20:27 / 08.02.2018
6 052

Rossiyadagi muhojirlar 12 yil ichida O‘zbekistonga qancha pul o‘tkazishgan?

Rossiyadagi muhojirlar 12 yil ichida O‘zbekistonga qancha pul o‘tkazishgan?
Rossiya — O‘zbekiston mehnat muhojirlari eng ko‘p bo‘lgan mamlakat. Va faqat Rossiya banki kredit tashkilotlari va pul o‘tkazish tizimlari orqali O‘zbekistonga o‘tkazilgan mablag‘lar haqidagi hisobotlarni e’lon qiladi.

Grafikda 2006 yil yanvaridan 2017 yil oktyabriga qadar Rossiyadan O‘zbekistonga o‘tkazilgan pul miqdori yillar kesimida ko‘rsatilgan. Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni ko‘paygani sayin, O‘zbekistonga o‘tkazilgan pul miqdori ham yildan yilga oshib borgan (xususan, 2009 yilgi 2,05 milliard dollardan 2013 yilda 6,6 milliard dollargacha). Biroq, grafikdagi ikkita sho‘ng‘ish e’tiborga molik — birinchisi 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozidan keyin, ikkinchisi esa Rossiyadagi 2014 yilgi iqtisodiy inqirozdan so‘ng kuzatilgan. Har ikki inqiroz, ayniqsa, ikkinchisi Rossiyadagi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini pasaytirgan, bu va inqiroz bilan bir vaqtda kuzatilgan shiddatli inflyatsiya oqibatda mehnat muhojirlarining daromadlari karrasiga qisqargan va O‘zbekistonga yuborilayotgan valyuta miqdori ham sezilarli kamaygan.

Quyidagi jadval yuqoridagi grafikni to‘ldiruvchi bir ma’lumot — unda pul o‘tkazish tizimlari orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalarini ham o‘z ichiga olgan transchegaraviy o‘tkazmalar hajmi, shuningdek, yillar bo‘yicha o‘rtacha bir o‘tkazma miqdori ko‘rsatilgan. E’tiborli tomoni, 2015 yilgacha transchegaraviy o‘tkazmalar tarkibida pul o‘tkazmalaridan boshqa turdagi o‘tkazmalar miqdori 100 million dollarga yo yetgan, yo yetmagan, biroq 2015 yildan boshlab pul o‘tkazmalaridan boshqa turdagi o‘tkazmalar hajmi 680 million dollardan kam bo‘lmayapti.
  • Transchegaraviy o‘tkazmalar — Rossiya rezidenti va norezidenti hisoblangan jismoniy shaxslar tomonidan kredit tashkilotlarida hisobraqam ochish yoki ochmasdan amalga oshirilgan, shuningdek, pul o‘tkazish tizimlari orqali amalga oshirilgan naqdsiz pul ko‘rinishidagi o‘tkazmalari.
  • Pul o‘tkazmalari — bunda quyidagi tizimlar orqali o‘tkazilgan o‘tkazmalar hisobga olingan: Anelik, BLIZKO, Contact, InterExpress, Western Union, «Zolotaya Korona», «Sberbank» («Kolibri»), «Lider» xalqaro pul o‘tkazmalari, «Yunistrim», shuningdek, Rossiya pochtasi taqdim etgan axborot.
  • O‘rtacha — o‘rtacha bir o‘tkazma miqdori.



Shunday qilib, 2006 yil yanvaridan 2017 yil oktyabriga qadar — to‘liqsiz 12 yil ichida Rossiyadan O‘zbekistonga qariyb 37 milliard dollarlik transchegaraviy o‘tkazmalar amalga oshirilgan, buning salkam 35 milliard dollarini pul o‘tkazish tizimlari orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari tashkil etadi. Bu pullar mehnat muhojirlari tomonidan ularning O‘zbekistonda qolgan oilalariga jo‘natilgan, desa ham bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Rossiyadagi muhojirlar 12 yil ichida O‘zbekistonga qancha pul o‘tkazishgan?

Iqtisodiyot yangiliklari