
«Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandesh yaqinda bergan intervyusida Saudiya Arabistoni klublaridan bo‘lgan qiziqishlar va transfer masalasiga oydinlik kiritdi.
Portugaliyalik futbolchi «Al Hilol» jamoasi bilan muzokaralar o‘tkazganini tasdiqladi, ammo so‘nggi qaror o‘zi uchun aniq bo‘lganini ta’kidladi.
«Ha, mening “Al Hilol” bilan suhbatlarim bo‘lgan, buni hamma biladi. Shuningdek, Saudiyadan va Yevropaning boshqa jamoalaridan qiziqishlar bor edi. Lekin javobim o‘zgarmadi — men “Manchester Yunayted”da qolaman, chunki bu klub hali ham orzumning bir qismi», — dedi u.
Fernandeshning so‘zlariga ko‘ra, klub rahbariyati va bosh murabbiy Ruben Amorim uning loyihada muhim o‘rin tutayotganini ma’lum qilgan:
«Murabbiy men bilan gaplashdi va hali ham jamoa rejasining bir bo‘lagi ekanimni aytdi. Klub ham xuddi shu fikrni bildirdi. Agar ular menga: “Brunu, sen 30 yoshdasan, biz kelajakdagi loyihamizda boshqa yo‘l tanladik”, desa, men oilam uchun eng to‘g‘ri qarorni qabul qilgan bo‘lardim. Ammo bunday bo‘lmadi. Men hali ham o‘zimni “Yunayted”ning bir qismi sifatida his qilaman».
Uning ta’kidlashicha, Saudiya tomonidan taklif qilingan shartnoma moddiy jihatdan juda manfaatli bo‘lgan, ammo qaror faqat pul bilan bog‘liq bo‘lmagan.
«Taklif haqiqatan ham juda foydali edi, buni inkor etmayman. Lekin men uchun har doim muhimi — orzularim va futboldagi merosim. Men bu yerda o‘z yo‘limni davom ettirishni xohlayman», — dedi sardor.
Brunu, shuningdek, vatandoshi Krishtianu Ronaldu bilan ham Saudiya haqida gaplashganini bildirdi, biroq suhbat mazmunini oshkor etmadi:
«Biz bu mavzuda gaplashdik, lekin u menga nima deganini aytmagan bo‘lardim, lekin biz buni muhokama qildik. Har kimning yo‘li har xil».
Fernandesh hozircha hech qanday yangi muzokaralar bo‘lmaganini, agent ham bu borada unga murojaat qilmaganini ma’lum qildi:
«Hozir men bilan hech kim gaplashgani yo‘q. Balki kimdir yozda qayta murojaat qilar, lekin hozircha bunday holat bo‘lmadi. Agar agentim men bilan suhbatlashmoqchi bo‘lsa ham, bu faqat jahon chempionatidan keyin bo‘ladi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Yunayted»da u hali ko‘p narsalarga erishmoqchi: g‘alabalar, sovrinlar va klub sharafini yanada baland tutish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!