
Toshkent shahrida milliy hunarmandchilik va ayollar ijodini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim tashabbus amalga oshirildi. Kecha poytaxtning «Suzuk ota» mahallasida Madina Qosimboyevaning kashtachilik maktab-ustaxonasi rasman ochildi, deb xabar berdi Saida Mirziyoyeva.
Yangi markaz bir vaqtning o‘zida o‘quv maydoni, amaliy ustaxona va ko‘rgazma galereyasini o‘z ichiga olgan ijodiy makon sifatida faoliyat yuritadi. Uning asosiy maqsadi — yurtimizning qadimiy kashtachilik an’analarini saqlab qolish, yosh qizlarga milliy hunarni o‘rgatish va ularga ijodiy muhitda o‘z yo‘lini topish imkonini yaratishdir.
Ma’lum qilinishicha, bu maktab uchun yer uchastkasi Prezidentning shaxsiy tashabbusi va topshirig‘i bilan ajratilgan. Loyiha ayollarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularni iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishga rag‘batlantirish hamda milliy san’atni yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mazkur tashabbus haqida fikr bildirdi. U Madina Qosimboyevaning mehnati va sadoqatini alohida e’tirof etdi:
«O‘z iste’dodi, mehri va san’atga sadoqati tufayli Madina Qosimboyeva Toshkent so‘zanado‘zlik maktabiga yangi ruh, yangi nafas baxsh etdi. Uning mehnati bilan milliy an’analarimiz yanada ravnaq topmoqda», — deb yozdi Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, bunday ijodiy ustaxonalar nafaqat hunarmandchilikni saqlab qoladi, balki yosh avlodda milliy g‘urur va mehnatga muhabbat tuyg‘usini kuchaytiradi.
Tantanali ochilish marosimida mahalliy ustalar, yosh ijodkor qizlar va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi. Ular yangi markazni milliy meros va zamonaviy ilhom uyg‘unlashgan makon sifatida baholashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!