07:52 / 05.12.2022
1 601

Talabalar va ularning ota-onalari uchun qanday soliq imtiyozlari bor?

Talabalar va ularning ota-onalari uchun qanday soliq imtiyozlari bor?
Bugungi kunda aholini oliy ta’lim olishga rag‘batlantirish, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Ulardan biri professional (kasb-hunar) va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘quvchi talabaning kontraktini to‘lovchi shaxslar uchun soliq imtiyozi mavjudligidir.

Bunda to‘lov-kontrakt summasi uchun sarflangan pul mablag‘laridan daromad solig‘i — 12 foiz undirilmaydi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, fuqarolar ma’lum bir miqdordagi pul mablag‘larini tejab qolishlari va boshqa ehtiyojlari uchun foydalanishlari mumkin.

Keling, bitta talaba uchun kontrakt summasi to‘langanda, qancha pul miqdoridagi imtiyozga ega bo‘lish mumkinligini hisoblab ko‘ramiz.

Masalan, 2022—2023-o‘quv yili uchun iqtisod sohasida o‘qiyotgan talabaning kontrakt summasi 9 129 930 so‘mni (bakalavriat kunduzgi, stipendiyasiz) tashkil etadi.

Ushbu imtiyozdan foydalangan holda biz bir yilda 1 095 591 so‘mni tejab qolish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Imtiyozdan kimlar foydalana oladi?
Mazkur imtiyozdan quyidagi odamlar foydalanishi mumkin:
  • yoshidan qat’i nazar rasman ishlayotgan talabalar;
  • farzandi shartnoma asosida tahsil oladigan ota-onalar (bunda farzand 26 yoshga to‘lmagan bo‘lishi zarur);
  • turmush o‘rtog‘i shartnoma asosida o‘qiydigan shaxslar (tahsil olayotgan shaxs 26 yoshga to‘lmagan bo‘lishi zarur).

Shuningdek, ushbu imtiyozdan agar ta’lim krediti olingan bo‘lsa, kreditni (foizlari bilan) qoplash uchun sarflanayotgan daromadlarga nisbatan ham foydalansa bo‘ladi.

Soliq imtiyozidan qay tartibda foydalaniladi?
Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun davlat soliq xizmati organlariga jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish lozim.

Jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya soliq inspeksiyasiga shaxsan tashrif buyurilganda, pochta orqali yoki onlayn elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

Deklaratsiya soliq organiga shaxsan taqdim etilganda davlat soliq organining tegishli bo‘limiga topshiriladi.

Agar pochta orqali topshiriladigan bo‘lsa, buyurtma xat shaklida jo‘natiladi. Internet tarmog‘i orqali elektron deklaratsiya topshirish uchun esa quyidagilar amalga oshiriladi:

Elektron raqamli imzo (ERI) olinadi. Buning uchun fuqarolar istalgan Davlat xizmatlar markaziga tashrif buyurib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi va ERI olish uchun imzolangan ariza taqdim etiladi.

ERI bilan soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portaliga - my.soliq.uz kirib, interaktiv xizmatlar orasidan «Soliq deklaratsiyasini yuborish» xizmati tanlanadi.

Hosil bo‘lgan oynada kerakli ma’lumotlar bosqichma-bosqich kiritiladi va natijada elektron Deklaratsiya topshiriladi.

Imtiyozdan foydalanish uchun qanday hujjatlar talab etiladi:
  • jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya;
  • to‘lov-kontrakt shartnomasi;
  • bank tranzit hisob raqami (23120... dan boshlanadigan hisob raqam);
  • ta’lim kreditini olish bo‘yicha bank bilan tuzilgan shartnoma (ta’lim krediti olingan holatda);
  • ta’lim tashkiloti hisobraqamiga (ta’lim krediti qoplanganda tijorat banki hisobraqamiga) mablag‘ mustaqil to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • soliq imtiyozidan foydalanayotgan shaxsning (talaba, ota-ona yoki turmush o‘rtoq) pasport nusxasi.

Qo‘shimcha ravishda, imtiyozdan ota-ona foydalanayotgan bo‘lsa ta’lim oluvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi; turmush o‘rtoq foydalanayotgan bo‘lsa nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi kerak bo‘ladi.

Imtiyoz necha kunda va qanday shaklda ajratiladi?
Soliq imtiyozidan foydalanish uchun 1 aprelgacha hujjatlarni topshirish zarur. Masalan, 2022 yil uchun 2023 yil 1 aprelgacha barcha hujjatlar davlat soliq xizmati organlariga topshiriladi.

Hujjatlar soliq organiga topshirilgach, kamchiliklar yoki boshqa soliq turidan qarzdorlik bo‘lmasa, belgilangan daromad solig‘i summasi 15 kun ichida jismoniy shaxsning bank kartasiga qaytariladi.

Fuqarolar ushbu soliq imtiyozidan 5 yilgacha bo‘lgan muddatda foydalanishlari mumkin. Deylik, siz farzandingiz ta’limi uchun to‘rt yildan beri kontrakt summasi to‘laysiz, ammo bu imtiyoz haqida xabaringiz yo‘q edi. Bunday holatda ham avvalgi yillarda to‘lov-kontrakt summasi uchun sarflagan pul mablag‘laringizdan hisoblangan daromad solig‘i summasini qaytarib olishingiz mumkin bo‘ladi.

Maqolada Markaziy bankning «Finlit.uz» saytidagi ma’lumotlardan foydalanildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Talabalar va ularning ota-onalari uchun qanday soliq imtiyozlari bor?