NASA Yer sharini tahlil qiluvchi sunʼiy intellekt modelini orbitaga chiqardi

Adelaida universiteti va Avstraliyaning SmartSat CRC markazi tadqiqotchilari tarixda ilk bor fazoda geofazoviy sunʼiy intellekt modelini muvaffaqiyatli ishga tushirishdi. NASA va IBM tomonidan yaratilgan Prithvi Geospatial modeli Kanyini sunʼiy yoʻldoshi hamda Xalqaro kosmik stansiyadagi (XKS) IMAGIN-e moduli yordamida sinovdan oʻtkazildi. Ushbu tizim maʼlumotlarni Yerga yubormasdan, bevosita kosmosning oʻzida bulutlar va suv toshqinlarini aniqlash qobiliyatini namoyish etdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Prithvi modeli 13 yillik sunʼiy yoʻldosh kuzatuvlari, jumladan NASAning Landsat va Yevropa kosmik agentligining Sentinel-2 maʼlumotlari asosida oʻqitilgan. Ushbu fundamental model oʻzining ochiq kodli arxitekturasi tufayli tabiiy ofatlarni monitoring qilishdan tortib, qishloq xoʻjaligi hosildorligini baholashgacha boʻlgan keng koʻlamli vazifalarni bajarishga moslashtirilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, anʼanaviy usullarda sunʼiy yoʻldoshlar juda katta hajmdagi maʼlumotlarni Yerga uzatishga majbur boʻlgan, bu esa aloqa kanallarini ortiqcha yuklagan. Prithvi kabi fundamental modellar esa sunʼiy yoʻldoshning oʻzida tahlil oʻtkazish imkonini berib, maʼlumot uzatish talablarini keskin kamaytiradi va tizim moslashuvchanligini oshiradi.
NASA vakili Kevin Myorfi agentlik oʻz sunʼiy intellekt modellarini ochiq manba sifatida taqdim etishdan koʻzlangan asosiy maqsad ilmiy taraqqiyotni tezlashtirish ekanligini taʼkidladi. Kelajakda operatorlar sunʼiy yoʻldoshlar bilan muloqot qilib, ulardan tizim holati yoki kuzatuv maʼlumotlari haqida toʻgʻridan-toʻgʻri soʻrashlari mumkin boʻladi.
NASA kelgusida ushbu texnologiyani yanada rivojlantirishni rejalashtirmoqda. 2025-yilda Quyoshni tadqiq qilish uchun Surya modelini taqdim etgan agentlik, yaqin kelajakda astrofizika, planetologiya va biologiya sohalari uchun ham shunday aqlli tizimlarni yaratish ustida ish olib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!