
Biror marta boʻlsa ham erishgan narsangizga loyiq emasligingizni his qilganmisiz? Agar javobingiz ha boʻlsa, sizda «yolgʻonchi» sindromi boʻlishi ehtimoli katta. Gap shundaki, bunday sindromga chalingan odam oʻzini boshqalar oldida yolgʻonchi, firibgardek his qiladi.
Goʻyoki u hammani aldab yuribdi-yu, kun kelib barchasi oshkor boʻladi — xuddi Natali Portman, Penelopa Kruz, Tom Xardi, Kara Delevin va boshqa mashhur shaxslar kabi.
Penelopa Kruz (CBS telekanaliga bergan intervyusida): «Har safar yangi loyiha suratga olinayotganida birinchi marta suratga tushganimdagi tuygʻuni his qilaman. Har safar men ishdan boʻshatishadi degan qoʻrquvni his qilaman. Hazillashayotganim yoʻq, chindan ham shunday. Navbatdagi filmni suratga olishning birinchi haftasida oʻzimni haydab yuboriladiganday his qilaman».

Foto: Getty Images
Keyt Uinslet (The Mirror nashriga bergan intervyusida): «Boshqalar men haqimda nima deb oʻylashlari men uchun haligacha muhim. Men rol oʻynashni yaxshi koʻraman va har doim bor kuchimni berishga harakat qilaman. Ammo hozir ham katta sahnalar meni qoʻrqitadi. Menda darhol: «Xudoyim, men iste'dodli emasman, endi buni hamma bilib qoladi. Ular kastingda meni tanlab notoʻgʻri qilishdi», degan oʻy paydo boʻladi».

Foto: Getty Images
Jodi Foster («Ayblanuvchi» filmida eng yaxshi ayol roli uchun «Oskar» mukofotini qoʻlga kiritgani haqida): «Men buni shunchaki tasodif deb oʻyladim. Yel kampusiga birinchi bor kirganimda ham xuddi shunday tuygʻuni his qilgandim. Hamma narsa hozir oshkor boʻladi va ular «Oskar»ni qaytarib olishadi deb oʻylaganman».

Foto: Getty Images
Emma Uotson (Rookie’ga bergan intervyusida): «Menimcha, men qanchalik yaxshi ish qilsam, oʻzimni shunchalik yomon his qilaman, chunki har doim kimdir mening «firibgar» ekanligimni va bunga loyiq emasligimni tushunib qolishi mumkin, deb oʻylayman. Men har doim ham boshqalarning oʻzimga boʻlgan umidlarini oqlay olmayman. Ajablanarlisi shundaki, ba'zida muvaffaqiyat hayotni hayratlanarli darajada oʻzgartirib yuboradi, lekin ba'zida bu juda asabiylashtiradi: siz oʻzingizni qanday qabul qilayotganingizni va butun dunyo sizni qanday qabul qilishini tushunishga harakat qilasiz».

Foto: Getty Images
Kara Delevin (Time, Motto): «Qilayotgan ishingiz bilan odamlarni xursand qilish uchun qoʻlingizdan kelganicha harakat qilsangiz-u, ammo ular hamon sizdan norozi boʻlsa, oʻylab qolasiz: «Men qoʻlimdan kelganini qildim. Men butunlay charchadim. Sizga doimo boshqalarning hafsalasi pir boʻlayotganday tuyuladi, keyin savol tugʻiladi: «Men oʻzi nima qilmoqchiman? Bularning barchasi kim uchun? Biroz vaqt oʻtgach, ish va boshqalarning e'tirofi hayotdagi eng muhim narsa emasligini tushuna boshladim. Albatta, karera muhim, ammo bu hamma narsa degani emas. Ha, men oʻz ishim bilan faxrlanaman, lekin undan cheksiz baxtni his qilaman, deb ayta olmayman».

Foto: Getty Images
Natali Portman (Garvard talabalari oldidagi nutqidan parcha): «Bugun, oʻqishni bitirganimdan 12 yil oʻtib, tan olishim kerakki, men hali ham oʻzimni qadrlay olmayman. Hozir ham 1999 yilda Garvardda oʻqiy boshlaganimdagi kabi tuygʻuni his qilyapman. Oʻshanda menga nimadir notoʻgʻridek tuyulgan – men bu erda boʻlishga loyiq emasman va har safar gapirish uchun ogʻiz ochganimda, shunchaki ahmoq aktrisa emasligimni isbotlashim kerak edi. Ba'zida ishonchsizlik va tajribasizlik sizni boshqa odamlar tomonidan qoʻyilgan standartlar va umidlarga intilishingizga olib keladi. Ammo siz tajribasizligingizdan oʻz yoʻlingizni topish uchun foydalanishingiz mumkin — bu boshqalar tomonidan aytilmagan, lekin siz belgilagan yoʻl».

Foto: Getty Images
Tom Xardi (Esquire nashriga bergan intervyusida): «Menimcha, odamlar nega mendan intervyu olishlariga hayron boʻlishsa kerak. Bu tishlari qiyshiq soqolli odam kim ekan, deb oʻylashadi, nazarimda. Sizga bir gap aytaman: hech kim muqovasida soqolli odam rasmi bor jurnalni sotib olmaydi».

Foto: Getty Images “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar