
Moskva shahrining Golovinskiy sudi "Jem" nashriyoti bosh direktori Andrey Cherkasovni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Cherkasov alohida yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanmoqda. Uning o‘zi esa aybini tan olmasdan, sud qarorini qayta ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda.
Prodyuser Maksim Fadeev hibsga olish holatiga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida munosabat bildirdi. U mualliflik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘p yillar davomida adolatga erishishga harakat qilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1990-yillarning oxirida kimdir hujjatlardagi imzolarini soxtalashtirgan va shu sababli Linda uchun yozilgan musiqalarga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxslarga o‘tib ketgan. Fadeevning ta’kidlashicha, u 30 yil davomida mualliflik haqini olmagan va endi Cherkasov hamda bu ishga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni sudga bermoqchi.
U o‘z huquqlarini qaytarish va bu masalani to‘liq o‘rganish uchun tergov o‘tkazilishiga umid qilishini qo‘shimcha qildi. "Soxta shartnomalar va mualliflarni aldash asosida qurilgan tizim qulayapti", — deb yozdi prodyuser.
Fadeev, shuningdek, Cherkasov bilan bog‘liq bahsli vaziyatlarni bayon qilgan yagona san’atkor emas. 2024 yilning dekabr oyida Sergey Jukov Oliy sud va Tergov qo‘mitasiga murojaat qilib, Cherkasov "Ruki vverx!" qo‘shiqlariga bo‘lgan huquqlarni 2006 yilda tuzilgan, sobiq prodyuser Andrey Malikov imzolagan hujjat asosida talab qilganini ma’lum qilgan edi.
Jukovning so‘zlariga ko‘ra, Malikov o‘sha vaqtda yetti yildan beri guruh bilan ishlamayotgan edi. Ushbu voqea "Jem" nashriyoti bilan bog‘liq eng mashhur mojarolardan biri hisoblanadi.
Fadeev va Jukovning bayonotlariga nisbatan Cherkasov tomonining rasmiy izohlari hozircha mavjud emas. Sud qaroriga ko‘ra, u 2026-yilning 27 yanvariga qadar tergov izolyatorida qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.