
Bundesliganing 8-turi doirasida kecha «Bavariya» jamoasi safarda «Borussiya Myonxengladbax» ustidan ishonchli 3:0 hisobida g‘alaba qozondi, deb xabar berdi bild.de.
Myunxen klubi bu mavsumni haqiqiy g‘alabalar marafoni bilan boshladi. Ular 2025/26 yilgi mavsumdagi barcha 13 uchrashuvda zafar qozonib, raqib darvozalariga jami 47 gol urdi va bor-yo‘g‘i 9 ta to‘p o‘tkazib yubordi.
Bu natija Yevropaning top-5 ligalari tarixidagi eng yaxshi start sifatida qayd etildi. Hozirgacha hech bir klub bu darajadagi samaradorlik va barqarorlikni namoyish etmagandi.
«Bavariya»ning bu g‘alabali yurishi nafaqat Bundesligadagi ustunligini mustahkamlamoqda, balki butun qit’adagi raqiblar uchun ham yangi o‘lchov belgilamoqda. Jamoa himoyada ishonchli, hujumda esa juda samarali o‘yin namoyish etmoqda. Har bir o‘yinda ularning o‘zaro tushunish darajasi va taktik uyg‘unligi yorqin ko‘zga tashlanmoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu ko‘rsatkichgacha eng yaxshi startni «Milan» jamoasi qayd etgandi. 1992/93 yilgi mavsumda milanliklar ham dastlabki 13 uchrashuvda g‘alaba qozongan, ammo ularning to‘plar nisbati 45:13 bo‘lgan. Demak, «Bavariya» nafaqat natijalar, balki gol farqi bo‘yicha ham rekordni yangiladi.
Myunxen klubi so‘nggi yillardagi qayta qurish jarayonidan so‘ng yana o‘zining klassik kuchiga qaytganini isbotlamoqda. Yosh iste’dodlar va tajribali yulduzlar uyg‘unligi jamoani Yevropa futbolidagi yetakchi kuchlardan biriga aylantirgan.
Endi barcha muxlislar uchun savol bitta: «Bavariya» bu jadal tempni mavsum oxirigacha saqlab qololadimi?»
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!