
Alyona Aitova O'zbekiston nomidan birinchi bor Himolay tog'laridagi Island-Pik (Imjatse) cho'qqisini zabt etgan ayol bo'ldi. U cho'qqiga chiqish jarayonini Instagram sahifasida video orqali bo'lishdi.
Aitova Island-Pikni zabt etishni o'zining eng murakkab, ammo eng esda qolarli tog' sayohati deb atadi. Mazkur tog' Khumbu hududida, Everest tog' massiviga yaqin joylashgan bo'lib, muzliklar orasidagi «orol» silueti tufayli Island-Pik deb nomlangan.
Tog'ning balandligi 6,1 ming metrdan oshadi. Unga birinchi marta 1956 yilda Hans-Rudolf fon Gunten tomonidan chiqilgan.
Island-Pik ko'pincha Himolay tog'larining balandroq cho'qqilariga chiqishdan oldin mashq qilish uchun tanlanadigan tog' hisoblanadi. Bundan avval Aitova Afrikaning eng baland nuqtasi – 5,8 ming metr balandlikdagi Kilimanjaro tog'ini ham zabt etgan edi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.