date

14 yoshli oʻquvchi uyida haqiqiy samolyot dvigateli yasadi

14 yoshli oʻquvchi uyida haqiqiy samolyot dvigateli yasadi

Xitoyda istiqbolli yosh ixtirochi eʼtibor markaziga tushdi. 14 yoshli oʻsmir uy sharoitida haqiqiy aviatsiya dvigatelini mustaqil ravishda yigʻishga muvaffaq boʻldi. Bu haqda “Oddity Central” nashri xabar tarqatdi.

Maʼlum qilinishicha, Che Tszinganning aviatsiyaga boʻlgan qiziqishi juda erta — bolalar bogʻchasi davridayoq paydo boʻlgan. U dastlab qogʻoz samolyotlar yasash bilan shugʻullangan boʻlsa, vaqt oʻtishi bilan bu qiziqish jiddiy ilmiy izlanishlarga aylangan.

Ota-onasining aytishicha, oʻsmir har kuni soatlab aerodinamika, muhandislik va boshqa tegishli fanlar boʻyicha kitoblar mutolaa qilgan. Hatto boshlang‘ich sinflardayoq u murakkab mavzular — matematik tahlil, loyihalash va maxsus dasturlarda ishlashni oʻzlashtira boshlagan.

Keyinchalik Che oʻz bilimlarini amaliyotda sinab koʻrishga qaror qilib, shaxsiy reaktiv dvigatel yaratishni maqsad qildi. U tayyor chizmalardan foydalanish oʻrniga barcha ishni noldan boshlagan: detallarni oʻzi ishlab chiqqan, 2D va 3D modellar yaratgan, havo oqimi, harorat va bosim kabi parametrlarni aniq hisoblab chiqqan.

Oʻsmir oʻz ish jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda yoritib borgan va bu orqali keng auditoriya eʼtiborini qozongan. Koʻplab foydalanuvchilar unga maslahat bergan, ayrimlari esa detallarni 3D-printer orqali tayyorlab berishda yordam taklif qilgan.

Dvigatelning dastlabki versiyasi ustida ishlash qariyb 8 oy davom etgan. Loyiha uchun sarflangan materiallar qiymati 8-9 ming yuanni, yaʼni taxminan 1100–1200 dollarni tashkil etgan. Ota-onasi uning bu ishini jiddiy qabul qilib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan.

Biroq ilk sinov muvaffaqiyatsiz yakunlangan — konstruksiya va yonilgʻi tizimidagi ayrim kamchiliklar bunga sabab boʻlgan. Shunga qaramay, yosh ixtirochi taslim boʻlmadi. U hozirda dvigatelning yanada takomillashtirilgan variantini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.

Che Tszinganning taʼkidlashicha, muvaffaqiyatsizlik — bu bilim olish jarayonining ajralmas qismi boʻlib, u insonni yanada kuchli va maqsad sari intilishga undaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » 14 yoshli oʻquvchi uyida haqiqiy samolyot dvigateli yasadi