08:28 / 29.01.2020
5 626

O‘zbekistonga Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kerakmi?

O‘zbekistonga Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kerakmi?
O‘zbekiston prezidenti Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga (YEOII) qo‘shilish rejasini inkor etmayapti, ammo uning fikricha, hali barchasi ko‘rib chiqish bosqichida va vaziyat o‘zgarishi mumkin.

Kelayotgan fevral oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvaga safar qiladi. Undan mamlakatning YEOIIga qo‘shilishi masalasida ijobiy javob kutishyapti. Umuman olganda, Kremldagilar javobni allaqachon olib bo‘lgan, ammo bu javob o‘ta bahsli. Mamlakat Senati yig‘ilishida chiqish qilgan Mirziyoyev “Biz ittifoqqa a’zo sifatida kirmaymiz. Avvalo, hozirgi vaziyatda bu bizga qulay bo‘ladimi, yo‘qmi, shuni aniqlashtirib olishimiz kerak. Bundan tashqari, kuzatuvchi degani, a’zo degani ham emas. Biz kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz”, dedi.

Ammo bundan ko‘p o‘tmay prezident saytida paydo bo‘lgan murojaatda “iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish” lozimligi haqida aytildi. Unda qayd qilinishicha, O‘zbekiston tashqi savdo yuklarining 80%gacha bo‘lgan qismi tashish jarayonida Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. Shuning uchun “Ushbu vaziyatni hisobga olib hamda Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan fuqarolarimiz uchun qulay sharoitlarni vujudga keltirish uchun O‘zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan hamkorlik qilishi o‘rganib chiqilayotgani” ma’lum qilindi.

Shunday qilib, joriy holat haligacha tushunarsiz – O‘zbekiston YEOIIda kuzatuvchi maqomida ishtirok etish fikrida to‘xtadimi, yoki (belgilangan shartlarga ko‘ra) bu ittifoqqa kirish varianti ham bormi?

Shu yerda ikkita savol paydo bo‘ladi:
1. Nima uchun YEOII (buni Rossiya deb o‘qiyvering) Toshkentni hamkorlik birlashmasiga a’zo qilishga urinyapti?
2. Unga a’zolikda O‘zbekiston uchun qanday ijobiy va salbiy jihatlar bor?

Birinchisidan boshlaymiz. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholi eng zich joylashgan mamlakat bo‘lib, u YEOIIni sezilarli darajada kuchaytiradi. Mamlakat aholisi 30 million kishidan ortiq, buning katta qismini yoshlar tashkil qiladi. O‘zbekistonda yirik bozor, iqtisodiy taraqqiyot va tranzit imkoniyati bor. Shuningdek, muhim geosiyosiy joylashuv o‘rniga ega – Afg‘oniston va Markaziy Osiyoning boshqa barcha davlatlari bilan qo‘shni.

Bu mintaqani (Markaziy Osiyoni) hamkorlikka tortish O‘zbekistonsiz to‘liq amalga oshmaydi va agar uni boshqa bir yirik siyosiy o‘yinchi o‘ziga og‘dirib olsa, Rossiya uchun strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan YEOII loyihasi oxir-oqibatda muzlab qoladi. Demak, Moskva Toshkentda o‘zining geosiyosiy ta’sirini yoyish va kelajakda uni hatto Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXSHT) ham tortish uchun imkoni bor barcha ishni qilishi kerak.

Ammo bu (O‘zbekistonni KXSHTga a’zo qilish) ancha qiyinroq bo‘ladi. Chunki Markaziy Osiyo hududida ayni paytda biron qo‘rqinchli terror guruhi yo‘q. Garchi o‘zbek armiyasi ancha qudratli bo‘lsada, jangarilarning ommaviy hujumiga bir o‘zi dosh berolmasligi mumkin. (Shunday holatdagina O‘zbekiston harbiy ittifoqlarga kirishga ehtiyoj sezadi). Shuni yodda tutish kerakki, O‘zbekiston betaraf davlat sanaladi (harbiy ittifoqlarga qo‘shilmaydi).

Davom etamiz. Agar O‘zbekiston YEOIIga kirsa, bu Rossiya iqtisodi uchun foydali bo‘ladi – u qonuniy arzon ishchi kuchiga ega bo‘ladi. Rossiya aholisining keksayib, qisqarib borishi manzarasida bu omil muhim o‘ringa ega. Biroq ayni vaziyatda YEOIIga kirish uchun O‘zbekistonda o‘zining siyosiy va iqtisodiy mustaqilligidan ham muhim bo‘lgan kuchli ehtiyoj bormi? O‘zbekistonning ushbu ittifoqqa a’zo bo‘lishining ijobiy tomonlaridan biri – yirik moliya va xizmatlar bozoriga kirish, tovarlarni olib o‘tishda imtiyozli shartlardan foydalanish, mehnat muhojirlari uchun teng huquqlarga ega bo‘lish sanaladi. Shuningdek, hisob-kitoblarga ko‘ra sarmoya va texnologiyalar, elektroenergiya, neft va gazning umumiy bozoriga ham kirish mumkin.

Ammo O‘zbekistonning YEOIIga a’zo bo‘lishida salbiy jihatlar ko‘proq. Sir emaski, ittifoq “bayroqdori” va undagi eng katta bozor egasi Rossiya – shundan kelib chiqib u boshqalarga gapini o‘tkazadi. Shu bilan birga Rossiya Federatsiyasi (AQSH, Xitoy kabi) jahonning biron yirik o‘yinchisi bilan sanksiyalar urushini olib borayotgan bo‘lsa, bu uning o‘zidan ham ko‘ra iqtisodi kichikroq hamkor davlatlarga ko‘proq zarar yetkazadi. O‘zbekiston hozircha o‘zining ichki bozorini yomon himoya qilmayapti, biroq YEOIIning a’zosi bo‘lgach ham shu holat saqlanib qoladimi?

Chunki ittifoq a’zolari o‘rtasida manfaatlar muvozanatini ushlab turish talab qilinadi. Iqtisodning alohida sohalari Rossiyaning yirikroq kompaniyalari bilan raqobatda turib bera oladimi? O‘zbekiston paxtasi va to‘qimachiligi Qirg‘izistonnikini bozordan siqib chiqaradimi, yoki Rossiya to‘qimachiligi O‘zbekiston yo‘liga g‘ov bo‘ladimi? Yana bir muhim holat: YEOII a’zosi bo‘lgach, O‘zbekiston o‘zining savdo siyosati, xususan, hozirgi tartibni erkinlashtirish ustidan nazoratni qisman yo‘qotishi mumkin.

Bu masalada YEOIIning ichida o‘sib kelayotgan muammolarni ham hisobga olish kerak – ittifoq darzlardan xoli emas. Oxirgi shov-shuvli mojaro Rossiya va Belarus o‘rtasidagi neft janjali bo‘ldi. Bularning barchasi haqiqiy iqtisodiy manfaatlar emas, siyosiy xohish-istaklar sababli kelib chiqadi. Shunday vaziyatda bu ittifoq ichidagi o‘zaro munosabatlar aniqlanib olgunicha O‘zbekiston YEOIIga kirishdan o‘zini tiyib turishi to‘g‘ri emasmi?

O‘zbekiston mana shu ittifoqsiz ham yaxshi yashayapti. Unga a’zolik esa faqat mehnat muhojirlarining muammolarini hal qiladi:
- ularga ishga joylashishda ustunlik beradi, banklardan qarz va kredit olish, pensiyani jamg‘arib borish mumkin bo‘ladi;
- majburiy tibbiy sug‘urtaga ega bo‘ladi;
- ittifoqqa a’zo mamlakatlarda vaqtinchalik va doimiy yashash ruxsati beriladi.

Albatta, bularning barchasi mehnat muhojirlari uchun yetarlicha jozibador bo‘lishi mumkin, ammo O‘zbekistondek muvaffaqiyatli davlat uchun bunday solishtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Qisqa qilib aytganda, bu ittifoq Armaniston va Qirg‘iziston kabi kichik va kambag‘al davlatlar uchun yutuq bo‘lishi mumkin, biroq bemalol o‘z oyog‘ida tura oladigan mamlakatlarga nisbatan bunday baho berib bo‘lmaydi. Ikki tomonlama shartnomalar amaliyoti har doim bo‘lgan – masalan, mamlakat iqtisodiyotiga Rossiyadan sarmoya jalb qilish uchun ittifoq a’zosi bo‘lish shart emas; yangi hukumat davrida O‘zbekistonga shundayiga ham sarmoya kirib kelyapti.

