
O‘zbekistonda 2025-yilning ilk 11 oyida valyuta — so‘m AQSH dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Spot nashri Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib xabar qilishicha, noyabr oyida dollar kursida kuzatilgan siljishlar milliy valyuta uchun muhim bir burilish nuqtasi bo‘ldi.
Qayd etilishicha, noyabr oyi davomida so‘m dollarga nisbatan 122,92 so‘mga, ya’ni 1,02 foizga qiymat oshirgan va rasmiy kurs 11 902 so‘mni tashkil etgan. Oyning dastlabki yarmida valyuta kursi 12 ming so‘mdan yuqori turgan bo‘lsa, ikkinchi yarmida valyuta barqaror mustahkamlanib, 11 900 so‘m atrofidan pastga tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yildan buyon kuzatilgan eng past daraja sifatida qayd etildi.

Joriy yilning 11 oyi davomida milliy valyuta dollarga nisbatan 7,88 foizga mustahkamlanib, 1018 so‘mdan ortiq oshgan. Noyabr yakunida tijorat banklarida dollar kursi 11 900 so‘m atrofida va undan past darajada saqlanib qoldi. Eng yuqori xarid narxi — 11 900 so‘m Hamkorbank, Milliy bank va Trastbank tomonidan taklif qilinmoqda.

Dollarning tushishi sabablari
Markaziy bank milliy valyutaning kuchayishini valyuta tushumlarining keskin oshishi bilan bog‘lamoqda. Xususan, eksport tushumlari, xorijiy kreditlar, pul o‘tkazmalari, investitsiyalar va importning barqarorlashuvi valyuta oqimini jadal oshirgan.
Yanvar–oktyabr oylarida o‘zbekistonliklar banklarga 17,4 milliard dollar xorijiy valyuta sotgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 31,8 foizga ko‘p. Aholi tomonidan valyuta sotib olish ko‘rsatkichi 24 foizga o‘sib, 9,6 milliard dollarga yetdi. Natijada sotish va xarid o‘rtasidagi farq 7,8 milliard dollarga teng bo‘ldi.
Shuningdek, transchegaraviy pul o‘tkazmalari ham 25 foizga oshib, yil boshidan beri 15,8 milliard dollarga yetgan. Ayniqsa, iyuldan oktyabrgacha o‘tkazmalar oyiga 1,8–1,9 milliard dollar darajasida barqaror saqlangan.
2025-yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 66,5 milliard dollarni tashkil qildi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 11,75 milliard dollarga yoki 21,5 foizga ko‘pdir.
So‘mning mustahkamlanishi mamlakatdagi inflyatsion kutilmalarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi — inflyatsiyaga doir xavotirlar almashuv kursi o‘zgarishlaridan ikki barobardan ortiq pasaydi. Shu bilan birga, milliy valyutaga bo‘lgan ishonch oshdi va so‘mdagi pul massasi 2024-yildagi 220,1 trillion so‘mdan oktyabr oyiga kelib 282,3 trillion so‘mgacha ko‘tarildi.
Millionlab dollarlik yukni yengillashtirgan yana bir omil — milliy valyutaning mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirgani. Bu davlat sarf-xarajatlarini 4,7 foizga, biznes yukini esa taxminan 5 foizga qisqartirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.