Muzday qo‘llar va oftobda isinishga moyillik xavfli darak bo‘lishi mumkin.
Immun tizimi sog‘ligimizga zarar yetkazuvchi tashqi ta’sirlardan himoya qiluvchi barcha organ, to‘qima va hujayralarning yig‘indisidir, u orqali biz immunitetga egamiz.
U har kuni hayot uchun kurashga kirishadi: virus va bakteriyalar hujumini qaytaradi, ichki yallig‘lanishni bartaraf etadi, o‘z xususiyatini yo‘qotgan hujayralarni yo‘q qiladi va shishlar kelib chiqishining oldini oladi.
Faqatgina bularning barchasi immun tizimimiz bexato ishlay olgandagina amalga oshadi.
Immun tizimidagi nosozliklar nimasi bilan xavfli?
Ba’zida immunitet sekinlashib infeksiyalar hujumini yetarli nazorat qilolmaydigan darajada «dangasa» bo‘lib qolishi mumkin. Bu holatda tomoqning oddiy yallig‘lanishidan tortib pnevmoniyagacha bo‘lgan yuqumli kasalliklarga chalinishimiz ehtimoli ortadi va tuzalish ham ko‘p vaqtni oladi.
Ba’zida esa haddan tashqari faol ish jarayonida bo‘lib, viruslar va begona hujayralar bilan birgalikda o‘z organizmimizga ham katta zarba berishi mumkin. Bu holatda autoimmun kasalliklari kelib chiqadi:
- revmatoid artrit;
- tarqoq skleroz;
- seliakiya (glyutenni ko‘tara olmaslik);
- diabet;
- teri sili (volchanka);
- ta’sirchan ichak sindromi;
- qalqonsibon bez kasalliklari (masalan, autoimmun tireoiditi);
- doimiy charchoqlik sindromi.
Bular immunitet kuchayib ketishi sababli yuzaga keladigan kasalliklarning to‘liq ro‘yxati emas.
Nima uchun himoya tizimimizda bunday kamchiliklar kelib chiqishining aniq sababi olimlar tomonidan o‘z yechimini topganicha yo‘q. Lekin immunitet faoliyati buzilganini bildiruvchi simptomlarni ilk bosqichlarda aniqlash imkoniga erishilgan.
Yodda tutish zarurki, bu belgilar aynan immun tizimiga emas, boshqa kasalliklarga tegishli bo‘lishi ham mumkin.
Ikki holatda ham ularga e’tibor qaratamiz.
Immunitet pand berayotganining qanday alomatlari mavjud?
1. Qo‘llarning muntazam sovishi
Qo‘l-oyoqlarda sovuq harorat turli sabablarga ko‘ra vujudga kelishi mumkin. Masalan, chekish. U qon tomirlarida periferik spazmlar keltirib chiqaradi. Lekin qo‘llar muzlashi va immunitet holati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita aloqa bo‘lishi ham ehtimol.
2. Diareya yoki qabziyat (ikki haftadan uzoq davom etishi)
Ichaklar immun tizimining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Shuning uchun unda kelib chiqadigan muammolar ogohlikka chorlaydi. Diareya immun tizimning ingichka ichak shilliq qavati yoki hazm qilish jarayoniga zarar yetkazganidan darak bersa, qabziyatda immunitet ichakning vazifasini sekinlashtirib qo‘ygan deb ayta olamiz.
3. Ko‘z quruqlashishi
Qichishish, qum tiqilganday his, qizarish va ko‘zdagi og‘riq simptomlari turli autoimmun kasalliklarida ko‘p uchraydi.
4. Muntazam kuchsizlik va charchoq
Tun davomida miriqib uxlab ham tongda o‘zingizni horg‘in sezayotgan bo‘lsangiz bu immun tizimingiz haddan tashqari ko‘p kuch bilan ishlayotganidan darak berishi mumkin. Aynan u sizga zarur bo‘lgan quvvatni olib qo‘ygan.
5. Biroz ko‘tarilgan harorat
Agar tana haroratingiz doimiy 37 °S atrofida bo‘lsa, katta ehtimol bilan sizda ham autoimmun kasalliklaridan biri yetishib kelmoqda.
