O‘zgidromet: Fevral oyida O‘zbekistonni qanday ob-havo kutib turibdi?

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston aholisini nisbatan o‘zgaruvchan, ammo umumiy hisobda yumshoq ob-havo kutib turibdi. Bu haqda «O‘zgidromet» axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, oyning ilk besh kunligi nam va nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi. Respublika hududlarining aksar qismida yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida kuzatiladi. Shu davrda havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib, tungi soatlarda 5–10 daraja iliq, kunduz kunlari esa 13–18 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Fevral oyining keyingi davrlarida esa harorat ko‘rsatkichlari o‘zgarib turishi kutilmoqda. Tungi paytda havo 2–7 daraja iliqdan 0–5 daraja sovuqqacha, kunduzi esa 5–10 daraja iliqdan 13–18 daraja iliqqacha tebranib turadi.
Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, har bir o‘n kunlikda ayrim kunlari 2–3 kun mobaynida yog‘ingarchilik — yomg‘ir yoki qor yog‘ishi ehtimoli bor.
Shu bilan birga, qish faslidagi ob-havo doim barqaror bo‘lmasligi ta’kidlanadi. Turli yillarda fevral oyi har xil kechadi. Ayrim yillarda bahorga xos iliq kunlar tez-tez kuzatilib, tabiatning erta uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Bunday paytlarda bodom, o‘rik, olxo‘ri va olchaning erta navlari gullashi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar davomida fevral oyida qayd etilgan eng yuqori harorat 24–29 daraja iliqni, ayrim janubiy hududlarda esa 30–32 daraja iliqni tashkil etgan. Respublika bo‘yicha ushbu harorat rekordlari asosan 2016 va 2021 yillarda kuzatilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!