O'zbekneftgazga gaz qazib olishni kuniga 70 mln kub metrgacha oshirish vazifasi qo'yildi

O'zbekneftgaz kompaniyasiga sutkalik gaz qazib olish hajmini 66 mln kub metrdan 70 mln kub metrgacha yetkazish, shuningdek, 2026 yil yakuniga qadar kamida 25,4 mlrd kub metr gaz ishlab chiqarishni ta'minlash topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kompaniyaning navbatdagi rejalari va oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig'ilish o'tkazdi. Unda gaz zaxiralarini ko'paytirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, yangi investitsiya bloklarini shakllantirish hamda allaqachon investorlar ixtiyoriga berilgan maydonlarda ishlarni tezlashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Yig'ilishda naftani qayta ishlash masalasi ham alohida ko'rib chiqildi. Hozirgi quvvatlar atigi 70% band, mahsulot esa chetga imkoniyatdagidan ikki baravar arzon narxda sotilayotgani qayd etildi. Naftani polimer mahsulotlariga aylantirish qo'shilgan qiymatni olti barobar oshirishi inobatga olinib, mavjud quvvatlarni to'liq ishga solish vazifasi qo'yildi.
Shuningdek, O'zbekneftgaz tuzilmasida korrupsiyaga qarshi yo'nalish bo'yicha rais o'rinbosari lavozimi joriy etildi, komplaens hamda ichki nazorat xizmati tashkil qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!