
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasi O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha yakuniy xulosalarini e’lon qildi. XVJ ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning to‘qqiz oyida real YAIM hajmi 7,6 foizga yuksaldi. Bu o‘sish, asosan, katta sarmoya kiritilishi va aholi iste’molining ko‘payishi bilan izohlanadi. Ijobiy jihati, talab ortganiga qaramay, inflyatsiya sur’atlari sekinlashgan va oktabr oyi oxirida 7,8 foizni tashkil etgan.
Tashqi barqarorlikning sirlari
Inflyatsiyaning sekinlashishiga qat’iy pul-kredit siyosatining saqlab qolinishi, real ayirboshlash kursining mustahkamlanishi va energiya narxlari oshishining ta’siri pasayishi sabab bo‘lgan. XVJning ta’kidlashicha, oltin narxining yuqoriligi va eksportning faol o‘sishi tufayli tashqi savdodagi defitsit (joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi) sezilarli darajada qisqargan. Oktabr oxiriga kelib, xalqaro zaxiralar 12 oylik importni qoplash darajasiga ko‘tarilgan.
"Oltin isitmasi" xavfi
Ammo XVJ jiddiy xavf haqida ogohlantirdi. Inflyatsiyaning yana yuqorilash xavfi byudjetga rejadan oshiqcha tushayotgan daromadlarni (ayniqsa oltindan) ko‘proq sarflash amaliyoti, shuningdek, imtiyozli kreditlar dasturining kengayishi bilan bog‘liq. Talab yuqori bo‘lgan sharoitda bunday xarajatlarning ko‘payishi iqtisodiyotning “qizg‘in tus olishi”ga (overheating) olib kelishi mumkin.
XVJ tavsiyasi: Moliyaviy intizom
Xalqaro ekspertlarning fikricha, iqtisodiy tebranishlar xavfini kamaytirish uchun davlat xarajatlarni ko‘paytirishdan maksimal darajada tiyilishi o‘ta muhimdir. Rejalashtirilmagan qo‘shimcha daromadlar hisobidan xarajatlarni oshirish tashabbuslarini cheklash inflyatsion bosimni pasaytiradi va oltin narxlari tushgan taqdirda keskin o‘zgarishlar zaruriyati yuzaga kelishidan saqlaydi. Bu, shuningdek, byudjet uchun zaxira fondlarini to‘plash imkonini yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.