Chaqaloqqa qaynoq qahva sepgan erkak ishi keskinlashdi

2024 yilda Avstraliyaning Brisben shahrida sodir bo‘lgan dahshatli hodisa yana kun tartibiga chiqdi. BBC xabariga ko‘ra, to‘qqiz oylik chaqaloqqa qaynoq qahva sepganlikda gumonlanayotgan shaxsni qidirish va ishni tezlatish maqsadida Xitoy Avstraliyaga maxsus “ishchi guruh” yuborishini bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloq oilasi bilan bog‘da dam olayotgan paytda hujumga uchragan. Oqibatda bolaning yuzi, qo‘l-oyoqlari og‘ir kuyish jarohatlarini olgan. Gumonlanuvchi 33 yoshli erkak ekani aytiladi. Politsiya uning shaxsini aniqlashga ulgurgan, biroq u mamlakatni tark etib ketgan.
Hozirda gumonlanuvchi Xitoy hududida ekani qayd etilmoqda. Lekin Avstraliyaning Xitoy bilan ekstraditsiya (topshirish) bo‘yicha kelishuvi yo‘q. Shuning uchun ham Xitoyning Avstraliyadagi elchisi Syao Tsyan 29 yanvar kuni ishchi guruh Brisbenга borib, tergovga ko‘maklashishini ma’lum qildi.
“Biz bu masalaga jiddiy qaraymiz va zarur choralarni ko‘rishga qat’iymiz”, degan Syao Tsyan. Uning ta’kidlashicha, guruh Avstraliya rasmiylari bilan birga hodisa qanday va nima sababdan ro‘y berganini oydinlashtirish, keyingi hamkorlik qadamlarini muhokama qilish bilan shug‘ullanadi.
Kvinlend politsiyasi va Avstraliya Federal politsiyasining qo‘shma bayonotida esa Xitoy o‘z fuqarolarini mamlakat tashqarisida sodir etilgan xatti-harakatlar uchun ham jinoiy javobgarlikka tortish yurisdiksiyasiga ega ekani qayd etilgan.
Qidiruvdagi shaxsga nisbatan og‘ir tan jarohati yetkazish niyatida harakat qilish moddasi bilan hibsga olish orderi berilgan. Avstraliyada bu ayblov umrbod qamoq jazosigacha olib borishi mumkin.
Politsiya gumonlanuvchini “doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan ishchi” sifatida tasvirlagan. U 2019–2024 yillar oralig‘ida Avstraliyaga bir necha bor kelgan, Viktoriya va Yangi Janubiy Uels shtatlarida ham bo‘lgan.
Hodisaning o‘zi va chaqaloqning og‘ir kuyish jarohatlari butun Avstraliyada qattiq norozilik uyg‘otgan. Taxminlarga ko‘ra, erkak oila piknik qilayotgan paytda termosdagi qaynoq qahvani bolaga sepgan. Hujumdan keyin chaqaloq bir necha bor teri ko‘chirish operatsiyalariga muhtoj bo‘lgan.
Oradan uch oy o‘tib ota-onasi farzandining ahvoli haqida ma’lumot bergan: iyak va yelka qismida chandiqlar qolgan, biroq qolgan jarayonlar “yaxshi ketayotgani” aytilgan. Shuningdek, chaqaloqni davolash uchun ochilgan onlayn xayriya orqali 230 ming dollardan ziyod mablag‘ yig‘ilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!