date

“Halollik orollari” metodologiyasini joriy etishning ikkinchi bosqichi boshlandi

“Halollik orollari” metodologiyasini joriy etishning ikkinchi bosqichi boshlandi

Oʻzbekistonda mahalliy boshqaruvni takomillashtirish va davlat idoralari faoliyatida ochiqlikni kuchaytirishga qaratilgan “Halollik orollari” antikorrupsiya metodologiyasini joriy etishning ikkinchi bosqichi ishga tushirildi. Ilk bosqich natijalari ayrim hududlarda yondashuv amaliy samara berishini ko‘rsatgan. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.

Ikkinchi bosqichning ochilish tadbiri Toʻrtkoʻl tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Atajanov Alisher, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktor o‘rinbosari Umida Tuxtasheva, Toʻrtkoʻl tumani hokimi Ilxomboy Xudoyberganov, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii hamda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Hristos Marazopulos ishtirok etdi.

Metodologiyani sinovdan o‘tkazishning birinchi davri 2024–2025 yillarda Buxoro viloyatining Vobkent tumani, Jizzax shahri va Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan. Jarayonda mahalliy hokimlik va idoralar korrupsion xavflarni aniqlash, ichki tartib-taomillarni qayta ko‘rib chiqish hamda hudud sharoitiga mos amaliy yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan tizimli seminar va muhokamalarda qatnashgan.

Natijada har bir pilot hudud uchun strategik “yo‘l xaritasi” hamda 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan aniq choralar rejalari shakllantirilib, korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan qadamlar belgilab berilgan.

2026 yilda metodologiyani qo‘llash doirasi yana olti hududga kengaytiriladi: Xorazm viloyati Hazorasp tumani, Navoiy viloyati Konimex tumani, Samarqand viloyati Jomboy tumani, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani, Namangan viloyati Pop tumani va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumani.

Ikkinchi bosqichning asosiy vazifasi — birinchi bosqichdan olingan saboqlarni amaliyotga tatbiq etish, mahalliy boshqaruvning kundalik ishida halollik va mas’uliyat tamoyillarini yanada mustahkamlash. Loyiha Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Milliy antikorrupsiya kengashi bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi metodologiyani Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirib, hududlarda joriy etish jarayoniga hamrohlik qiladigan milliy mutaxassislar guruhini tayyorlagan. Kengaytirish doirasida ichki jarayonlarni soddalashtirish va kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini oshirish hamda fuqarolarni mahalliy darajada korrupsiyaning oldini olishga faol jalb etish ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.

“Halollik orollari” yondashuvi xalqaro miqyosda tan olingan bo‘lib, Markaziy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 davlatida, 30 dan ortiq mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida qo‘llanadi. 2011 yilda u BMTning davlat xizmati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun mukofotiga sazovor bo‘lgan, shuningdek, Vena shahridagi Xalqaro antikorrupsiya akademiyasi va Gaagadagi mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish akademiyasida o‘qitiladi.

Yakka shaxslarni jazolashga qaratilgan yondashuvlardan farqli ravishda, “Halollik orollari” tizimdagi zaif nuqtalarni aniqlash, mahalliy real sharoitdan kelib chiqib amaliy yechimlar ishlab chiqishga yordam beradi. Oʻzbekistonda ushbu metodologiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonda milliy antikorrupsiya ekotizimini mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida joriy etilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » “Halollik orollari” metodologiyasini joriy etishning ikkinchi bosqichi boshlandi