«O‘zgidromet» tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, sentabr oyining dastlabki o‘n kunligi mamlakatimizda qulay harorat fonida asosan kam bulutli va quruq ob-havo bilan kechishi kutilmoqda.
Kechalari va ertalabki vaqtlarda +15...+20 daraja atrofidagi havo tetiklantiruvchi salqinlikni his ettiradi. Kunduz kunlari esa quyosh nurlari ta’sirida harorat +35 darajagacha, ayrim kunlarda esa +37 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Sentabr oyi oxirigacha harorat bosqichma-bosqich o‘zgarib, kechalari +15...+20 dan +8...+13 darajagacha pasayishi, kunduz kunlari esa +30...+35 dan +20...+25 darajagacha tushishi taxmin qilinmoqda.
O‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida saqlanishi, ba’zi hududlarda esa me’yoridan 1–1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Oyning ikkinchi yarmida esa ayrim kunlarda (1–2 kun) qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Tarixiy kuzatuvlarga ko‘ra, O‘zbekistonda eng sovuq sentabr oylar 1930 va 1931 yillarda qayd etilgan — o‘sha vaqtlar harorat me’yoridan 2–3,5 darajaga past bo‘lgan. So‘nggi o‘n yillikda esa 1992 va 1994 yillarda shunday holat kuzatilgan. Eng iliq sentabr oylar esa 2013, 2016, 2021 va 2022 yillarda qayd etilgan bo‘lib, ularda harorat me’yoridan 1,5–3,5 darajaga yuqori bo‘lgan. Bu esa global isish jarayonlari bilan uyg‘un holda kechgan.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, sentabr O‘zbekistonda yilning eng quruq oylaridan biri sanaladi. Odatda oy davomida yomg‘ir 1–3 marta yog‘adi, ayrim yillarda esa butun hudud bo‘ylab umuman yomg‘ir kuzatilmagan. Bu asrda bunday anomalliklar 2007, 2021 va 2022 yillarda qayd etilgan.
Shu tariqa, sentabr oyi nafaqat salqin kechalar, balki quyoshli va issiq kunlar bilan ham esda qolishi kutilmoqda. Mutasaddilar esa barchaga havo o‘zgarishlariga tayyor turishni va ob-havo ma’lumotlarini diqqat bilan kuzatib borishni tavsiya qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!