6. Doimiy bosh og‘rig‘i
Ro‘yxatdagi boshqa alomatlar kabi bosh og‘rig‘ining ham o‘nlab kelib chiqish o‘rinlari bor. Uning davomiyligi uzayganda esa autoimmun hujumidan xavfsirashga sabab bor. Chunki immunitet tizimi kasalliklarining bir nechtasida miyaga qon uzatilishi yomonlashadi, noqulaylik va og‘riq hissi kelib chiqadi.
7. Toshma
Teri organizmning himoya qatlamidir, aynan u mikroblarni bartaraf etuvchi birinchi to‘siq hisoblanadi. Teri o‘z ko‘rinishi bilan butun immun tizimi faoliyati sifatini namoyon etishi mumkin. Qichishish, toshma va doimiy takrorlanuvchi yallig‘lanish e’tiborni talab qiladi.
8. Bo‘g‘imlarda og‘riq
O‘ta tajovuzkor immunitet o‘z organlarimizga ham hujum qiladi va buning ilk bosqichlardagi alomati bo‘g‘imlardagi og‘riq bo‘lishi mumkin.
9. Soch to‘kilishi
Zo‘raygan immun tizimi soch ildizlarini ham zararlab, sochlar siyraklashishiga olib keladi.
10. Asoratlar qoldiradigan qaytalanuvchi shamollash
Agar siz antibiotiklar yordamiga bir yilda ikki martadan ko‘p ehtiyoj sezsangiz, immunitetingiz susaygan bo‘lishi mumkin. Yana boshqa ogohlantiruvchi belgilar: qaytalanuvchi gaymorit, frontit, etmodoit, sfenodoit, pnevmoniya.
11. Ultrabinafsha nuriga nisbatan ta’sirchanlik ko‘tarilishi
Bu yil har qachongidan tez rang olganingizni payqadingizmi, demak, buning sababi zararlangan immunitet bo‘lishi mumkin.
12. Uvushish
Qo‘l va oyoqlardagi uvushish uzoq vaqt davomida noto‘g‘ri joylashuv natijasi yoki ba’zi-ba’zida sodir bo‘luvchi jarayon bo‘lsa, siz bilan hammasi risoladagidek. Ammo u va to‘satdan yuzaga keladigan sanchish tez-tez takrorlansa, qon aylanishi hamda asab tizimidagi shikastlanishlarga aloqador immun uzilishlaridan shubha qilish o‘rinli bo‘ladi.
13. Yutinishda qiyinchilikka duch kelish
Tomoqda ovqat yoki suv tiqilishining sabablari ko‘p bo‘lib, ular orasida autoimmun kasalliklari ham mavjud.
14. Besabab ozib yoki semirib ketish
Ovqatlanish va jismoniy harakatlarda deyarli o‘zgarishlarga qo‘l urmagan holda birdaniga vazn tashlash yoki semirish kuzatilishi favqulodda alomatdir. Sabablar orasida qalqonsimon bez faoliyatiga autoimmun kasalliklarining ta’siri, kuchayib borayotgan diabet va organizmning himoya kuchi bartaraf etolmayotgan shish kengayishi mavjud.
15. Teridagi oq dog‘lar
Immun tizimi besabab ravishda terining pigment hujayralari — melanotsitlar bilan kurashga kirishsa, oq dog‘lar yuzaga keladi.
16. Teri rangi va ko‘zning sarg‘ayishi
Sarg‘ishlik immun tizimi jigar faoliyatiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi ortidan kelib chiqishi mumkin. Bu holat autoimmun gepatit deb ataladi.
Ushbu alomatlar kuzatilganda nimalar qilish kerak?
Albatta, terapevt qabulida bo‘ling. Xavfli ko‘ringan barcha alomatlarni bayon eting. Shifokor sizning kasallik tarixingiz va hayot tarzingizdan kelib chiqib, bir necha tahlillar o‘tkazishni tayinlaydi.
Balki sizdagi alomatlar autoimmun kasalliklariga aloqador emasdir, lekin buni faqat malakali shifokor aniqlay oladi.
Tahlillar natijasidan so‘ng terapevt sizga maslahati zarur bo‘lgan immunolog, endokrinolog, dermatolog, revmatolog, gepatolog kabi ixtisoslashtirilgan mutaxassislardan qay biriga uchrashishingiz lozimligini aniqlab beradi. Immun tizimidagi uzilishlar individualdir, shuning uchun ularni davolashda o‘ziga xos yondashgan ma’qul.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?