Xullas, rasmiy Toshkent YEOII bo‘yinturug‘ini kiyishga shoshilishi aniq o‘zini oqlamaydi. Undan ko‘ra, ittifoq ichida bo‘layotgan jarayonlarni kuzatib, ulardan “ibrat olish” to‘g‘ri emasmi? Agar Moskva O‘zbekistonni ittifoqqa kirishga qayta-qayta undab, buning evaziga qandaydir o‘ta ulkan narsani taklif qilsa, bu endi boshqa gap. Biroq bu qopqonga qo‘yilgan tekin pishloq bo‘ladi. Buni esa Rossiyadan tashqari Xitoy va AQSH ham berishi mumkin. Shunda ulardan qaysi biri O‘zbekiston uchun “hayotiy muhim”, boshqasi esa “shunchaki harakat imkoniyatini cheklash uchun” aloqaga chiqayotganini aniqlab olish kerak.

Hozir O‘zbekistondagi vaziyat ko‘p narsalarni va’da qilyapti: Mirziyoyev o‘tmishdoshidan (Islom Karimovdan) qolgan qat’iy avtoritar va tashqi dunyodan ajratib qo‘yilgan rejimni “qaytadan yukladi”. Birgina misol keltirish yetarli – u o‘ttiz yildan beri mehnat bandligi muammosini qiyinlashtirib kelgan propiska tizimini isloh qilishga buyruq berdi. Bundan tashqari,
- o‘n ikkita shahar atrofidagi hududlarni shaharlashtirish orqali yo‘ldosh aglomeratsiyalarni tashkil etish bo‘yicha o‘ta yirik loyihalar ishlab chiqilyapti;
- turar-joylar qurishni tezlashtirish maqsadida yangicha ipoteka tizimini kiritish rejalashtirilyapti;
- kam ta’minlangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularning hayot sharoitlarini yaxshilash uchun davlat 105 million dollar ajratyapti.

To‘g‘ri, bu unchalik ko‘p emas, ammo, baribir, odamlarga yordam bo‘ladi. Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinadigan bo‘lyapti. Mirziyoyevning va’da berishicha, bundan buyon oylik, pensiya, stipendiya va nafaqalar inflyatsiyadan ko‘proq qilib oshiriladi. Hukumatga 2020 yilning o‘zida kamida 500 ming ish o‘rni tashkil etish vazifasi berilgan.

Shuningdek, bu yil mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasiga ajratgan xarajatlari 23%ga ko‘paydi va hozirda 2 milliard dollarni tashkil etyapti. Mirziyoyev davlat tepasiga kelishi bilan dori-darmon va tibbiy uskunalarni sotib olish uchun ajratiladigan pul 6,5 marta, onkologik kasallarga ajratiladigan mablag‘ esa 20 martaga oshdi. Umuman olganda, O‘zbekiston turli xil sohalarda yetarlicha ulkan loyihalarni amalga oshiryapti. Alohida ta’kidlash kerak – YEOIIga a’zo bo‘lmagan holda!

Oxirgi savolga qaytamiz. Rasmiy Toshkent hamkorlik tuzilmalarida ishtirok etish masalasida har doim ehtiyotkor, hatto o‘ta ehtiyotkor bo‘lib kelgan. Biroq bunday sharoitda u dunyodagi kuch markazlarining (Rossiya, AQSH, Xitoy) barchasidan bir xil uzoqda bo‘lishi tufayli faqat yutgan. Shunday ekan, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zolik masalasiga Shavkat Mirziyoyev o‘ta jiddiy yondashishi, bunda yuzaki emas, barcha tomonlarni hisobga olib qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi.

Irina Jorbenadze
Gruziyalik siyosiy tahlilchi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonga Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kerakmi?