Uch oyda turizm daromadi milliard dollardan oshdi

2026 yilning birinchi choragi yakunlari Oʻzbekiston turizm sohasida sezilarli oʻsish kuzatilayotganini koʻrsatdi. Prezident raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilinishicha, ushbu davrda mamlakatga qariyb 3 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
Eng eʼtiborlisi, turizm xizmatlari eksporti hajmi 1 milliard 103 million dollarga yetgani qayd etildi. Bu koʻrsatkich soʻnggi yillardagi eng yuqori natijalardan biri sifatida baholanmoqda.
Yigʻilishda taʼkidlanishicha, bunday oʻsishga “turistik relokatsiya” omillari ham katta taʼsir koʻrsatmoqda. Yaʼni, bugungi kunda dunyo boʻylab koʻplab sayyohlar xavfsiz va barqaror yoʻnalishlarni afzal koʻrmoqda. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston oʻz imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishi lozimligi alohida urgʻulandi.
Shuningdek, mamlakatdagi boy tarixiy meros, madaniy obidalar va yangi turistik maskanlarni rivojlantirish ishlari yanada jadallashtirilishi kerakligi aytildi. Masʼullarga har bir sayyoh uchun raqobat kuchayib borayotgan sharoitda faol ish olib borish vazifasi yuklatildi.
Endi har bir tuman kesimida turizm salohiyatini oshirish boʻyicha aniq va kompleks takliflar ishlab chiqish topshirildi. Bundan tashqari, barcha rahbarlar ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan baholab, kamida bir nechta ssenariy asosida ish rejalarini tayyorlashi shartligi taʼkidlandi.
Viloyat va tuman hokimlariga ish uslubini yangilash boʻyicha qatʼiy talablar qoʻyildi. Jumladan, qisqa muddatda “aql markazlari”, oliy taʼlim muassasalari olimlari va yosh startapchilarni jalb qilgan holda iqtisodiy samaradorlikni oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Yigʻilish davomida ayrim rahbarlar faoliyati ham tanqid ostiga olindi. Xususan, Nurafshon shahrida tadbirkorlik loyihasi ikki yildan beri amalga oshmay kelayotgani, mahalliy rahbariyat esa muammoni hal qilish oʻrniga boshqa masalalarga eʼtibor qaratayotgani qattiq tanqid qilindi.