23:57 / 19.05.2023
195

O‘zbekiston iqtisodiyotida aylanayotgan pulning optimal darajasi qanday?

O‘zbekiston iqtisodiyotida aylanayotgan pulning optimal darajasi qanday?

O‘zbekiston iqtisodiyotida aylanayotgan pul miqdorining optimal darajasi o‘rganildi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.

Iqtisodiy barqarorlikka erishish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va inflyatsiyani pasaytirish zarurati hukumatlar va markaziy banklardan zamonaviy pul-kredit siyosati vositasida pul massasi, kredit shartlari va fiskal siyosatni sinchkovlik bilan tartibga solishni talab qiladi.

Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlarida pul-kredit siyosatini qat’iylashtirishga moyillik ayrim hollarda biznes, ayniqsa, kichik biznesda likvidlilik inqirozi xavfi tufayli investitsion faollik va iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Pulning miqdor nazariyasi — pul massasi, pulning aylanish tezligi, narx va ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni (MY=PY) ifodaylaydi.

Klassik maktab vakillari pul massasining har qanday o‘sishi (M) inflyatsiyaning (P) o‘sishiga olib keladi, deb ta’kidlaydi.

Keyns maktabi, o‘z navbatida, narxlarning o‘zgarishi birinchi navbatda iqtisodiyotning muomaladagi pul miqdorini o‘zlashtirish qobiliyati (V) bilan belgilanishi va pul massasining o‘sishi (M) narxlarga (P) har doim ham ta’sir ko‘rsatavermasligini ta’kidlaydi.

Monetaristlar uchun inflyatsiya har doim va hamma joyda monetar hodisasidir (M). Bank maktabi namoyandalarining ta’kidlashicha, xalq ortiqcha pulni (M) banknotalar ko‘rinishida saqlashni xohlamaydi va uni depozitga qo‘yadi va bu narxlar (P) o‘zgarishiga olib kelmasligi mumkin.
 
So‘nggi 10 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining monetizatsiya darajasi YAIMning 25-28 foizini tashkil etgan bo‘lsa, shu davrda iqtisodiy ko‘lami va aholisi bo‘yicha O‘zbekiston bilan qiyoslash mumkin bo‘lgan ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda monetizatsiya o‘rtacha 75-100 foizga yetgan.

YAIMning barqaror va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlagan rivojlanayotgan yirik va o‘rtacha kattalikdagi mamlakatlar (yillik o‘rtacha 4-5 foizdan yuqori o‘sgan — Hindiston, Xitoy, Vetnam, Indoneziya va boshqa bir qator davlatlar) ko‘rib chiqilganda, ularning iqtisodiyotida monetizatsiya darajasi 150-180 foizga yetganligi aniqlandi. Bu esa O‘zbekiston real sektori yetarlicha moliyalashtirilmaganidan dalolat berishi mumkin.

Monetizatsiya darajasi, inflyatsiya va investitsiyalar dinamikasi ko‘rsatkichlarining ekonometrik tahlili natijalari milliy iqtisodiyotning monetizatsiya darajasini oshirish uchun inflyatsion risklar nuqtai nazaridan maqbul chegaralarni aniqlash va uning investitsion faollik hamda iqtisodiy faollikka qanday ta’sir qilishini aniqlash imkonini berdi:

  • monetizatsiya darajasining 1 foiz bandga o‘sishi so‘nggi yillarda asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining 0,2 foiz bandga o‘sishiga olib keladi (barchasi YAIMga nisbatan foiz hisobida);
  • inflyatsiya ta’siri YAIMga nisbatan 43 foizlik pul massasi chegarasigacha sezilarli emas, shundan keyin u 0,3 foiz punktiga oshadi;
  • agar iqtisodiyotni boshqarish samaradorligi bo‘yicha Vetnam va Indoneziya darajasiga erishilsa, monetizatsiyaning investitsiyalar o‘sishidagi hissasi 0,2 foiz banddan 7,3 foiz bandga yetadi, inflyatsiya esa 0,5 foiz bandga kamayadi.

Asosiy xulosa: Boshqaruv samaradorligining o‘rtacha darajasi sharoitida iqtisodiyotni monetizatsiya qilishning o‘sishi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni investitsiyaviy kreditlashni kengaytirish orqali amalga oshirilishi inflyatsion jarayonlarning tezlashishiga olib kelmaydi.

Chunki bunda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini yaratish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bu esa tovar va xizmatlarning umumiy taklifini oshiradi, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi. Shuning uchun narxlar o‘sishini cheklaydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston iqtisodiyotida aylanayotgan pulning optimal darajasi qanday?