonadiganlarning ruhiy muammosi borligi aniq. Koʻp hollarda real hayotdan qoʻrqadigan, ruhan yolgʻiz va oʻta irodasiz kishilar bunday soxta munosabatlarga chuv tushishadi. Tushkunlik paytda, ularni yolgʻiz qoldirmagan maʼqul. Chunki shundoq ham ruhiy iskanja holatida boʻlgan insonni virtual munosabatlar real hayotdan uzoqlashtirib, jamiyatdan ajratadi. Muammolarni badtar chigallashtiradi. Tabiiyki, virtual hayotga berilganlarga, boshqalar telbaga qaraganday qarashadi. Oqibatda ruhiy tushkunlikdagi odam yonidagilardan uzoqlashib, virtual “yaqin”iga osongina bogʻlanadi. Virtual munosabatlar inson, ayniqsa, shaxsiy hayotdan omadi chopmagan kishiga taʼsiri oson kechishi sababi shundaki, bu olamda inson oʻzi xohlaganidek yashaydi.
Albatta, aldamchi hayot shirin tuyuladi. Irodasi ojiz kishi virtual munosabatlarga mukkasidan ketadi. Bu – koʻngilga yuk va zarba boʻladi. Shuning uchun ham virtual munosabatlardan uzoqlashgan va bunga jiddiy qaramagan maʼqul. Hayotda har xil holat, vaziyat boʻlishi, inson baʼzan tushkunlikdan qattiq aziyat chekishi, chalgʻish va oʻzini ovutishga biror narsa topishni istashi tabiiy. Shunday holatlarda, ijtimoiy tarmoqlar, virtual tanishuvlardan emas, haqiqiy oʻzingizni oʻrab turgan muhitdan, hayotdan zavq olishga urining. Odamlardan qochib, uzoqlashishni istagan odam esa kitobdan yaqinlik va doʻstlik istagani yaxshi samara beradi.
Tushkunlikda kitob oʻqish — eng foydali mashgʻulot. Birinchidan, fikri yodingizni band qilgan salbiy oʻy-xayollardan chalgʻiysiz. Ikkinchidan, kitob oʻqish mobaynida miya boshqa paytdagidan koʻra faolroq ishlaydi. Balki, mutolaa jarayonida vaziyatdan chiqish yoʻllarini toparsiz. Eng asosiysi, kitob oʻqish ruhiy zoʻriqishni yengishda yordam beradi. Tushkunlik va noxush kayfiyatda iloji boricha internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmagan maʼqul.
Mulohaza: Milliy qadriyatlarimizda, inson oʻz nafsi koʻyida bilganicha yashashga haqli emas. U atrof bilan hisoblashib yashashga majbur. Zero, Islom dinida tanimagan-bilmagan odamga guvohlik berish, yaqin insonlarga maʼlum qilmagan, ota-ona yoki uning oʻrnini bosuvchi kishilarning rozi-rizoligisiz nikoh oʻqitib turmush qurish mumkin emas. Holbuki, nikoh Alloh taolo huzuridagi ahd boʻladi. Bugun bu neʼmatga nisbatan yengil-yelpi qarash, shunchaki ermak qilish Allohga va Uning shariatiga nisbatan hurmatsizlik sanaladi. Hadisi sharifda: “Alloh taoloning bandalariga halol qilib bergan narsalari ichida, Uning gʻazabini, nafratini qoʻzgʻatadigani – taloqdir”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
HIKMAT
“Internet orqali oʻzgalar bilan aloqa qilishda ish aynan internet orqali nikohlanishgacha yetib bormasligi kerak. Baʼzi odamlar turli sabablarga koʻra, telefon yoki internet orqali sharʼiy aqdi nikoh qilishni (bizdagi nikoh oʻqitishni) oʻzlariga ravo koʻrishmoqda. Baʼzilar esa bu ishning shariatda joiz yoki joiz emasligini soʻrashadi. Yana birlari bu ishni amalga oshirganlari haqida xabar berishadi. Ushbu masalada ulamolar orasida ham bir oz ixtilof bor. Ammo koʻpchilik yangi aloqa vositalari, jumladan, internet orqali nikohlanishga ruxsat bermaydi. Ular bunda nikohning shartlari, jumladan guvohlar mavjud boʻlmasligini dalil qilishadi. Yana ham chuqurroq ketganlar esa: “Hamma shartlar mavjud boʻlsa ham mazkur vositalar ila nikoh oʻqitishi durust emas. Chunki bu ish nikohning muqaddasligiga putur yetkazadi”, deydi. Ular Alloh taolo iyjob va qabulni, guvohlar hozir boʻlishini va boshqa shartlarni bejizga joriy qilmagan, deyishadi” (“Ijtimoiy odoblar” kitobi, 259-bet)
Soʻngi soʻz oʻrnida
Inson yolgʻizlikda baxt topmaydi. Haqiqiy halovat va saodat oilaviy munosabatlarning risoladagidek boʻlishida. Shuning uchun momolarimiz nikohdan oldin sovchilik udumiga jiddiy qarashgan. Zamonaviy texnika vositalaridagi tanishuvu muloqotlar asrlar davomida sayqallanib kelayotgan milliy qadriyatlarimizni yemirishga haqli emas. Bu haqiqatga har bir moʻmin banda hurmat bilan amal qilsa, dunyodagi baxtiyor oilalar koʻpayadi, ularning Yaratgan Rabbisi huzurida yuzi yorugʻ boʻladi, inshaalloh.
Umida ADIZOVA tayyorladi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”