
O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yil ichida Basalt Uzbekistan kompaniyalar guruhi tomonidan innovatsion bazalt materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sakkizta korxona tashkil etildi. Basalt Uzbekistan muhandis-texnologi Ahmadjon Yusupjanov sanoatning rivojlanishi, standartlarni joriy etish va bazaltdan kelajak materiali sifatida foydalanish istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
Bazalt – bu vulqon kelib chiqishiga ega bo‘lgan tabiiy tosh bo‘lib, lava qotishi natijasida hosil bo‘ladi. Uning konlari butun respublika hududida, jumladan, Jizzax viloyati va Qoraqalpog‘istonda, qadimgi vulqonlar joylashgan hududlarda mavjud.
Ushbu toshdan issiqlik va tovush izolyatsiyasi, kompozit armatura va armotarmoqlar, quvurlar, geotarmoqlar, texnik to‘qimalar va olovbardosh qoplamalar ishlab chiqariladi. Mustahkamligi, uzoq muddatli chidamliligi va ekologik xavfsizligi tufayli bazalt qurilish sohasida tobora talabgir bo‘lib bormoqda.
O‘zbekistonda zamonaviy bazalt texnologiyalarining rivojlanishi 2015 yilda boshlandi. Ushbu texnologiyalarning asosiy yo‘nalishi uzluksiz bazalt tolasi ishlab chiqarishdir.
Aynan shu mahsulot barcha mahsulotlar qatorining asosini tashkil etadi. Toshni nozik va mustahkam tolaga aylantirishning o‘zi katta texnologik yutuq hisoblanadi.
Shu asosda yangi yo‘nalishlar, jumladan, bazalt paxta, kompozit quvurlar va armatura, to‘qimalar ishlab chiqarishga yo‘l ochildi. 2024 yilda ikkita yirik zavod ishga tushirildi: fevral oyida kompozit quvurlar ishlab chiqaruvchi zavod, yil oxirida esa bazaltdan texnik to‘qimalar ishlab chiqaruvchi zavod faoliyat boshladi.
Hozirda Basalt Uzbekistan kompaniyalar guruhi korxonalarida bazalt shag‘al va qum, tolalar, uzluksiz va burilgan tolalar, kompozit armatura, armotarmoqlar va quvurlar, shuningdek, bazalt izolyatsion materiallar ishlab chiqarilmoqda. Bizning sakkizta zavodimiz xalqaro, jumladan, Yevropa standartlariga muvofiq faoliyat yuritmoqda.
2023 yildan boshlab biz Yevropa Ittifoqi normalariga to‘liq javob beradigan bazalt geotarmoqlarini ishlab chiqarmoqdamiz, 2024 yilda esa kompozit armaturalar Yevropada sertifikatlash jarayonidan o‘tdi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati texnologik liniyaning tarkibiga kiruvchi laboratoriyalar tomonidan muntazam tekshiriladi, shuningdek, mustaqil xalqaro auditlar bilan tasdiqlanadi.
Bazalt geotarmoqlari yo‘l qurilishida keng qo‘llanilib, yo‘l asoslarini mustahkamlaydi va qoplama deformatsiyasining oldini oladi. Bu esa avtomobil yo‘llarining xizmat muddatini uzaytirib, ularni saqlash xarajatlarini kamaytiradi.
Bizning asosiy ustuvor maqsadimiz – ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash va milliy standartlarni yaratishdir. Normativ bazani rivojlantirish va yangi standartlarni ishlab chiqishda biz Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, SQB Testing va R&D Center hamda boshqa tegishli ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz.
Bugungi kunda bazalt geotarmoqlari va bazalt kompozit quvurlarni qo‘llash bo‘yicha texnologik ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan, shuningdek, bazalt materiallarining afzalliklari va xususiyatlarini hisobga olgan holda, amaldagi o‘n beshta qurilish me’yorlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. O‘zbekiston bazalt texnik to‘qimalar bo‘yicha milliy standart ishlab chiqayotgan birinchi davlatdir.
Boshqa mamlakatlarda bunday normalar mavjud emas – ishlab chiqarish faqat texnik shartlar bilan tartibga solinadi. Bizning asosiy maqsadimiz – ichki bozorni yuqori sifatli qurilish va kompozit materiallar bilan ta’minlashdir.
Ushbu materiallar import o‘rnini bosuvchi, mahalliy va xorijiy standartlarga javob beradigan mahsulotlar hisoblanadi. Eksport geografiyasiga kelsak, biz o‘z mahsulotlarimizni Yevropa davlatlari, Amerika va MDH mamlakatlariga yetkazib bermoqdamiz.
O‘zbekiston: vulqon toshi kelajak materiallariga aylanyapti
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar