Ba’zilari shkaf burchagida yotgan bo‘lsa, bir nechtasi ko‘z oldingizda turgan bo‘lishi ham mumkin.
1. Havo spreyi
Nimasi bilan xavfli?
Havo spreylari xonadagi noxush hidlardan xalos bo‘lishga yordam beradi. Ko‘pincha biz ulardan havo aylanmaydigan burchaklar havosini musaffolashtirishda foydalanamiz. Bu juda to‘g‘ri yechim emas. Havo spreylari tarkibida ftalat moddalari bor — xushbo‘ylikning davomiyligini oshirishni ta’minlovchi va moddaga plastiklik xususiyatini beruvchi kimyoviy qo‘shimcha.
Ftalatlarni, shuningdek, tirnoq laklari, kosmetika vositalari, bolalar o‘yinchoqlari va plastiklarda uchratish mumkin. Ko‘p hollarda ishlab chiqaruvchilar ularni ochiq tarzda bayon qilishmaydi va shunchaki «aromatizator» deb yozish bilan cheklanishadi. Shunday qilib, zararli ftalatlar qo‘shilgani qadog‘ida aks ettirilmagan havo spreylarining 14 tadan 12 tasida ularni uchratish mumkin.
Ftalat moddalari organizmdagi gormonlar darajasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi: erkaklarda testosteron tushishiga va reproduktiv salomatlik tizimi ishlashida buzilishlar yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladi.
Spreyni yopiq maydonga sepganingizda uning tomchilari teringizga o‘rnashib qoladi yoki nafas olish bilan ichingizga tushadi. Organizmda esa ular bilan birgalikda xavfli birikmalar tarqaladi.
Nima qilish kerak?
Noxush holatga ko‘z yumish ham maqbul yechim emas. O‘z qo‘lingiz bilan tabiiy mahsulotlardan foydalanib havo spreyi tayyorlashga harakat qiling.
100 ml hajmidagi sprey uchun sizga kerak bo‘ladi:
- 15- 20 tomchi efir moyi, istalgan turini tanlashingiz yoki bir nechtasini aralashtirishingiz mumkin;
- 1 choy qoshiq spirt;
- purkagichli idish;
- distillangan suv.
Idishga efir moyi va spirtni quying, aylanma harakat orqali yaxshilab aralashtiring. Suv quying va idish qopqog‘ini yopib, yetarlicha aralashtiring. Tayyor!
2. Kuyaga qarshi sharchalar
Nimasi bilan xavfli?
Kiyimlar kuya yemasligi uchun shkafga maxsus sharchalar joylashtiriladi. Uning faol moddalari tarkibida naftalin yoki paradixlorbenzol mavjud — nafaqat zararli hasharotlarni, balki insonni halok qiluvchi modda.
Saraton chaqiruvchi deb tan olingan naftalin yoki paradixlorbenzol ta’sirida bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, diareya yoki teri qichishishi kuzatilishi mumkin. Sharchalar ayniqsa yosh bolali xonadonlarda xavfli hisoblanadi, bolalar uni konfet deb o‘ylab og‘izga solishlari ham mumkin.
Nima qilish kerak?
Yaqin kunlarda kiyish ehtimoli kam bo‘lgan libos va kiyimlaringizni germetik (zich yopiladigan) paketlarga soling. Olib qo‘yishdan avval ularni tozalashni ham unutmang.
3. Yog‘och paraxali plitadan (DSP) tayyorlangan mebel
Nimasi bilan xavfli?
Sifatsiz materiallardan tayyorlangan arzon mebel tarkibida formaldegid, ya’ni inson salomatligi uchun tahlikali bo‘lgan zaharlovchi moddalar uchrashi mumkin. Ushbu tarkibga alohida sezuvchanligi bo‘lgan insonlarda ko‘z, burun yoki tomoqda achishish, yo‘tal, ko‘ngil aynishi va teri qichishishi kuzatilishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Mahsulot ishlab chiqaruvchi mamlakatning sifat standartlari bilan tanishib chiqing va sertifikatlarni ahamiyat bilan ko‘zdan kechiring. Tashqi ko‘rinish va uning hidiga e’tibor bering: Burunni achitadigan hidga ega yangi divan yoki stolni sotib olish fikridan, yaxshisi, voz kechgan ma’qul.
4. Kassa cheklari
Nimasi bilan xavfli?
Bizga har bir xaridimizdan so‘ng yoki bankomatdan foydalanishdan keyingi taqdim etiladigan cheklarning katta qismi termoqog‘ozda chop etiladi. Uning tarkibida bisfenol A (BPA) mavjud.
