“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

28 yanvar kuni Toshkent shahridagi “Renessans Hall” majmuasida “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakat madaniy hayotidagi muhim voqealardan biri sifatida san’at ixlosmandlari e’tiborini tortdi.
Marosimda yil davomida san’at va madaniyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlar turli nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etildi. Jumladan, maqom ijrochiligi yo‘nalishida Ozodjon Tillanazarov va Nargizaxon Raxmonova eng yaxshi erkak va ayol xonandalar deb topildi. Opera san’atida Damir Raxmonov, estrada yo‘nalishida esa G‘aybulla Tursunov hamda Dilnoz Hakimova yilning eng yaxshilari sifatida taqdirlandi.

Teatr va kino sohasida ham bir qator ijodkorlar mukofotlarga sazovor bo‘ldi. “Ikki qalb nolasi” yilning eng yaxshi spektakli, “Amaliyotchi qiz” esa yilning eng yaxshi filmi deb e’lon qilindi. Ulug‘bek Axmedov va Rayxona Ubaydullayeva eng yaxshi teatr aktyori va aktrisasi, Qudrat Otajonov esa eng yaxshi rejissyor sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, sirk, askiya, kulgi, baxshichilik, raqs va tasviriy san’at yo‘nalishlarida ham yilning eng munosib vakillari taqdirlandi. Hududiy va jamoaviy nominatsiyalarda Jizzax viloyati Forish tumani madaniyat markazi hamda “Durdona” folklor-etnografik jamoasi alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Tadbir yakunida xorijda o‘zbek madaniyatini targ‘ib etib kelayotgan san’atkorlar ham unutilmadi. Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist, TURKSOY tashkiloti bo‘lim boshlig‘i Arman Nurmaxamatuli “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” mukofoti bilan taqdirlandi.
Mazkur mukofot marosimi san’atkorlar mehnatini qadrlash, ularni yangi ijodiy yutuqlarga ruhlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!