
«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot APLning 9-turida «Brentford»ga qarshi kechgan bahs (2:3) haqida fikr bildirib, bu mag‘lubiyatni klubdagi faoliyati davomidagi eng og‘ir sinovlardan biri deb atadi.
Mersisaydliklar ushbu bellashuvda hisobni o‘z foydasiga o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lishgan bo‘lsa-da, raqibning kuchli pressingi va standart vaziyatlardagi ustunligi g‘alabani qo‘ldan boy berishga olib keldi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar Slotdan so‘rashdi:
— Bu «Liverpul»dagi faoliyatingiz davomida qabul qilgan eng og‘ir mag‘lubiyat deyish mumkinmi?
Murabbiy shunday javob berdi:
— Ha, ehtimol, shunday desam xato bo‘lmaydi. Biz uchrashuvning ilk qismida yaxshi boshladik, ammo 30-daqiqalarga kelib, raqib pressing orqali ustunlikni qo‘lga kiritdi. «Brentford» juda jismonan kuchli va standart vaziyatlarda aniq harakat qildi. Ular bugun bizdan ko‘p jihatlarda ustun bo‘ldi.
Slotning so‘zlariga ko‘ra, jamoa taktik jihatdan to‘g‘ri o‘ynagan bo‘lsa-da, maydondagi dinamika va tezkor qaror qabul qilishdagi kamchiliklar natijaga ta’sir ko‘rsatgan. «Bizda gol urish imkoniyatlari bo‘ldi, ammo ularni ishlata olmadik. Bu futbol — ba’zan kichik detallar barcha narsani hal qiladi», — dedi murabbiy.
«Liverpul» so‘nggi to‘rt turda ham g‘alaba qozona olmayotgani sababli jamoa chempionlik poygasida yetakchilardan ortda qoldi. Slot bu holatni ruhiy bosim va o‘yinlardagi barqarorlik yetishmasligi bilan izohladi.
«Bizda yaxshi jamoa bor, ammo har bir o‘yinda bir xil darajadagi energiya va diqqatni saqlab qolish kerak. Men futbolchilarimga ishonaman va bu vaziyatdan chiqib ketishimizga aminman», — dedi u.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!