Bisfenol A — kimyoviy modda, u endokrin tizimi, qalqonsimon bez va reproduktiv salomatlik tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
U organizmga teri orqali o‘tishi mumkin, chekni qo‘lga olish jarayonida bundan qochish imkonsiz.
Vaholanki, hozirda ko‘plab mamlakatlar ushbu moddani taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga qo‘shayotgani va ekologlar tavsiyasiga binoan ishlab chiqaruvchilar undan foydalanish ko‘rsatkichlarini minimum darajagacha pasaytirishga harakat qilayotganiga qaramay, bisfenol A plastik idishlar tarkibida saqlanib turibdi.
Nima qilish kerak?
Qog‘oz cheklardan voz keching va oylik xarajatlarni hisoblash bahonasi bilan ularni uyingizda saqlab o‘tirmang. Hozirgi kunda deyarli barcha hisob-kitoblarni smartfon orqali yuritish mumkin.
Bank ilovasini o‘rnating va balansingiz qoldig‘idan onlayn xabardor bo‘ling. Do‘kon va dorixonalar ilovalari ham ommalashmoqda.
Agar sotuvchi ortiqcha to‘lov hisoblab yuborishidan xavotir olsangiz, elektron oynadagi narxlarga diqqatinizni qaratib boring. Mahsulot ustidagi va ekrandagi narx o‘rtasida tafovutni sezsangiz, darhol buni bildiring. Bu chek bilan tekshirishdan ancha oson.
5. Batareykalar
Nimasi bilan xavfli?
Ishlab turgan yangi batareyka va akkumulyatorlar to‘g‘ri foydalanish jarayonida salomatligingizga xavf solmaydi. Gap muddati o‘tganiga ko‘p vaqt bo‘lganlari haqida. Batareyka va akkumulyator tarkibidagi qo‘rg‘oshin va kadmiy elementlari buyrak, jigar va asab tizimiga salbiy ta’sir o‘tkaza oladi. Bundan tashqari kadmiy saraton qo‘zg‘atuvchi deb tan olingan.
Bir burchakda unutib qoldirilganicha yotgan batareyka korroziyaga uchrashi mumkin. Uning tashqi korpusi zararlanadi, toksin moddalar esa havoda tarqaladi.
Nima qilish kerak?
Foydalanilgan batareyka va akkumulyatorlar ishdan chiqqach zudlik bilan utilizatsiyaga topshirilishi kerak. Ularni yillab foydalanmaydigan gadjetlaringiz ichida qoldirmang. Uyingizda kichik tekshiruv o‘tkazing va ishdan chiqqan batareykalarni yaqin hududdagi chiqindixonalarga tashlab keling.
6. Quyoshdan saqlovchi vositalar
Nimasi bilan xavfli?
Hammasi ham emas. Olimlarning aniqlashicha, tarkibida oksibezon moddasi mavjud vositalar ushbu modda organizmda to‘planishiga sabab bo‘ladi va endokrin tizimiga zararli ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, suvga shu tarkibli quyoshdan saqlovchi krem bilan tushish natijasida oksibezon havzadagi korall marjonlarni o‘ldiradi. Moddaning eng yuqori konsentratsiyasi turistlar ko‘p tashrif buyuruvchi dam olish zonalarida aniqlangan.
Nima qilish kerak?
Quyoshdan saqlovchi vosita tarkibini o‘rganing va sink oksidi yoki titan dioksidlisidan xarid qiling.
7. Plastik idishlar
Nimasi bilan xavfli?
Biz yuqorida eslatib o‘tgan ftalatlar va bisfenol A plastik idishlar tarkibida uchrashi ehtimoli yuqori. Xavfli birikmalar shu turdagi idishda saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan birgalikda organizmga tushishi mumkin. Bisfenol A dan foydalanmaslikka harakat qilayotgan plastik ishlab chiqaruvchilar endi tarkibga olimlarni xavotirga solayotgan boshqa komponentlar qo‘shishmoqda. Xavflilik darajasi esa oldingisidan farq qilmaydi.
Nima qilish kerak?
Amerika pediatriya akademiyasi plastik idishlar va yorlig‘ida 03, 06 va 07 markirovkali mahsulotlardan voz kechish kerakligini maslahat bermoqda. Ularning o‘rnini shisha yoki metall mahsulotlar bosishi mumkin.
Afsuski, atrofimizda ta’siri hozir sezilarli bo‘lmagan, ammo keyinchalik salbiy oqibatlarga yetaklovchi zaharli va zararli buyumlar juda ko‘plab topiladi. Vahimaga tushish shart emas, axir hammasi o‘z qo‘limizda. Hech bo‘lmasa kichik imkoniyat topilsa ham, uni qo‘llash foydadan xoli emas. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?