“Esmeralda” ovozi sohibasi Shohida Uzoqova 61 yoshda

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, teatr va kino yulduzi Shohida Uzoqova 22 aprel kuni 61 yoshni qarshi oldi. U oʻzining serqirra ijodi, hayot yoʻli va mustahkam irodasi bilan muxlislar hurmatiga sazovor boʻlib kelmoqda.
Aktrisa Chirchiq shahrida dunyoga kelgan boʻlib, bolaligidanoq sanʼatga qiziqqan. Radio orqali eshitiladigan spektakllar, musiqali asarlar uning qalbida sahnaga boʻlgan muhabbatni uygʻotgan. Qiziq tomoni, u dastlab oʻzbek tilini yaxshi bilmagan, hatto qarindoshlari yordamida uni oʻrganishga majbur boʻlganini eslab oʻtadi.

Maktab yillarida faol va shoʻx boʻlgan Shohida Uzoqova turli toʻgaraklarda qatnashib, qoʻshiqlar kuylagan, sahna koʻrinishlarida ishtirok etgan. Atrofdagilar uni kelajakda artist boʻlishini bashorat qilgan boʻlsa-da, u avval shifokor yoki jurnalist boʻlishni orzu qilgan.
Taqdir uni butunlay boshqa yoʻlga boshladi. Ota-onasining xohishi bilan texnik bilim yurtiga kirgan boʻlsa-da, u ataylab imtihondan oʻta olmagan. Keyinchalik zavodda ishlab, hatto kranchi kasbini ham egallagan. Ammo qalbidagi sanʼatga boʻlgan muhabbat uni yana orzusi sari yetakladi.

Bir necha urinishlardan soʻng u Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutiga oʻqishga kirishga muvaffaq boʻldi. Keyinchalik Bahodir Yoʻldoshev rahbarligida ishlab, aktrisa sifatida shakllandi va milliy teatr sahnasida oʻz oʻrniga ega boʻldi.

Shohida Uzoqovaning shaxsiy hayoti ham oson kechmagan. U aktyor Muhammadjon Uzoqov bilan turmush qurgan, ammo turmush oʻrtogʻi erta vafot etgan. Shunga qaramay, aktrisa hayot sinovlariga bardosh berib, ijodini davom ettirgan.
Uning keng ommaga mashhur boʻlishiga esa “Esmeralda” seriali katta turtki boʻldi. Undagi bosh qahramonga ovoz berish jarayoni aktrisa uchun oson kechmagan. Hatto obrazni toʻliq his qilish uchun koʻzlari bogʻlangan holda dublyaj qilishga toʻgʻri kelgan.
Bugungi kunda ham Shohida Uzoqova hayotdan zavqlanib yashamoqda, ijod qilishdan toʻxtagani yoʻq. U 100 yoshgacha yashashni orzu qiladi va muxlislariga ijobiy kayfiyat ulashishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!