12:20 / 08.10.2021
2 960

Homiladorlik davrida magniy tanqisligi belgilari

Homiladorlik davrida magniy tanqisligi belgilari
Foto: Pinterest
Homilador ayol uchun barcha vitamin va minerallar me’yorida zarur. Chunki tug‘ilajak bolaning salomatligi aynan bu bilan bog‘liq.

Magniyning vazifalari:
  • Homiladorlik davrida ona va bola o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydigan maxsus a’zo − yo‘ldoshni shakllanishida ishtirok etadi. Yo‘ldosh to‘qimalarida bir qator muhim jarayonlarni boshqaradigan 100 dan ortiq magniyga bog‘liq oqsillar mavjud. Bachadon va yo‘ldosh − magniy miqdori eng yuqori bo‘lgan a’zolardir.
  • Implantatsiya − homilani boshlang‘ich davrida bachadonga joylashishi jarayonidagi muhim elementdir.
  • Homilaning to‘qimalari shakllanishi va asab tizimlari rivojlanishi uchun murakkab kimyoviy reaksiya va sintez jarayoniga kerak.
  • Homiladorlarni stressga chidamliligini oshirishga yordam beradi.
  • Bachadon tonusini tartibga soladi.

Magniy yetishmasligi belgilari:
1. Mushak tizimida tortishlar − bel va oyoqlarda og‘riq, ko‘pincha boldir sohasidagi tortishish, odatda ular tunda ayolning oyoqlari uzoq vaqt bir holatda bo‘lganda namoyon bo‘ladi.
2. Bachadon tanasida, bo‘yinchasida tortishishlar, mushaklar tonusi oshishi – bu qorinning pastki qismida og‘riqlar bilan kechadi.
3. Asab tizimi − asabiylik, jizzakilik, ko‘z yoshlar, tez-tez kayfiyat o‘zgaradi, diqqat, xotira va uyqu yomonlashadi. Ba’zida tushkunlik paydo bo‘ladi.
4. Yurak-qon tomir tizimi − qon bosimi, bosh aylanishi va bosh og‘rishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Suyuqlik almashinuvi buzilishi natijasida oyoqlarda shish paydo bo‘ladi va qon aylanishi yomonlashadi. Yurak tez-tez urishi, aritmiya, yurak sohasida sanchiqlar paydo bo‘lishi mumkin.
5. Hazm qilish tizimi − ko‘pincha qabziyat va metiorizm − qorin dam bo‘lishi kuzatiladi.
6. Yo‘ldoshning erta qarishi − tarkibida petrifikatlar paydo bo‘lishi, bolada gipoksiya − kislorod yetishmasligiga olib keladi. Bu ultratovush yordamida tekshirilganda aniqlanadi.

Homiladorlikning birinchi haftasidan boshlab ayolning ehtiyoji vitamin B6 va magniyga bir yarim barobar ko‘payadi. Homiladorlik paytida magniyga bo‘lgan talab faqat bolani katta bo‘lishi hisobiga emas, balki bachadon massasini 100 grammdan 1000 grammgacha bo‘lishi, qon miqdorini 25-30 foizga oshishi, sut bezlarini ko‘payishi, esterogen va aldosteron gormonlarining darajasini oshishi bilan ham bog‘liq.

Oziq-ovqat mahsulotlaridan kerakli miqdorda magniy va B6 vitaminini olish har doim ham mumkin emas. Onada yondosh kasalliklar bo‘lishi oqibatida organizmga kirgan mikroelement va vitaminlarning barchasi ham so‘rilavermaydi, ketma-ket tug‘ish, turmush tarzining yomonligi organizmda magniy yetishmasligini keltirib chiqaradi. Magniy yetishmasligi homiladorlik asoratlarini ko‘paytiradi. Homiladorlikni rejalashtirishdan avval organizmni sog‘lom qilish kerak. Sog‘lom tug‘ilgan bola kelajakda yaxshi rivojlanadi va tez-tez kasal bo‘lavermaydi.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Homiladorlik davrida magniy tanqisligi belgilari