Soliq tizimi mahalla darajasida: 470 nafar tadbirkor faoliyati tiklandi, uch mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi
Prezidentimiz tomonidan soliq organlari xodimlari oldida qo‘yilgan aniq vazifalardan kelib chiqib, Toshkent viloyatida ham soliq organlariga yuklatilgan vazifalarni mahalla darajasida tashkil etib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish va daromadlarini oshirish hisobiga soliq bazasini ko‘paytirish yuzasidan manzilli ishlar tashkil etilmoqda.
Raqamlar bilan aytadigan bo‘lsak, viloyatdagi 1025 ta mahallaga 509 nafar soliq xizmati xodimlari biriktirildi. Endilikda ular mahallalarda soliq ma’murchiligi borasida jami 14 ta yo‘nalishda ish olib boradilar.
Jarayonni ko‘zdan kechirish maqsadida Vazirlar Mahkakasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Fayziboyev Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida bo‘lib, mahallalarga biriktirilgan soliq xizmati xodimlari bilan uchrashdi.
Tashkil etilgan uchrashuvda yig‘ilganlarga yangi tizimning maqsad va vazifalari keng tushuntirib berildi.
Xususan, mahallaga biriktirilgan xodim birinchi galda:
• Hududidagi soliq solish obyektlarini to‘liq hisobga oladi;
• Soliq sohasida maslahatlar berish, soliq xizmatlarini ko‘rsatish, jumladan soliq to‘lovchilarga soliq hisobotlarini avtomatlashtirilgan tizim orqali shakllantirishga yordam beradi;
• Tadbirkorlarga faoliyatini qonuniylashtirishda yordam beradi, shuningdek, ular bilan profilaktika ishlarini olib boradi;
• Qo‘shimcha manbalarni aniqlash hisobiga mahalliy budjetga tushumlarni ko‘paytirish choralarini ko‘radi;
• Norasmiy mehnat faoliyatini yuritish holatlarini aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mahallaga biriktirilgan xodim tadbirkorlik subyektlarining muammolarini mahallaning o‘zida hal etish choralarini ko‘rib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarda mavjud imkoniyatlarni o‘rgangan holda tovar aylanmalarini oshirish va faoliyatini kengaytirish hamda faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qayta tiklashga ko‘maklashadi.
Aytish kerakki, hozirda viloyatda 672 nafar yangi yakka tartibdagi tadbirkorlar ro‘yxatga olinib, 470 ta faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlar faoliyati qayta tiklandi. 3 232 nafar norasmiy ishlayotgan fuqarolar legalizatsiya qilindi.
O‘z uyida daromad topayotgan 13747 nafar fuqaro esa o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ishtirokchilarga hududlarga biriktirilgan xodimlar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) va natijasiga qarab rag‘batlantirish tizimi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi axborot xizmati.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring