4 146
«O‘qishga kirish oson, o‘qish qiyin» – Kavkazda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba hikoyasi
Rossiya – o‘zbekistonlik talabalar o‘qishga eng ko‘p boradigan mamlakatlardan biri. U yerdagi universitetlarga kirishning qanday o‘zi xos jihatlari bor? Mamlakatga ilk bor kelgan talabani qanday hayot kutmoqda? Talaba ham o‘qib, ham ishlay oladimi?
Rossiyaning Stavropol o‘lkasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik Shodiya Tursunqulova Kun.uz’ga ana shular haqida gapirib berdi.
Shodiya Tursunqulova 1996 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Hozirda Rossiyaning Stavropol o‘lkasida Shimoliy Kavkaz federal universiteti (SHKFU)ning 1-bosqich magistranti.
Rossiyaga kelishim haqida
Psixologiyaga maktab vaqtimdan qiziqqanman. Lekin asosiy yo‘nalishim ingliz tili yoki jurnalistika edi. Kollejga o‘qishga kirgach, baribir asosiy yo‘nalish qilib psixologiyani tanladim va tayyorlanishni boshladim.
2015 yil hujjatlarimni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga topshirdim va o‘qishga qabul qilindim. TDPUda 1 yil o‘qishga ulgurdim xolos. O‘sha bir yil ichida taniqli psixologlar darslarini oldim. 2016 yil poytaxtdan ko‘pchilik tabalar qatori men ham o‘qishimni ko‘chirishga majbur bo‘ldim. Samarqand davlat universitetini tanladim va qolgan yillarni Samarqandda o‘tkazdim.
O‘qishimni davom ettirish haqida ko‘p o‘ylardim. Bilardimki, psixologiya uchun birgina bakalavr darajasi yetarli yemas. Shuning uchun magistraturada ham o‘qishga qaror qildim.
O‘qish uchun aniq biror davlat tanlamagandim, shuning uchun parallel ravishda ingliz va turk tillarini o‘rgana boshladim. Lekin tog‘li, qalin o‘rmonli, tinch va boshqa davlatlarga ham chiqish imkoni yaxshi yaratilgan biror davlat xohlagandim. Rossiya esa xayolimga ham kelgan emas.
Oxirgi kursda universitet xalqaro bo‘limi har xil davlatlar universitetlariga grantlar ajratilgani va xohlovchilar imtihon topshirib ko‘rishni taklif qilishdi. Grant asosida o‘qish yaxshi imkoniyat edi. O‘ylab-o‘ylab, oxiri Shimoliy Kavkaz federal universitetini tanladim.
Kavkazning iqlimi, ko‘p millatli ekani, an’analari, dengizga chiqish imkoniyati va men xohlagan yo‘nalishlar borligi – hamma-hammasi ma’qul kelgan.
Imtihon topshirish uchun mendan reyting daftarchamning suratini internet orqali yuborish so‘raldi. Skayp orqali imtihondan o‘tdim va meni ikkinchi imtihondan o‘tish uchun Rossiyaga – Stavropolga chaqirishdi. Kelgach, 1 avgust kuni ikkinchi imtihondan ham o‘tdim va amaliy psixologiya yo‘nalishiga grant asosida qabul qilinib, 1-kurs magistranti bo‘ldim.
Stavropolga ilk bor kelganimda...
Boshqa davlatda o‘qish, ta’lim tizimi bilan tanishishga qiziqishim kuchli bo‘lgani uchun ikkilanmasdan Kavkazni tanladim. Oxiri yo‘q o‘rmonlari, tog‘larini ko‘rish istagi kuchli bo‘lgandi.
Stavropol o‘lkasiga birinchi bor kelganimda nam va sovuq havoni his qilganman. O‘zbekistonda 45 daraja issiq, bu yerda esa 20 daraja iliq.
Ochig‘i yozgi kiyimlar bilan bir necha kun sovuq qotib yurganman, ob-havoga ko‘nikishim sal qiyin kechgan. Iqlimi – mo‘’tadil kontinental. Qishda vahimali sovuqlar bo‘lmaydi, yozda esa 24 darajadan deyarli yuqorilamaydi.
O‘lkaning markazi – Stavropol shahri. Stavropol o‘lkasi tarkibida 26 ma’muriy tuman, 18 shahar bor. Rossiyaning eng yirik kurort rayonlaridan biri. O‘lkada 30dan ortiq sanatoriy va kurort joylashgan. Stavropol o‘lkasida 7ta oliy o‘quv yurti, 8ta ilmiy tadqiqot instituti faoliyat ko‘rsatadi.
Stavropol – o‘ta sokin shahar. Kelgan vaqtim bir haftacha bu sokinlikdan quloqlarim bitar darajaga kelgan. Mashinalar signali kamdan-kam eshitiladi. Ko‘proq odamlar ovozini eshitasiz.
Shahar o‘z ekologiyasi haqida qattiq qayg‘uradi. O‘rmonlari, daryo, ko‘llari ozodaligini saqlashga kuchli e’tibor qaratadi. Shuning uchun siz shaharda samokat, elekron skeytbord, velosipedda ishga ketayotgan yoki ishdan qaytayotgan odamlarni ko‘rishingiz mumkin.
