"Istanbul Bashakshehir" klubi Eldor Shomurodov bo‘yicha qaror qabul qildi

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi o‘zbek futbol muxlislarini quvontiradigan qaror qabul qildi. Jamoaning yetakchi hujumchisi Eldor Shomurodovning kelajagi bo‘yicha masala hal qilindi — klub uni tarkibda olib qolishga bel bog‘lagan.
Aytilishicha, joriy mavsumda yuqori formada harakat qilayotgan, chempionat to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamlar safida borayotgan o‘zbekistonlik forvard ishonchni to‘liq oqlagan. Shu sabab «Istanbul Bashakshehir» rahbariyati «Roma»dan ijara asosida kelgan shartnomadagi sotib olish bandini amalga tushirgan.
Jurnalist Salim Manav xabariga ko‘ra, klub 2,7 million yevro miqdoridagi sotib olish opsiyasini rasman ishga tushirgan.
"Roma" ham chetda qolmaydi
Shartnoma shartlarida yana bir muhim band bor: agar keyinchalik Shomurodov boshqa klubga sotilsa, «Roma» transfer summasining 10 foizini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor «Istanbul Bashakshehir»ga «Roma»dan ijara asosida kelgan, kelishuvda keyin to‘liq transferga o‘tish imkoniyati ham borligi avvaldan aytilgan edi.
Qisqasi, «Istanbul Bashakshehir» o‘zining “gol kafolati”ni saqlab qolmoqda. Endi eng qizig‘i — Shomurodov bu ishonchni mavsum oxirigacha yanada katta natijalar bilan mustahkamlay oladimi? Muxlislar kutadigan javob shu.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!