Kuz – tabiatning eng betakror fasllaridan biri bo‘lishiga qaramay, aynan shu davrda turli infeksiyalar va shamollash holatlari kuchayadi. Sababi — ob-havoning kutilmagan o‘zgarishlari va organizmning hali sovuqqa to‘liq moslashmaganligidir.
Kunduzlari iliq, tong va kechqurun esa sovuq harorat hukmronligi tana uchun stress omiliga aylanadi. Quyosh nuri kamayadi, shamol kuchayadi, namlik ortadi – bularning barchasi immunitetni susaytiradi.
Ushbu maqolada kuzgi infektsiyalar xavfini kamaytirish va sog‘liqni saqlash bo‘yicha foydali maslahatlar beriladi. Ayniqsa, bu mavsumda odamlar yopiq joylarda ko‘p bo‘lishi, o‘quv yilining boshlanishi va ijtimoiy faollik ortishi infektsiyaning tez tarqalishiga sharoit yaratadi.
Nima uchun organizm zaiflashadi?
Erta tongda sovuq, kunduzi iliq, kechqurun yana salqin — bu kabi tez-tez o‘zgaradigan harorat tanani zo‘riqtiradi. Haroratga moslashish uchun organizm ko‘p energiya sarflaydi, stress gormonlari ajralib chiqadi.
Havo namligi pasayadi, bu esa burun va tomoqdagi tabiiy himoya qatlamini quritib, viruslar uchun yo‘l ochadi. D vitamini yetishmasligi ham immunitetga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kuzda sog‘liqni qanday saqlash mumkin?
-
Qatlamli kiyinish: o‘zgaruvchan ob-havoga mos kiyinish.
-
Sovuqdan himoya: bo‘yin, quloq va oyoqlarni iliq saqlash.
-
Xonalarni shamollatish: har 2 soatda 5-10 daqiqaga deraza ochish.
-
Namlik muvozanati: xona havosini quruq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.
-
Immunitetni mustahkamlash: kuzgi mevalar, sabzavotlar, kerak bo‘lsa — D vitamini qabul qilish.
-
Gigiyena: qo‘l yuvish, niqob taqish, odam gavjum joylarda ehtiyot bo‘lish.
Sog‘lom hayot tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va gigiyenaga rioya qilish sizni kuzgi infeksiyalardan asraydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!