Ochig‘ini aytsam, Stavropol o‘lkasida Rossiya nafasi juda kam seziladi. Ko‘p millatli bo‘lgani sababli ham barcha bir-biriga nisbatan tolerant. Shu sababli ham siz qaysi dinga e’tiqod qilishingiz, qaysi millatga mansub bo‘lishingizdan qat’i nazar, bemalol yashab keta olasiz.
Bundan juda xursand bo‘lganman. Siz istalgan marketda, xohlagan qahvaxonada o‘zingiz yeyishingiz mumkin bo‘lgan har qanday taomni bemalol topa olasiz. Lekin ikki oycha o‘zbek taomlarini, oilamni sog‘inib ozroq qiynalganman.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, yangi muhitga moslashish har qanday odam uchun oson bo‘lmaydi. Har qadamda o‘zingizni muhitingiz bilan taqqoslaysiz. «Bizda u edi, bizda bu edi» deb.
Kavkazda 86ta millat yashaydi. Shuning uchun irqlar, kiyimlar, lahjalar va madaniyatlarning xilma-xilligi sizni shoshirib qo‘yadi.
Kontraktlar miqdori 120 ming rubldan boshlanadi
Maktablarda 11 yillik ta’lim, kollejlar ham bor – xohlagan o‘quvchilar kollejda kontrakt to‘lab o‘qishlari mumkin. Universitetda grant yoki kontraktga o‘qishni o‘zingiz tanlaysiz va imtihon topshirasiz. 3ta yo‘nalishga imtihon topshirish mumkin.
Sog‘liqni saqlash tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir talaba hayoti sug‘urta qilinadi.
Stavropoldagi universitetlarda xorijlik talabalar uchun barcha darajadagi grantlar mavjud. Men o‘qiyotgan universitetda 30mingga yaqin talaba o‘qiydi. U o‘z tarkibida 11ta institutni birlashtirgan. Ular orasidan siz o‘zingiz istagan yo‘nalishingizni topa olasiz. Kontraktlar miqdori biroz yuqori, 120 ming rubldan boshlanib, yuqorilab ketaveradi.
Grant asosida o‘qishga kirish unchalik qiyin emas. Rossiya fuqarolari kontrakt yoki grantni o‘zlari tanlaydi, xorijlik talabalar esa 3 yo‘nalishga imtihon topshirganda bilimi yaxshi bo‘lsa, albatta qaysidir birida grant asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Universitetda o‘qish osonmi?
Universitetga o‘qishga kirish qiyin emas. Ammo o‘qish jarayoni qiyin.
Talabalar o‘qishdan haydalish hollari har semestrda bo‘lib turadi.
Darslarga qatnashish uchun tashqi ko‘rinish, kiyim hech qanday ahamiyatga ega emas. Dars xonalari elektronika bilan ta’minlangan. Istalgan uslubda dars o‘tish imkoniyati bor. Bakalavrlar uchun haftada 5 kun darslar qo‘yilgan. Magistrlar uchun haftasiga 3-4 kundan dars bo‘ladi.
Xohlovchi talabalar uchun individual ta’lim ham mavjud. Individual ta’limda siz vazifalarni elektron pochta orqali qabul qilib olasiz va bajarib, o‘qituvchiga topshirasiz.
Bizga o‘qish boshlangan birinchi haftadan ilmiy ishimiz uchun mavzu tanlash taklif qilindi. Chunki har bir darslar bizning ilmiy izlanishimiz doirasida bo‘ladi. Birinchi kursda nazariy o‘rganilsa, ikkinchi kursda amaliy tadqiqotni boshlaymiz.
Yo‘nalishim amaliy psixologiya bo‘lgani uchun men ilmiy ishim mavzusini «Emotsional intellekt» qilib tanladim. Chunki bu mavzu bizda kam o‘rganilgan. Ham insonning intuitiv jarayonlarini o‘rganish menga doimo qiziq bo‘lgan.
O‘qishni kontraktdan grantga o‘tkazish mumkin
Stavropol – ko‘p millatli o‘lka. Shuning uchun talabalar hamjihatligini saqlash maqsadida yil davomida katta-katta festivallar tashkil qilib boriladi. Alohida faollar jamoalari mavjud, ularga qo‘shilish ixtiyoriy. Bakalavrlar birinchi kurslari uchun majburiy sport mashg‘ulotlari qo‘yilgan. Masalan: suzish, fitnes va shu kabi.
Universitetda talabalar uchun ajoyib imkoniyat bor: o‘z o‘qishini kontraktdan grantga o‘tkazish. Bundan ko‘pchilik foydalanadi. Buning uchun talaba yaxshi o‘qishi va o‘z fani doirasida ilmiy jurnallarga maqola berishi va faollar jamoasida doimiy qatnashib turishi kerak.
Har yili yangi yilda talabalarga alohida 100 AQSH dollari miqdorida yangi yil stipendiyasi ajratiladi. Arab va Afrika davlatlari talabalariga yil davomida o‘z davlatlari stipendiya ajratadi. Bizda esa bunday imkoniyat yo‘q. O‘zbeklar faqat universitetdan stipendiya oladi.
Universitetlar har xil joyda joylashgan. Har bir universitet yaqinida o‘zining yotoqxonasi bor. Talaba faqat o‘z universiteti yotoqxonasida yashashi kerak, boshqa yotoqxonada yashashga ruxsat berilmaydi.
Universitetga qanday qilib hujjat topshirish mumkin?
Shimoliy Kavkaz federal universitetining Osiyo, Yevropa, Afrikaning 40dan ortiq davlatlari bilan shartnomasi bor. O‘zbekiston ham o‘sha qirqta davlat ichiga kiradi.
Universitetda hozir 400ga yaqin o‘zbek talabalar bor. Har yili SHKFU vakillari O‘zbekistonning shartnoma qilingan shaharlariga borib, bakalavr darajasi uchun abiturentlardan imtihon olishadi.
Abituriyent 3ta turdosh yo‘nalish tanlaydi va bitta imtihon topshiradi. Imtihon javoblari bir kun ichida e’lon qilinadi. Imtihonga kirish uchun abiturentlardan kollej diplomlarini rus tiliga o‘girish talab etiladi. Maktab attestati bo‘lsa, shart emas.
Har oy 1740 rubl miqdorida stipendiya beriladi. Semestrda olingan bahoga qarab, stipendiya miqdori o‘zgaradi.
Rossiyada o‘qimoqchi bo‘lgan talabalar iloji boricha tilni yaxshi o‘zlashtirganlari ma’qul. Chunki til bareri ko‘p uchrashi mumkin. Ba’zi shaharlarda yashash juda qimmatga tushadi. Shuning uchun iloji boricha shartnomasi bor universitetlarda grant asosida o‘qishlarini maslahat bergan bo‘lardim.
Bilishimcha, aholi hamma shaharlarda ham Stavropoldagidek tolerant emas.
Talabalar uchun ishlash imkoniyati haqida
Bu yerda xorijlik talabalar rus tilini yaxshi bilsa, ishlashi mumkin va ish topish umuman qiyin emas. Yashash uchun ham qimmat shahar emas.
Talaba ishlasa, yashashiga va undan tashqari ehtiyojlariga ham pul orttirishi mumkin.
Agar siz darslardan ortib, vaqt ajrata olsangiz, qahvaxona, market, xullas davlat idoralaridan tashqari hamma joyda ishlash mumkin.
Afrikalik talabalar, hindlar, arablar deyarli ishlamaydi. Ularda til bareri bo‘lgani uchun ko‘p vaqtini til o‘rganishga va darslarga sarflaydilar.
Men hozircha ishlamayman, keyinroq biror ish izlab ko‘rmoqchiman. Yaqinda telegramda PsixoDOK kanalini ochdim, shuning uchun e’tiborim darslarga va kanalni yuritishga qaratilgan.
Koronavirus sababli ta’lim masofaviy olib borilyapti
Bizda o‘qishlar ikki haftaga masofaviy olib boriladigan bo‘ldi. Har kuni tibbiyot xodimlari yotoqxonaga kelib, shamollash alomatlari bor-yo‘qligini tekshirib ketishyapti.
Shaharda hozircha vahima yo‘q. Yozgi ta’til vaqtida Ozarbayjon poytaxti Bokuga va Gruziya poytaxti Tbilisiga bormoqchi edim. Bu davlatlar Stavropolga yaqin va virus keng yoyilayotgani uchun ancha vaqtgacha chegaralar yopiq bo‘lishi aytildi.
Karantin vaqtida SHKFUning ecampus saytiga ma’ruzalar va vazifalar yuklanadi. Biz vazifalarni internetdan olib, ularni bajarib, suratlarini yana ecampus’ga yuklaymiz.
Barcha yotoqxonalarda wi-fi bor. Yoki o‘qituvchi discord dasturi orqali video qo‘ng‘iroq qilib, butun guruhni bir yerga to‘playdi. O‘qituvchi guruhga onlayn ma’ruza o‘tishi yoki vazifalarni so‘rashi mumkin.
Kelajak uchun rejalar
Fotografiyaga qiziqqanligim sababli yaqinda havaskor fotograflik faoliyatimni boshladim. Boshqa davlatda yashash jarayonida har bir inson albatta o‘zi qiziqqan biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi kerak, deb o‘ylayman. Bu – birinchidan, o‘sha yo‘nalishni yaxshi o‘rganishiga, ikkinchidan, sog‘inch va boshqa muammolar tufayli bo‘ladigan kichik stresslarning oldini oladi.
Uydan, ota-onadan uzoqda yashash albatta oson emas. Sog‘inch ko‘pincha qiynaydi. Shu paytda o‘qishni bitirgach, universitetda dars berish va o‘zimning psixologik markazimni ochish maqsadim menga taskin berib turadi.
Iloji boricha aspiranturada o‘qishimni davom ettirishga harakat qilaman. Ammo hozircha uyga qaytishni xohlayapman.
Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi