18:48 / 26.01.2023
210

2022 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ikki barobarga o‘sdi

2022 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ikki barobarga o‘sdi
26 yanvar kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2022 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 17 mlrd dollarga yetganini ma’lum qildi. Bu pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan 2,1 barobarga oshganini ko‘rsatadi. Regulyator raisi buning sabablarini tushuntirdi.

«Pul o‘tkazmalari oshgan bo‘lsa-da, o‘zimizning monetar ko‘rsatkichlarimizda bu 17 mlrdning hammasini yalpi talabni shakllantirishda xizmat qiladi deb ayta olmaymiz. 11,5-12 mlrd atrofidagi o‘tkazmalar yalpi talabni shakllantirishga ta’sir qiluvchi omil hisoblanadi», – dedi u.

2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 2 barobarga oshib, 6,5 mlrd dollarni tashkil qildi. O‘tgan yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan anjumanda Mamarizo Nurmurodov pul o‘tkazmalarining rekord darajada o‘sishida avvalgi norasmiy pul jo‘natmalarining rasmiy kanallarga o‘tgani hamda kichik va o‘rta eksportchilarning o‘zgargan sharoitdagi faoliyati muhim o‘rin tutganini aytgandi.

Bu safar ham MB raisi ushbu sabablarga urg‘u berdi. Nurmurodovning izohlashicha, asosiy sabablardan biri qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonda 2022 yil naqd valyutada ma’lum jihatdan taqchillik kuzatilib, banklarda ma’lum cheklovlar o‘rnatilgani bilan bog‘liq.

«Ushbu sharoitda qo‘shni davlatlar fuqarolari O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshirib, O‘zbekiston orqali [dollar] olganini kuzatdik. Pul o‘tkazmalarini tarqatayotganda fuqarolik so‘ralmaydi, yuborilgan kod bo‘yicha beriladi. Ammo bu tendensiyani qo‘shni davlatlardan chegara oldi hududlarga kirib kelayotgan fuqarolar soni o‘zgarishiga qarab kuzatib boryapmiz», – dedi u.

Pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sishidagi yana bir omil sifatida geosiyosiy vaziyatdagi keskinlashuv ham rol o‘ynagan. Eksportyorlar ilgari pullarini naqd pulda olib kirgan bo‘lsa, 2022 yilda banklar orqali pul o‘tkazmalari shaklida olib kirgan.

«Rossiyada naqd dollar taqchilligi va kurs o‘rtasidagi sezilarli farq ularni pul o‘tkazmalari orqali ishlashga majbur qildi. Natijada biz 2 barobar o‘sishni ko‘rdik», – dedi Nurmurodov.

Anjumanda O‘zbekistondan tashqariga chiqqan pul o‘tkazmalari haqida ham ma’lumot berildi.

«2022 yilda 2,1 mlrd dollar pul o‘tkazmalari tashqariga chiqdi. O‘tgan yilga qaraganda 29 foizga oshdi. Davlatlar kesimida katta o‘zgarish yo‘q. Turkiya, Xitoy, Amerika va Hindiston kabi davlatlarga pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Bu savdo (Turkiya, Xitoy) va davolanish maqsadlari (Hindiston) bilan bog‘liq», – dedi MB raisi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning iyun, iyul va sentyabr oylarida banklarda valyuta tanqisligi yuzaga kelgandi. Buning sababi mutaxassislar tomonidan rubl kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy valyutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etayotgani bilan izohlangandi.

Markaziy bank raisi dollar tanqisligiga oid holatga izoh berarkan, Rossiya fuqarolari rubldagi daromadlarini O‘zbekiston orqali dollarga aylantirayotganini tasdiqlagandi. Shuningdek, bunga yana bir sabab sifatida O‘zbekistondagi tijorat banklari ilgari naqd valyutani Rossiya banklaridan olib kelgani, geosiyosiy vaziyat o‘zgarishi natijasida rus banklariga dollar va yevro berish to‘xtatilgani ko‘rsatildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » 2022 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ikki barobarga o‘sdi